Harbiy yordamdan strategik sheriklikkacha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyada bo‘ldi. 24 yillik tanaffusdan keyingi mehmonni Pxenyan aeroportida shaxsan Kim Chen Inning o‘zi kutib oldi. Bu tashrifning motivlari qanday? Ikki tomon bir-biridan nima xohlaydi va global hamjamiyat uchun bu nega muhim? “Geosiyosat” mavzuning eng muhim nuqtalarini siyosatshunoslar Oybek Sirojov va Hikmatilla Kazakbayev bilan tahlil qiladi.
— Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga qanday maqsadlar bilan bordi? Shimoliy Koreya Rossiyadan nima xohlaydi?
Oybek Sirojov: — Ikkita rakursda yondashish kerak bunga: Rossiya manfaatlari va KXDR manfaatlari. Rossiya manfaatlariga to‘xtalsak, Ukraina urushida eskalatsiya kuchayib boryapti, shu kuchayishda yangi kuchlar to‘plab, ittifoqchilar izlash, qurol-yarog‘ yig‘ish masalasi dolzarblashib boryapti, Putinning KXDRga tashrifini ham shu nuqtai nazardan baholash mumkin.
3 ta narsani ta’kidlash kerak. Birinchisi, qurol-yarog‘ olish, o‘tgan yili sentabrda KXDR rahbarining Moskvaga tashrifida ham bir qancha shartnomalar imzolangan, noyabr oyida esa AQSh tomonidan KXDR Rossiyaga snaryadlar jo‘natgani haqida xabarlar chiqqandi. Bugun ham katta ehtimol bilan raketalar va snaryadlar berish masalasi bo‘lgani haqida aytilyapti. Shimoliy Koreyadagi snaryadlar sovet standartlariga mos kelgani sabab Rossiyadagi artilleriya uchun mos. O‘sha vaqtda 1 mln dona snaryad berilgan deyilgandi, bugun esa 3-5 mln atrofida bo‘lgani aytilyapti.
Ikkinchisi, strategik sheriklik shartnomasi imzolangani. Putin alohida ta’kidladiki, qaysidir tomonga nisbatan agressiya bo‘lgan holatda ikki davlat bir-biriga har tomonlama yordam beradi. Bugun Rossiya shu agressiyaga uchrashi xavfi bor. Fransiyaning, boshqa Yevropa davlatlarining qo‘shin yuborish masalasiga o‘ziga xos javob bo‘ldi Rossiya tomonidan. KXDRning 0,9-1 mln doimiy, 4 mlndan ortiq zaxira harbiylari bor, ayollar ham harbiy xizmatga chaqiriladi.
Uchinchisi, G‘arbga signal bu. Eskalatsiya kuchaygan sari ittifoqchilarni topish orqali G‘arbga nisbatan yangi tahdidlarni shakllantirish.
Hikmatilla Kazakbayev: — Rossiyadagi siyosiy holat uning urush holatiga o‘tganini bildiradi, ya’ni mudofaa vaziri iqtisodchi shaxs bo‘ldi. Harbiy sanoat korxonalari xam 3 smenada ishlayapti,bu urush holatida bo‘ladi. Erondan qurol-yarog‘ olindi, endi buni kengaytirish kerak, chunki butun boshli G‘arb qurol-yarog‘iga tenglashadigan emas Rossiyaniki. To‘g‘ri, Rossiya qurollari Ukrainaga yetkaziladigan qurollardan ko‘p, lekin G‘arbniki kabi sifatli emas. Shu sabab ham Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlar kerak Rossiyaga.
Statistikaga ko‘ra, 2023 yilda KXDR va Rossiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 9 barobarga oshgan va 2 mlrd dollarga yetgan, bu yil esa 3,5-4 mlrdga yetishi mumkin. G‘arb tomondan taqdim etilgan ma’lumotlarda 16 mingta vagon Rossiyaga kirib kelgan KXDRdan, katta raqam bu, harbiy sanoat mahsulotlari kelgan katta ehtimol bilan.
KXDR moddiy manfaat ko‘radi. Ikkinchi tomondan esa Rossiya unga xalqaro maydonda qaysidir ma’noda yordam beradi. Tashrif davomida KXDRga BMT tomonidan qo‘yilgan sanksiyalar masalasi ko‘tarildi, 2010 yilda bunga Rossiya ham qo‘shilgandi Medvedev tomonidan. Shu sanksiyalarni olib tashlash masalasi ham ko‘rildi. Bu ikki davlat uchun ham foydali bo‘ldi harbiy, iqtisodiy, ma’naviy qo‘llash jihatlardan. Kutib olish jarayoniga qarasak, katta tayyorgarlik ko‘rilgan.
2024 yil yanvar-iyun oylarida kamida vazir o‘rinbosarlari darajasida 18 marta tashrif amalga oshirgan o‘zaro. SSSR paytida ham bunaqa ko‘rsatkich bo‘lmagan. Shundan ham ko‘rish mumkinki, harbiy, siyosiy nuqtai nazardan ikki davlat bir-biriga juda kerak ayni paytda.
Oybek Sirojov: — Albatta, KXDR ham manfaatdor. Kutib olish jarayoni bunday dabdabali bo‘lishi ham ichki va tashqi auditoriyaga biz quvg‘in davlat emasmiz, yakkalanib qolmaganmiz, bizning ham ittifoqchilarimiz bor, degan signal berdi.
— Putin tashrifidan oldin ham yaqin orada KXDRga qaysidir prezident borganmi?
Oybek Sirojov: — Hali yaqin orada davlat rahbari darajasidagi tashriflar bo‘lmagan. KXDRning yaqin ittifoqchilari ham barmoq bilan sanarli.
Aytilganidek, iqtisodiy manfaat omili ham bor bu tashrifda. Shimoliy Koreya harbiy doktrinasiga ko‘ra, doimiy urushga tayyorlanadi. 180 dan ortiq harbiy sanoat zavodlari bor, shularning 17 tasida snaryad va raketalar ishlab chiqiladi. Yillar davomida yig‘ilgan qurol-yarog‘ning xaridori paydo bo‘ldi — Rossiya. Joriy yilning dastlabki 5 oyida savdo aylanmasi 58 foizga oshgan. Bu aylanmaning aksar qismi harbiy texnikalarni tashkil qiladi.
Yana bir jihat, KXDRning kosmos orqali, sun’iy yo‘ldoshlar bilan nazorat qilish imkoniyati ancha cheklangan. Bugungi urushlarda bu narsa kerak. O‘tgan yili KXDR 21 noyabrda o‘zining ilk sputnik ayg‘oqchisi kosmosga ko‘tarilganini aytdi, buni Janubiy Koreya ham tasdiqladi. Sentyabr oyida Kim Chen In Moskvaga borganda kosmonavtika bo‘yicha ham hamkorlik bo‘lishi aytilgandi. Shimolning bu hamkorlikkacha bo‘lgan urinishlari besamar ketgandi. Bugun ham bu bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish mumkin. Xususan, uzoq masofali ballistik raketalarni yanada takomillashtirish KXDR manfaatlariga to‘g‘ri keladi.
— Strategik sheriklar ikki davlatga tashqi aralashuvlar vaqtida qanday ko‘mak beroladi?
Oybek Sirojov: — Bu bo‘yicha aniq tafsilotlar ma’lum qilinmadi, lekin yuqorida aytilgandek, Putin bu haqida gapirdi G‘arbga javob signal berib.
Yana bir masala bor bu yerda. Ya’ni urush cho‘zilishi kutilyapti va ikki tomon xam uzoq urushga tayyorlanyapti, bu tashrifdan ham maqsad uzoq urushga tayyorlanish. G‘arb Ukrainaga qurollar berdi, lekin shu qurollarni ishlatadigan mutaxassis harbiylar yetishmayapti. Shu fonda turli bayonotlar bo‘lyapti zarur paytda qo‘shin kiritish kabi. Bizga xam shunday qo‘shin kiritadigan ittifoqchimiz bor degan o‘ziga xos chaqiriq bo‘ldi bu.
SSSR tarqagach, Rossiya KXDR bilan masofa saqlab, sobiq ittifoq kabi yaqinlashish tarafdori emasdi. Sanksiyalarga ham qo‘shilgandi KXDRga nisbatan. Endi esa vaziyat yaqinlashishni talab qilyapti. Qanchalik eskalatsiya kuchaysa, Rossiyaning KXDRga ehtiyoji shuncha ortadi. Yana bir qulay tomoni bor, ikki tomonda ham o‘ziga xos yopiq jamiyat bo‘lgani uchun ko‘p qarorlar G‘arbdagi kabi muhokama qilinmaydi. Deylik, G‘arb davlatlari 50 ming qo‘shin jo‘natamiz desa biror joyga, buni oylab muhokama qilib, tasdiqlanishi kerak, lekin bularda unday muammo yo‘q.
Bundan tashqari, KXDRda juda arzon ishchi kuchi bor, 26 mlnga yaqin aholisi bor, YaIM jon boshiga ulushi 670-680 dollarni tashkil qiladi, juda past ko‘rsatkich bor, shunga yarasha ishchi kuchi ham arzon. Lekin migratsiya masalasi ko‘tarilmadi, keyinchalik bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston manfaatlari uchun ham migratsiya borasida qandaydir o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Lekin imkoniyatlari chegaralangan, Rossiyada KXDRdan 130 ta talaba o‘qirkan, Markaziy Osiyodan esa 100 mingdan oshiq talaba o‘qiydi Rossiyada.
— Agressiyaga uchragan paytda harbiy yordam ko‘rsatishda Rossiyaga Shimoliy Koreya sanksiyalar ostida bo‘lganda qurollar yoki harbiylar yuborishi o‘zi uchun legitimlik asosiga quriladimi?
Hikmatilla Kazakbayev: — Bu shartnoma bo‘lishi hozirda yoki kelajakda bo‘ladigan harbiy hamkorlikni qonuniylashtirish bo‘ldi. Shartnoma imzolanmasdan oldin bu jarayon boshlangan, KXDRga ham harbiy texnologiyalar tomondan yordam kerak, oldin SSSR va Xitoy edi, ammo sanksiyalar sabab cheklanib qolgandi.
Belorusga ham oldin qonuniylashtirib, keyin yadro raketalari joylashtirildi. Bunda ham xuddi shunday holat, bir-biriga harbiy yordam qonuniylashadi.
— Xitoy tomoni bunga qanday qaraydi? Baribir Shimoliy Koreyaning birinchi raqamli hamkori.
Hikmatilla Kazakbayev: — Iqtisodiy va harbiy nuqtai nazardan Xitoy KXDR uchun birinchi raqamli davlat ekanini tan oladi Rossiya. Markaziy Osiyoda ham Xitoy Rossiyaning harbiy, siyosiy tomondan ustunligini tan olgani kabi. Umuman, Xitoy birinchi o‘rinda Shimoliy Koreya uchun, Rossiya ikkinchi o‘rinda, shu sabab tan oladi Xitoy ustunligini. Baribir Rossiya va Xitoy hukumatlari bu borada ham kelishib ishlaydi.
Oybek Sirojov: — Bugun kollektiv G‘arb Ukrainaning yengilishini qanchalik xohlamasa, Xitoy ham Rossiya yengilishini shunchalik xohlamaydi. Lekin Xitoy to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyani qo‘llay olmaydi ochiqchasiga, chunki sanksiyalar bor, G‘arb bilan Xitoyning savdo hajmi bir necha trillion dollar. Shu sababdan Rossiyani uchinchi davlat oraqli qo‘llashi mumkin.. Masalan, Xitoyning Rossiyaga qo‘shin yuborishini umuman tasavvur qilib bo‘lmaydi, chunki G‘arb bilan aloqalari uziladi bunda, lekin Shimoliy Koreya buni amalga oshirishi mumkin. Umuman, jarayon murakkab, eskalatsiya kuchayib jahon urushiga aylanib ketishi mumkin. Putin ham bir necha bor bunga urg‘u berdi, ammo G‘arb ham uchinchi jahon urushini xohlamaydi. Vaziyat boshi berk ko‘chada. Kimdir yon berishi mumkin, lekin ikki tomon xam imkoniyatlar izlab, bir-biriga ko‘z-ko‘z qilyapti.
Hikmatilla Kazakbayev: — G‘arbning Ukrainaga yordami ba’zi qizil chiziqlarni kesib o‘tdi. Rossiyalik siyosatshunoslardan biri agar G‘arbning Ukrainaga yordami chegaralan oshib ketsa, biz Suriyadan turib Britaniyaning Kiprdagi harbiy bazalarini qonuniy nishonga aylantirishimiz mumkin, dedi. Rossiyaning Kubaga harbiy kemalari borishi ham Rossiyaning bir javobi.
Bugun G‘arbga qarshi Rossiyaning o‘zi emas, global janub tushunchasi ham paydo bo‘lgan, ularning ham G‘arbga qarama-qarshiligi bor.
— "Blinken AQSh Shimoliy Koreya va Eron Rossiyaga qurol yetkazib berishni to‘xtatishi uchun hamma narsani qiladi" deganda nimani nazarda tutdi?
Oybek Sirojov: — Bu gapning qayerda aytilgani ham muhim, NATO brifingida aytdi. Putinning KXDRga borishi va strategik sheriklik shartnomasi imzolashi katta bir chaqiriq. Tashrif e’lon qilingan kundan boshlab G‘arb buni kuzatib borishini aytgandi.
Hamma narsa qiladi deganda go‘yoki shaxmat doskasida yurishlar bo‘lyapti hozir, birinchi G‘arb surdi dona, endi Rossiya, G‘arbning keyingi javobi qanday bo‘ladi, degan masala bor. Rossiya hududlariga zarba berishda cheklovlar bor Ukrainada, uni olib tashlashi mumkin. Shu kabi imkoniyatlar bor ikki tomonda. Umuman, eskalatsiya kuchayib boraveradi.
— G‘arb, jumladan AQSh KXDRga nisbatan qanday amaliy chora ko‘rishi mumkin?
Oybek Sirojov: — Shimoliy Koreyaning yutug‘i yadro quroliga ega ekani, vaqti-vaqti bilan taktik sinovdan o‘tkazib turishi. Shu sabab faqat iqtisodiy sanksiyalar bilan javob beryapti. Masalan, Iroqda ham yadro quroli bo‘lganda AQSh bu ishlarni amalga oshirolmasdi.
G‘arb KXDRning tashqaridagi muxolifatlarini qo‘llashi mumkin. Hamma ishlar qilinadi dedi aynan Blinken, bu degani shu paytgacha qilinmagan, chegara sifatida ko‘rilgan ishlar ham amalga oshiriladi.
— Vetnamning Rossiyaga yaqinlashishi Vetnam urushi davridan AQShga nisbatan qolgan alamdan deyish mumkinmi yoki oldindan Rossiya bilan aloqalari yaxshimidi?
Hikmatilla Kazakbayev: — Vetnam Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi eng nozik masala hisoblanadi. Rossiya va Xitoy xalqaro munosabatlarda ko‘p jihatdan yakdil bo‘lsa ham, Vetnam va Hindiston masalasida to‘qnashadi. Vetnamning asosiy muammosi Xitoy, xalqi ham birinchi raqamli dushman sifatida Xitoyni ko‘radi, bu hududiy muammolar bilan bog‘liq. Rossiyalik ko‘pchilik hududiy masalada Vetnamni qo‘llaydi, Rossiya Fanlar akademiyasi o‘tkazgan bir konferensiyada ham bunga guvoh bo‘lgandim o‘zim.
1979 yilda Xitoy va Vetnam o‘rtasidagi urush SSSR tomonidan to‘xtatilgan, o‘shanda SSSR Vetnam tarafini olgan va Xitoyga nota yuborib, zudlik bilan qo‘shinlarini olib chiqishni aytgan. Vetnam va Rossiya o‘rtasidagi shartnoma imzolanishi Rossiya va Xitoy munosabatlariga ham ta’sir qiladi.
Oybek Sirojov: — Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanishida Xitoy muhim o‘rin tutadigan bo‘lsa, balki Vetnam va Xitoy munosabatlarida Rossiya shunaqa o‘rin tutishi mumkin va muammolar hal etilishi uchun o‘ziga xos platforma bo‘ladi.
Keyingi vaqtda Rossiya siyosiy elitasida biz Xitoyga bog‘lanib qolyapmiz, degan xavotirlar ko‘p. Shu nuqtai nazardan bu yerda muvozanatni ta’minlash vazifasi ham bor. Xitoy bilan muqobil bo‘lgan davlatlar bilan yaqinlashuv shu muvozanatni ta’minlaydi. Shu jihatdan Rossiya manfaatdor.
Vetnamning xam manfaatlari bor. Bu davlat iqtisodiy, ijtimoiy, ta’lim tomonlardan rivojlanib boryapti. Bunday rivojlanayotgan davlatda xomashyo va katta resurslarga, ayniqsa Rossiya kabi arzon resurslarga ehtiyoj katta bo‘ladi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.