Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi munosabati bilan kredit tashkilotlari va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni ta’minlashga doir choralar darajasini oshirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonunga asosan kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, valuta birjalari, kredit byurolari tomonidan xavfsizlik va kiberxavfsizlik tahdidlarni aniqlash hamda ularning oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha Markaziy bankka qo‘shimcha vakolatlari belgilanmoqda. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Bank siri to‘g‘risida”gi, “Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga kiberxavfsizlikni ta’minlashga oid me’yorlar kiritilmoqda.
Qonun bilan bank axborot tizimlarida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qonunchilik talablarining buzilganligi holati qo‘pol qoidabuzarliklar qatoriga qo‘shilyapti.
Senatorlarga ko‘ra, qonunning qabul qilinishi kredit va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida hamda elektron hukumat tizimida axborot xavfsizligini kuchaytirishga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.