Internetda giyohvandlik vositalarini reklama va namoyish qilganlik uchun javobgarlik belgilanadi

O‘zbekiston 14:24 / 21.06.2024 1336

Senatorlar Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining yoki psixotrop moddalarning, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni muhokama qildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda hamda telekommunikatsiya tarmoqlaridan va internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish orqali giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining va psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasi ortib borayotgani munosabati bilan ushbu huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish talab etilmoqda. Shu bilan birga giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatganlik yoki reklama qilganlik uchun odillik prinsipiga muvofiq jazo choralarini qo‘llash maqsadida mazkur turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan giyohvandlik vositalarini internetdan foydalanish orqali qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilyapti. Shuningdek giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo‘natganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

“Bu qonun faqatgina Ichki ishlar vazirligiga emas, hammaga taalluqli. Afsuski, giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarni targ‘ib qilish hozir juda kengayib ketdi. Internetda yoshlarning qiziqishi – mana shular ham bunga ta’sirini ko‘rsatyapti. Bu targ‘ibot yoshlar o‘rtasida ommalashayotganligi juda achinarli holat deb hisoblaymiz.

Ichki ishlar vazirligi, prokuratura, mahalliy yettiligi, Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi, Oliy ta’lim vazirligi – hamma-hamma birgalikda ishlaydigan bo‘lsagina, natijaga erishishimiz mumkin.

Ushbu qonun bilan tegishli kodekslarga kiritilayotgan normalarning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida targ‘ib qilishimiz kerak. Birinchi navbatda, yoshlar buni yaxshi bilishi kerak”, deya ta’kidlab o‘tdi Senat raisi qonun muhokamasida.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: