AQSh Ukrainaga UQKga berilgan Amerika qurollaridan Rossiyaga chegaradan 100 kmgacha bo‘lgan masofada zarba berish uchun foydalanishga ruxsat berdi. Bu haqda 21 iyun, juma kuni The Washington Post (WP) gazetasi Ukraina rasmiylariga tayanib xabar berdi. Shu tariqa, suhbatdoshlarning aytishicha, ruxsatnoma Rossiyadagi asosiy aerodromlarga taalluqli emas.
Nashr Ukraina Mudofaa vazirligining ismi oshkor etilmagan vakili so‘zlaridan iqtibos keltiradi, u Ukraina qurolli kuchlari Rossiyadagi harbiy obektlarga AQSh qurollari bilan zarba berishga ruxsat olgani, bu «vaziyatni aniq o‘zgartirishi», ammo «masofa ham, qurol toifasi ham yetarli emas»ligini aytib o‘tdi. WP bilan suhbatlashgan amerikalik rasmiylar bunday cheklov mavjudligini rad etishmoqda. Biroq ular Ukraina harbiylariga AQSh qurollari bilan zarba yo‘llashda ruxsat berilgan masofaga aniqlik kiritmagan.
«Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududini egallab olishga urinayotgan har qanday joyda AQSh tomonidan taqdim etilgan qurollarni qo‘llashga rozilik berdi», deb tushuntirdi Pentagon vakili mayor Charli Dits. Uning qo‘shimcha qilishicha, Kiyevga Rossiya samolyotlari «Ukraina havo hududidagi nishonlarga o‘t ochishni rejalashtirgan bo‘lsa», AQSh tomonidan taqdim etilgan havo mudofaa tizimlaridan foydalanishga ruxsat berilgan.
Ukraina harbiylari harakat qilishda erkin emas
O‘z navbatida, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan «bu geografiya masalasi emas, balki sog‘lom fikr» ekani, Ukrainaga «chetdan hujum qiladigan kuchlarga javob qaytarishga» ruxsat berilganini aytdi. Biroq, Ukraina harbiylari «Pentagon va Oq uy bayonotlarida ko‘rsatilgan harakatlar erkinligiga» ega ekanligiga shubha qilmoqda, deb yozadi WP.
Rossiya armiyasining Ukrainaning Xarkiv viloyatiga hujumi fonida AQSh, Germaniya va boshqa bir qator davlatlar Kiyevga Rossiya Federatsiyasi hududidagi hujumlar uchun o‘ziga yetkazib berilgan qurollardan foydalanishga ruxsat berdi. Oq uyning ta’kidlashicha, Vashington Rossiya hududiga uzoq masofali ATACMS raketalarini qo‘llashni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirmagan. Germaniya kansleri Olaf Shols aytishicha, qurollar yirik shaharlarni himoya qilish uchun mo‘ljallangan va ulardan xalqaro qonunlarga muvofiq foydalaniladi, shuning uchun bu qadam keskinlashuvga olib kelmasligi kerak.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin uzoq masofali qurollar Rossiyaga chuqur zarbalar berish uchun Ukrainaga uzatilsa, Moskva assimetrik javob berishi mumkinligidan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva boshqa narsalar qatorida «Rossiyaga qarshi shunday qilayotgan mamlakatlarning nozik nishonlariga hujumlar uyushtiriladigan dunyo mintaqalariga» qurol yetkazib berishni boshlashi mumkin. Ukrainaning Rossiya hududiga bergan zarbalari «agressiyaga yaqin», dedi Putin.