Quyosh paydo qiladigan teri saratonidan qanday himoyalanish mumkin?

Jahon 11:41 / 21.06.2024 2314

Teri saratoni nima?

Teri saratoni teri hujayralarining anormal o‘sishi hisoblanadi va u asosan melanoma bo‘lmagan va melanoma kabi 2 xil shaklda bo‘ladi. Melanoma bo‘lmagani eng ko‘p uchraydigan tur bo‘lib, odatda terining yuqori qatlamida tarqalmay qoladi. Melanoma esa kamroq tarqalgan va shu bilan birga jiddiyroq hamdir. Chunki u butun tana bo‘ylab yoyilishi mumkin. Agar melanoma tanaga tarqalishga ulgurgan bo‘lsa, uni davolash juda qiyin.

Teri saratoni boshqa saratonlar kabi DNKning shikastlanishidan paydo bo‘ladi. Inson tanasida zararlarni aniqlaydigan va ularni tuzatadigan bir nechta himoya mexanizmlari mavjud. Biroq quyoshning haddan tashqari ultrabinafsha nurlanishi genetik materialimizga ko‘proq zarar yetkazishi mumkin va hatto bunga himoya mexanizmlarimiz ham bardosh bera olmaydi. DNK bizning hujayralarimiz qanday harakat qilishini boshqaradi. Unga ko‘p zarar yetganda, hujayralar nazoratsiz ravishda o‘sib boradi, bu esa teri saratoniga olib kelishi mumkin.

UVB va UVA haqida

Teri saratonining aksariyati quyoshdan ultrabinafsha (UV) nurlanish ta’siridan kelib chiqadi. Terimizga UV nurlarining 2 asosiy turi xavf soladi: UVB va UVA. UVB nurlari terining tashqi qatlami (epidermis)ni nishonga oladi va teri quyoshdan kuyadi. UVA nurlari esa ichki qatlam (dermis)ga chuqurroq kirib, ajinlar va erta qarishni keltirib chiqaradi. Uchinchi turdagi UVS ham bor, biroq u ozon qatlami bilan to‘sib qo‘yilgan va Yer yuzasiga yetib kelmaydi.

Quyoshda ko‘p qolib ketish

D vitamini tana uchun juda muhim. Odamlar quyoshda toblanish uchun sayohatga chiqishadi. Biroq quyoshda ko‘p qolib ketish teriga jiddiy shikast yetkazishi haqida hamma ham ma’lumotga ega bo‘lmasligi mumkin. Yani UVA nurlari terining ichki qatlamlariga kirib, melanotsitlar deb ataladigan hujayralarni tebratadigan jigarrang pigment – melanin ishlab chiqarishni qo‘zg‘atadi. Melanin bu – ultrabinafsha nurlarini hujayralarning eng muhim qismlariga yetib borishini to‘sib, terini kuyishdan himoya qilishda tananing usuli. Agar teringizga ko‘proq ultrabinafsha nurlari tushsa, pigment himoya usuli ko‘p ishlaydi va natijada terida qoraygan sarg‘ishlik paydo bo‘ladi.

Nima qilish kerak?

Quyoshdan himoya qiluvchi vositalar ultrabinafsha nurlanishini blokirovka qilish orqali teri himoyasida muhim rol o‘ynaydi. Amerika Dermatologiya akademiyasi UVA va UVB nurlarini qoplaydigan suvga chidamli, keng spektrli quyosh kremidan foydalanishni tavsiya qiladi. Kundalik foydalanish uchun kamida SPF 30 quyosh kremini tanlang, u UVB nurlarining 96,7 foizini filtrlay oladi. Agar siz ochiq havoda mashg‘ulotlar bilan shug‘ullansangiz yoki teri saratoni xavfi yuqori bo‘lsa, SPF 50 quyosh kremi tavsiya etiladi, chunki u teringizni 98 foiz UVB nurlaridan himoya qiladi. Quyoshdan himoya qiluvchi kremni har ikki soatda bir marta qo‘llashni unutmang.

Ko‘p hollarda erkaklar quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalanishmaydi. Biroq teri saratoni jins, irq va yosh tanlamaydi. UV nurlarining zarari hamma uchun bir xil bo‘lib, terini himoya qilish haqida erkaklar ham qayg‘urishi kerak.

Himoyalanish usullari

Teri saratoni jamg‘armasi quyoshdan himoyalanish uchun quyidagilarni tavsiya qiladi.

1. Ertalab soat 10:00 dan 16:00 gacha imkon boricha soyada bo‘ling.

2. Quyoshda kuyishdan saqlaning.

3. Quyoshda toblanishdan saqlaning va hech qachon ultrabinafsha nurlanishni chaqiradigan to‘shaklarni ishlatmang.

4. Kiyimlar bilan yopining. Keng qirrali shlyapa va ultrabinafsha nurlanishidan himoya qiluvchi ko‘zoynaklardan foydalaning.

5. Kundalik SPF 15 yoki undan yuqori bo‘lgan keng spektrli (UVA/UVB) quyosh kremini ishlating. Uzoq vaqt davomida ochiq havoda harakat qilganda esa SPF 30 yoki undan yuqori bo‘lgan suvga chidamli, keng spektrli quyosh kremidan foydalaning. Kremni har ikki soatda suzishda yoki ortiqcha terlash paydo bo‘lganda qayta qo‘llang.

6. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni quyoshdan uzoqroq tuting. Olti oydan oshgan chaqaloqlar uchun quyoshdan himoyalovchi kremlardan foydalaning.

7. Teringizda muammo sezsangiz boshdan-oyoq tekshiruvlardan o‘ting. Professional teri tekshiruvi uchun yiliga kamida bir marta dermatologga murojaat qiling.

9. Cancer Research UK ma’lumotlariga ko‘ra, sizning soyangiz sizdan qisqaroq bo‘lsa, quyoshning ultrabinafsha nurlari kuchliroq ta’sir qiladi. Teri kattalarnikiga qaraganda sezgirroq bo‘lgan chaqaloqlar va bolalarni himoya qilish uchun ehtiyot bo‘ling.

Bonus maslahat: tirnoqlaringizga ishlov berish paytida salonlarda ultrabinafsha nurli tirnoq lampalaridan foydalanganda juda ehtiyot bo‘ling. Bu lampalar UV nurlarini chiqaradi – garchi quyosh kabi kuchli bo‘lmasa-da, vaqt o‘tishi bilan terimizga zarar yetkazish uchun yetarli. Salonga borishdan oldin quyosh kremini qo‘llang yoki teringizni qoplaydigan maxsus qo‘lqop kiying!

Eslatma! Ko‘chaga chiqish va quyosh nurida toblanish saraton kasalligiga chalinishingizni anglatmaydi, ammo uzoq vaqt quyoshda turish xavfga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ba’zi odamlar uchun quyosh yuqori xavfga ega bo‘lsa, boshqalari uchun bu xavfli bo‘lmasligi mumkin.

 

Ko‘proq yangiliklar: