Shvetsiya rasmiylari Rossiyani Skandinaviya mamlakati sun’iy yo‘ldoshlari faoliyatiga «aralashuv»da aybladi. Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristerssonning 20 iyun, payshanba kuni Bloomberg agentligiga ma’lum qilishicha, Stokholm NATOga qo‘shilganidan bir necha kun o‘tib kuzatilgan sun’iy yo‘ldosh nosozliklari «jiddiy hamda Rossiyaning Shvetsiya va boshqa davlatlarga qarshi qaratilgan kengroq gibrid harakatlarining bir qismi sifatida ko‘rilishi mumkin».
Kristerssonning so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiya o‘z hamkorlari bilan hozir Moskvaning harakatlariga «javob izlamoqda». Shu bilan birga, deb yozadi Bloomberg, Shvetsiya pochta va telekommunikatsiyalar boshqarmasi BMTdagi Xalqaro elektraloqa ittifoqining Jyenevada joylashgan kengashidan Rossiya aralashuvi masalasini ko‘rib chiqishni so‘radi.
Boltiqbo‘yi mamlakatlari Rossiyani mintaqada GPS’ni o‘chirishda ayblayapti
Aprel oyi oxirida Estoniya, Latviya va Litva tashqi ishlar vazirlari Boltiq dengizi mintaqasida GPS sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimining bostirilishi tufayli aviatsiya halokati xavfi ortishi haqida ogohlantirgan edi. Ularning fikricha, aralashuv ortida Rossiya turgan.
Xabar qilinishicha, GPS nosozliklari fuqarolik samolyotlarining parvozlarini to‘xtatgan. Shu tariqa, 25 va 26 aprel kunlari Finlandiya milliy aviatashuvchisi Finnair’ning Helsinkidan Estoniyaning Tartu shahriga yo‘l olgan ikkita samolyoti Finlandiyaga qaytishga majbur bo‘ldi. Umuman olganda, ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, bir necha oy davomida fuqaro aviatsiyasining o‘n minglab parvozlari nosozliklardan zarar ko‘rgan.