Italiyada «Oltin to‘p» sovrindori Roberto Badjo uyiga qaroqchilar bostirib kirdi 

Sport 20:44 / 21.06.2024 6679

Italiya milliy jamoasining sobiq futbolchisi, «Oltin to‘p» sovrindori Roberto Badjo uyida oilasi bilan Yevropa chempionati o‘yinini tomosha qilayotganida, besh kishidan iborat qurolli guruh bostirib kirgan. Bu haqda Corriere del Veneto gazetasi yozdi. 

Hujum 20 iyun oqshomida, Italiya — Ispaniya o‘yini vaqtida sodir bo‘lgan. Qaroqchilar uyga kirishi bilan Badjo ulardan birini to‘xtatmoqchi bo‘lgan, biroq jinoyatchi uning boshiga to‘pponcha bilan urgan. Shundan so‘ng Badjo va uning oilasi xonalardan biriga qamab qo‘yilgan. 

Qaroqchilar uydan qimmatbaho soatlar, taqinchoqlar va pullarni olib ketishgan. Badjo hujumchilar uydan chiqib ketganidan so‘ng, eshikni buzib, politsiyani chaqirgan. 

Badjo mahalliy shifoxonaga yotqizilgan va uning peshonasiga bir nechta chok qo‘yilgan. Oilaning qolgan a’zolari jabrlanmagan. Uyda Badjo, uning rafiqasi va uch nafar farzandi bo‘lgan.

Politsiya hodisa yuzasidan tergov boshlagan. 

Roberto Badjo faoliyati davomida ko‘plab klublarda o‘ynagan, jumladan, «Fiorentina», «Yuventus» va «Milan». 1993 yilda u «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi. Badjo ikki karra Italiya chempioni, UYeFA kubogi va Italiya kubogi sohibi. U Italiya milliy jamoasi safida 56 ta o‘yin o‘tkazib, 27 ta gol urgan. Milliy jamoa a’zosi sifatida 1990 yilgi jahon chempionatida bronza, 1994 yilgi jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: