YeI Kiyev bilan xavfsizlik kafolatlari kelishuvi imzolanadigan sanani e’lon qildi

Jahon 13:08 / 22.06.2024 2686

21 iyun, juma kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysi yaqin kunlarda Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasida xavfsizlik shartnomasi imzolanishini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, tomonlar kelishuv matni bo‘yicha allaqachon kelishib olishgan — bu bir necha oy davom etgan. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, hujjat 26 iyun kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan imzolanishi kutilmoqda. Bitim nafaqat Kiyevga harbiy, balki moliyaviy yordam, Yevropa integratsiyasi va hamkorlikning boshqa sohalariga ham tegishli.

Ayni paytda, shuningdek, 24 iyun kuni Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi tajovuzkorligi uchun Rossiyaga qarshi 14-sanksiya paketini rasman tasdiqlashi kutilmoqda. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari uni Lyuksemburgdagi Tashqi ishlar kengashida ko‘rib chiqadi. Ular, shuningdek, ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kuleba bilan video-aloqa orqali muloqot qilishadi. «Ukrainani qurol bilan ta’minlash bizning ustuvor vazifamizdir», dedi yuqori martabali amaldor. Bu mavzu Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashida birinchi navbatda kun tartibida bo‘ladi.

Kun tartibidagi yana bir masala Gurjistondagi vaziyat bo‘ladi. «Muhokama mohiyati shundan iboratki, Gurjiston Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni xohladi, biroq u nomzod davlat sifatida qonunchiligimiz va qadriyatlarimizga zid bo‘lgan qonunni ma’qullaganini ko‘rdik», - dedi rasmiy. Gap mamlakatda qabul qilingan xorijiy ta’sir to‘g‘risidagi qonun haqida bormoqda. Kengashda bu borada hech qanday qaror kutilmayapti, ammo bu mavzu muhokamasi 27 va 28 iyun kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida davom etadi. 

Ko‘proq yangiliklar: