Moldovada YeIga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar to‘g‘risidagi farmon imzolandi

Jahon 15:28 / 21.06.2024 2336

Moldova prezidenti Mayya Sandu mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi farmonni imzoladi. 21 iyun, juma kuni u X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘zining mikroblogida: «Yevropa Ittifoqiga a’zolik tinchlik, farovonlik va barcha fuqarolar uchun yaxshi hayot yo‘limizdir» deb yozdi.

«Moldova Respublikasi Yevrokomissiyaning barcha tavsiyalarini bajardi. Shunday qilib, nomzod davlat maqomini olganidan keyin ikki yil o‘tib, 25 iyun kuni a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarga start beruvchi birinchi Moldova-Yevropa Ittifoqi hukumatlararo konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar ortida davlat muassasalaridagi minglab odamlar turibdi va ularning har biri mamlakatimizni 2030 yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zolikka tayyorlash maqsadiga erishishda hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatmoqda», — dedi Sandu Yevropa integratsiyasi bo‘yicha milliy komissiya majlisi yakunida. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda hukumat tomonidan tasdiqlanadigan umumiy muzokaralar pozitsiyasi tasdiqlangan. Bosh vazirning Yevropa integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Kristina Gerasimova Moldovadan YeI bilan bosh muzokarachi etib tayinlandi. Mayya Sanduning qo‘shimcha qilishicha, kuzda bo‘lib o‘tadigan referendumda Moldova xalqi Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish «mamlakat taraqqiyoti vektori va kelajak avlodlar uchun qoldiradigan meros» ekanligini hal qiladi. 

YeIga nomzod maqomi 

Moldova 2022 yilda Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini oldi. 2023 yil dekabr oyida Yevropa kengashi ushbu mamlakatning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralarni 13 martda boshlashga qaror qildi, Yevropa komissiyasi Yevropa kengashiga Moldova bilan muzokaralar uchun asos sifatida xizmat qiluvchi loyihani ko‘rib chiqish uchun yubordi. 

Iyun oyi boshida Yevrokomissiya Moldova va Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qildi. Bundan tashqari, 5 iyun kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlatidan 11 tasi hozirda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Belgiyaga hukumatlararo yig‘ilishni o‘tkazish maqsadida shu oyda Moldova va Ukrainaning YeIga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar uchun asos yaratishni so‘rab murojaat qildi. Iyun oyi oxirida ikki davlat ishtirokida konferensiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

May oyida Yevropaning ma’muriy va budjet masalalari bo‘yicha komissari Yoxannes Xan Moldova Kishinyov hukumati qonun ustuvorligiga sodiqligini isbotlab, adliya sohasida islohotlar o‘tkazsa, 2030 yilga borib Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: