O‘zbekistonda 2023 yildan milliy kliring markazi ish boshlagan edi. Prezidentining 291-son qaroriga asosan, kliring markazining vazifa va funksiyalari ham belgilandi. Qariyb bir yildan beri faoliyat yuritayotgan kliring markazi tijorat banklariga valuta operatsiyalarini osonlashtirish va ularning valuta risklarini kamaytirishda ko‘maklashmoqda.
Xo‘sh, bu institut qanday ishlaydi? Valuta birjasi Hisob-kliring palatasi boshlig‘i Saida Yoqubova Kun.uz'ga bergan intervyusida bu haqda batafsil ma’lumot berdi.
Birja haqida qisqacha
— Avvalo, birja infratuzilmasi haqida to‘xtalsam. Birja bu oldindan belgilangan joy va muayyan vaqtda, belgilangan qoidalar asosida birja savdolarini tashkil etuvchi tashkilotdir. Ya’ni turli aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, valutalar, derivativlar va boshqa instrumentlar bo‘yicha oldi-sotdi operatsiyalarini tashkillashtirish, barcha savdo qatnashchilariga teng va shaffof sharoitlar yaratish, qulay savdo tizimini taqdim etish hamda tuzilgan birja bitimlari bajarilishini ta’minlash uning asosiy funksiyalari hisoblanadi.
Xususan, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillardan buyon respublika valuta birjasida turli xorijiy valutalar (AQSh dollari, yevro, xitoy yuani va Rossiya rubli), valutaviy svop operatsiyalari, davlat qimmatli qog‘ozlari hamda derivativlar bo‘yicha birja savdolari tashkil etib kelinadi.
Bundan tashqari, bizning birjada banklararo pul bozori, Markaziy bankning depozit va kredit autsionlari tashkil etilgan hamda REPO operatsiyalari ham amalga oshiriladi.
“Kliring qilish orqali banklarning tranzaksiyalarini kamaytiramiz, ishini osonlashtiramiz”
— “Milliy kliring markazi” AJ markazlashgan kliringni amalga oshirib, Markaziy kontragent funksiyasini bajaradi hamda hisob-kitob banki sifatida faoliyat yuritadi.
Har bitta funksiyani oddiy tilda tushuntirib berishga harakat qilaman.
Kliringni amalga oshirish funksiyasi
Kliring (clearing – ingliz tilidan “tozalash”) amalga oshirish deyilganda tuzilgan bitimlar bo‘yicha kliring qatnashchilarining o‘zaro talab-majburiyatlarini aniqlash hamda hisobga olish tushuniladi.
Valuta birjasi savdolarida tuzilgan bitimlarga oid ma’lumotlar hisob-kliring tizimiga kelib tushadi. Kliring qilish orqali kliring qatnashchilarining o‘zaro majburiyatlari belgilanadi, aniqlashtiriladi hamda hisobga olinadi.
Keling, oddiyroq qilib, birjada tuzilgan 2 ta bitim misolida tushuntirib o‘taman. Deylik, Siz 100 000 AQSh dollarini 12 000 so‘mdan sotdingiz va 100 000 yevroni 13 000 so‘mdan xarid qildingiz.
Demak, birinchi bitim bo‘yicha sizda AQSh dollarini sotganingiz uchun majburiyatingiz (siz bizga o‘tkazib berishingiz kerak bo‘lgan pul mablag‘lari) 100 ming AQSh dollarini, talabingiz (biz sizga o‘tkazib berishimiz kerak bo‘lgan pul mablag‘lari) esa 1 mlrd 200 mln so‘mni tashkil etadi.
Ikkinchi bitim bo‘yicha sizda yevro xarid qilganingiz uchun majburiyatingiz 1 mlrd 300 mln so‘mni, talabingiz esa 100 000 yevroni tashkil qiladi. Kliring (netting usulida) qilishimiz, ya’ni jami talab va majburiyatlarni hisoblab chiqib, o‘zaro hisobga olishimiz natijasida sizning ikkita bitim bo‘yicha majburiyatingiz 100 mln so‘mni (birinchi bitim bo‘yicha talab (1 mlrd 200 mln so‘m) va ikkinchi bitim bo‘yicha majburiyat (1 mlrd 300 mln so‘m, o‘rtasidagi farq), 100 000 AQSh dollarini hamda talabingiz 100 000 yevroni tashkil qiladi.
Agar siz Markaziy kontragent (milliy kliring markazi) bilan emas, bank bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zaro bitim tuzsangiz, hisob-kitoblar har bir bitim bo‘yicha alohida amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 100 ming AQSh dollarini unga o‘tkazib berasiz, o‘z navbatida u bank sizga 1 mlrd 200 mln so‘m o‘tkazib beradi, ikkinchi tuzgan bitimingiz bo‘yicha siz bankka 1 mlrd 300 mln so‘m o‘tkazib berasiz va bank sizga 100 000 yevroni o‘tkazib beradi.
Bugungi kunda kliring sessiyalari har bir bozorda turli vaqtlarda o‘tkaziladi, biz har bir aktivga nisbatan majburiyatlar va talablarni hisoblab chiqamiz, ularni aniqlashtiramiz va ular bo‘yicha tegishli hisobotlarni taqdim qilamiz. Hisobotlarda valuta birjasi hamda savdo qatnashchilarining talab va majburiyatlari ko‘rsatilgan bo‘ladi. Ushbu jarayonlar “kliring” deb nomlanadi.
Hisobotda ko‘rsatilgan pul mablag‘larini tegishli banklar tomonidan bizning hisobraqamimizga o‘tkazib berilishi va bizning majburiyatlar bo‘yicha mablag‘larni banklarga o‘tkazib berishimiz jarayoni “hisob-kitoblar” deb nomlanadi.
Bu nimaga kerak? Masalan, siz tijorat bankisiz va boshqa tijorat banklari bilan valuta oldi-sotdi qilsangiz, pul mablag‘larini har bir bitim bo‘yicha bank hisobvaraqlariga o‘tkazishingiz lozim bo‘ladi. Kliring natijasida esa, bir nechta operatsiyalar bo‘yicha bir marta pul mablag‘larini o‘tkazib berish imkoniyati yaratiladi. Natijada, pul mablag‘larini o‘tkazishga ketgan vaqt va xarajatlar tejaladi. Bu orqali biz banklarining ishini osonlashtiramiz.
Markaziy kontragent funksiyasi: banklar risklarini kamaytirish
Rivojlangan bozorlar uchun markaziy kontragent mavjudligi standart holat hisoblanadi, bizda esa bugungi kunda uning faoliyati valutaviy spot va derivativlar bozorida joriy qilingan.
Markaziy kontragent moliya bozorida tuzilgan har bir bitimlar bo‘yicha xaridor uchun sotuvchi va sotuvchi uchun xaridor vazifasini bajaradi. Uning asosiy maqsadi – bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik xavfi, ya’ni kredit riskini kamaytirish, yuzaga keladigan defolt holatlarini boshqarish orqali tuzilgan bitimlar bajarilishini kafolatlash hamda netting orqali savdo qatnashchilarining tranzaksion xarajatlarini kamaytirishdan iborat.
Markaziy kontragent funksiyasini bajaradigan tashkilot risklarni boshqarishni o‘z zimmasiga olgani sababli mazkur tashkilot o‘z mablag‘lari hisobiga zaxira fondini, kliring qatnashchilari hisobidan kafolat fondini shakllantirishi kerak bo‘ladi.
Risklarni boshqarishning birinchi elementi bu – marjinal ta’minotdir. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, biror bir aktivni sotish yoki xarid qilish bo‘yicha buyurtma berish uchun buyurtma hajmining taxminan 3-10 foiz miqdorida ta’minot kiritish kerak bo‘ladi. Mazkur ta’minot aktivning bozor qiymati oshishi xavfidan himoya qiladi. Agar aktivning bozor qiymati 10 foizdan ham oshib ketish holatlari kuzatilsa, markaziy kontragent kafolat fondlaridan foydalanish orqali defoltni boshqaradi. Kafolat fondi mablag‘lari yetmagan hollarda zarar zaxira fondi mablag‘lari hisobiga qoplanadi. Shuningdek, markaziy kontragent defoltga yo‘l qo‘ygan savdo ishtirokchilari nomidan bir kunlik valutaviy svop va REPO bitimlarini tuzish orqali defoltni boshqarishi mumkin.
Misol uchun, “A” va “B” banki o‘zaro markaziy kontragensiz bitim tuzdi. Bitim tuzishdan avval “A” banki “B” bankining to‘lov qobiliyatini tekshirishi, mazkur bankka limit o‘rnatishi, bir so‘z bilan aytganda bir-birining faoliyatini doimiy o‘rganib borishi kerak bo‘ladi. Shuningek, bitim tuzadigan tomonlarda doimo bitim bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmaslik xavfi va xavotiri mavjud bo‘ladi. Majburiyatlar bajarilmasdan qolgan taqdirda tomonlar o‘zlari kutgan foydani olish ehtimoli yo‘qoladi. Bunday holatlar ko‘paygan taqdirda banklarning bir-biriga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi.
Agar ushbu jarayonda markaziy kontragent ishtirok etadigan bo‘lsa, unda “A” va “B” bank bir-biri bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bitim tuzmaydi, ya’ni bitim markaziy kontragent orqali tuziladi. Bunda, siz biror bir aktiv xarid qilsangiz, markaziy kontragentdan xarid qilasiz, biror bir aktiv sotsangiz markaziy kontragentga sotgan bo‘lasiz.
Markaziy kontragent birja bitimlarining bajarilishini kafolatlagani sababli tomonlar pul mablag‘lari yetkazib berilishi to‘g‘risidagi tashvishlardan xoli bo‘ladi.
Masalan, men markaziy kontragentman. Men bilan bitim tuzib, pul mablag‘ingizni menga o‘tkazib berganingizda, ikkinchi tomon esa pul mablag‘larini o‘tkazib bermagan taqdirda ham, men qoidalarda belgilangan tartibda defolt holatlarini boshqarish tartiboti orqali sizga kerakli aktivlarning yetkazilishini ta’minlab beraman.
Bundan tashqari, ikkinchi tomon majburiyatlarini bajaradimi-yo‘qmi, siz buni sezmaysiz ham. Sizga aktivlaringizni yetkazib bermay, majburiyatini bajarmagan va defolt holatiga yo‘l qo‘ygan savdo ishtirokchilariga nisbatan tegishli choralarni o‘zim ko‘raman. Misol uchun, birinchi bosqichda unga sanksiyalar qo‘llayman yoki bundan keyingi birja bitimlarida aktivlarni oldindan deponentlagan holda ishtirok etish talabini qo‘yaman.
2022 yil oxiridan hozirgi kunga qadar valutaviy spot bozorida jami 9 ta defolt holati yuzaga kelgan bo‘lib, ularning umumiy hajmi ekvivalentda 28,6 mln AQSh dollarini tashkil etdi, mazkur defolt holatlari bank provayderlar ishtirokida valutaviy svop bitimlarini tuzish orqali bartaraf etilgan.
“Davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida yangi kliring modelini joriy qilmoqchimiz”
— Yuqorida aytib o‘tganimdek, valutaviy spot bozorida markaziy kontragent faoliyatini yo‘lga qo‘yganmiz. Mazkur bozorda savdolar “T+1” hisob-kitob rejimida o‘tkaziladi. Ya’ni tuzilgan bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar keyingi ish kunida amalga oshiriladi. Valuta bozorimizda bitimlar pul mablag‘larini oldindan deponentlamagan holda tuziladi.
Bundan tashqari, bugungi kunda biz DQQ (davlat qimmatli qog‘ozlari) bozorida tuzilgan bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblarni “T+2” rejimida joriy qilish hamda qimmatli qog‘ozlar va pul mablag‘larini oldindan deponentga qo‘yish talablarini bekor qilish orqali yangi kliring modelini joriy qilishni nazarda tutuvchi qoidalar ishlab chiqmoqdamiz. Ushbu qoidalar joriy yilning iyul oyidan boshlab kuchga kirishi ko‘zda tutilgan.
Bu o‘z navbatida, moliya bozorining jozibadorligi, shaffofligi oshishiga, jahon standartlariga muvofiqlashtirish orqali xorijiy investorlarni jalb qilishga hamda ularga yanada qulay sharoitlar yaratilishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Misol uchun, DQQni sotib olish uchun hisobingizda pulingiz bo‘lishi kerak. Ammo investor buyurtma bergandan keyin bitim tuziladimi-yo‘qmi bilmaydi. Xorijiy investorlar “T+” hisob-kitob rejimida bitim tuzilmasidan valutadagi mablag‘larini konvertatsiya qilib, pulini o‘tkazib beradi. Bitim tuzilgan taqdirda hisob-kitoblarni amalga oshirish lozim bo‘ladi. Tuzilgan bitimlar bo‘yicha netting asosida kliring amalga oshiriladi hamda barchasi jamlanib hisobot shakllantiriladi. Hisobotda ko‘rsatilgan pul mablag‘larini esa ikki ish kunidan keyin o‘tkazib berishadi.
Milliy kliring markazi mamlakatimiz moliya bozorida yagona kliring faoliyatini amalga oshirish orqali, moliya tizimining barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Madina Ochilova suhbatlashdi.