Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi (XQXQ) 22 iyun, shanba kuni ma’lum qilishicha, uning G‘azo sektoridagi idorasi yaqin atrof o‘qqa tutilgani oqibatida zarar ko‘rgan. «Juma kuni tushdan keyin yirik kalibrli snaryadlar Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining idorasi va turar joy binolaridan bir necha metr masofaga tushdi. Hujum natijasida XQXQ ofis binosi zarar ko‘rdi, uning atrofida chodirlarda yashovchi yuzlab ko‘chirilgan tinch aholi vakillari yashaydi», deyiladi bayonotda. XQXQ ma’lumotlariga ko‘ra, otishmadan so‘ng tashkilotning yaqin atrofdagi dala kasalxonasida 22 kishi halok bo‘lgan va 45 kishi yaralangan, boshqa qurbonlar haqida ham xabarlar bor.
Hisobotda aytilishicha, XQXQ obektlari yaqinida xavfli darajada o‘qqa tutish ham tinch aholiga, ham gumanitar xodimlarga bevosita tahdid soladi. Nizolashayotgan tomonlar XQXQ markazlarining koordinatalarini bilishadi. Bundan tashqari, ular Qizil Xoch emblemasi bilan aniq belgilangan.
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil G‘azo sektori janubida Rafah g‘arbidagi al-Mavasiy ko‘chirilganlar uchun chodir lagerini o‘qqa tutdi. 8 iyun kuni bu yerda XQXQ xodimlari rahbarligida mahalliy aholiga yordam berish uchun dala kasalxonasi tashkil etildi. Hujum oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘lgani va 50 kishi yaralangani aytilmoqda.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 37,4 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.