Turkiya janubi-sharqidagi qishloq xo‘jaligi dalalarida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘ldi, 70 dan ortiq kishi jarohatlandi, deya xabar berdi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja 21 iyun, juma kuni.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 10 nafar jabrlanuvchining ahvoli og‘ir. Ular mahalliy shifoxonalarda davolanmoqda, dedi Koja.
Kecha kechqurun Diyorbakir viloyatidagi dehqonchilik maqsadlariga mo‘ljallangan hududda boshlangan yong‘in kuchli shamol tufayli qo‘shni Mardin viloyatiga ham yoyilgan. Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikayning kechasi xabar berishicha, o‘t o‘chiruvchilar yong‘in tarqalishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lishgan, ammo o‘chirish ishlari davom etmoqda. Yong‘in sabablari noma’lum.