Bo‘rijarga cho‘kib ketgan talaba o‘zbekcha Vikipediya admini ekani ma’lum qilindi

Jamiyat 16:44 / 22.06.2024 9746

Avvalroq, 2024 yil 19 iyun kuni Toshkent shahridagi Bo‘rijar kanaliga cho‘milishga borgan Jahon tillari universiteti 3-bosqich talabasi cho‘kib, halok bo‘lgani haqida xabar bergandik.

Ma’lum bo‘lishicha, Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan 20 yoshli talaba Muhammadali Ikramov o‘zbekcha Vikipediyaning faol adminlaridan biri bo‘lgan. Bu haqda o‘zbekcha Vikipediyaga ma’lumot joylangan.

Unda yozilishicha, Muhammadali Ikramov 2022 yil 13 may kuni inglizcha Vikipediyada ro‘yxatdan o‘tgan va qisqa vaqt ichida unga ma’lumot joylashni o‘rgangan.

So‘ng o‘zbekcha Vikipediyaga ma’lumotlar kiritib, sifatli kontentlar yarata boshlagan. U Vikistipendiya marafonining birinchi mavsumida kuchli o‘nlikka kirgan.

“GIF qisqartmasi talaffuzi“ mavzusida yaxshi maqola yaratgani uchun Yoshlar ishlari agentligi tomonidan maxsus diplom va 10 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlangan.

Vikipediya qonun-qoidalarini yaxshi o‘zlashtirgani, sifatli kontent yaratgani uchun Ikramov o‘zbekcha Vikipediya foydalanuvchilari bergan ovozlar asosida 2023 yil 25 iyun kuni o‘zbekcha Vikipediya administratori huquqini olgan.

U 2 yilda o‘zbekcha Vikipediyada qariyb 600 ta maqola va 5 mingdan ziyod sahifa yaratgan, minglab maqolani tahrir qilgan. Vikima’lumotlarda esa 3 mingga yaqin tahrir qilgan. Umumiy hisobda, Vikimedia jamg‘armasi loyihalarida 26 mingdan oshiq tahrirni amalga oshirgan.

“O‘zbek tilida so‘zlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi nomidan Muhammadalining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz. O‘zbek tili jonkuyari o‘laroq Vikipediyaga qo‘shgan salmoqli hissasi loyihada abadiy saqlanadi”, deyiladi u haqdagi ma’lumotda.

Ko‘proq yangiliklar: