O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil HAMASni to‘liq yo‘q qiladi olmaydi, chunki u shunchaki harakat emas, mafkuradir. Bu haqda TsAHAL vakili Daniel Hagari aytib o‘tgan.
Unga ko‘ra, Isroilning HAMASni uzil-kesil yo‘q qilish bo‘yicha harbiy rejasiga erishib bo‘lmaydi.
“HAMASni yo‘q qilishga bo‘lgan urinishlar, HAMASni yo‘q bo‘lishga majburlash — bularning barchasi jamoatchilik ko‘ziga qum sepishdan boshqa narsa emas”, — degan Hagari 13 yangiliklar telekanaliga bergan intervyusida
“HAMAS — bu g‘oya, HAMAS — bu partiya. U odamlar qalbidan mustahkam o‘rin olgan. Biz HAMASni yo‘q qila olamiz, deb o‘ylayotgan har qanday odam adashadi”, — degan Hagari.
Hagarining bu chiqishi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning qonini qaynatgan. Bu Netanyahuning G‘azoda urush olib borish bo‘yicha Mudofaa vazirligining oliy mansabdor shaxslari bilan munosabatlarida taranglik kuzatilayotganidan dalolat beradi.
Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant Netanyahudan G‘azoni urushdan keyin boshqarish rejasini ishlab chiqishni so‘ragan. HAMAS o‘rniga boshqa biror narsa topa olmaslik Isroilning harbiy muvaffaqiyatlarini yo‘qqa chiqarishi, guruh tezda qayta tiklanib, anklav ustidan nazorat o‘rnatishini aytgan. Bundan tashqari, Gallant Netanyahudan urush tugagach G‘azoda harbiy va fuqarolik boshqaruvini o‘rnatish fikridan qaytishni so‘ragan. Buni Netanyahu koalitsiyasining ultrao‘ng vakillari Itamar Ben Gvir va Betsalel Smotrich talab qilib kelishmoqda.
G‘azodagi noxush statistika: urushning 258-kuniga kelib o‘ldirilgan falastinliklar soni 37 ming 431 nafarga yetgan, yaradorlar soni 85 ming 653 kishini tashkil etmoqda.
So‘nggi sutka ichida isroillik harbiylar 4 ta ommaviy qirg‘in uyushtirib, 35 kishining o‘limi va 130 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lishdi.
Isroilning Livanga hujum rejasi
AQSh prezidenti administratsiyasi Isroil va “Hizbulloh” harakati o‘rtasida keng ko‘lamli mojaro yuz beradigan bo‘lsa, Isroil shimolida joylashgan havo hujumidan mudofaa tizimlari Livandan uchiriladigan raketalar va pilotsiz parvoz qurilmalarini urib tushirishga ulgurmay qolishidan tashvishda ekanini bildirgan, deb xabar bermoqda CNN o‘z manbalariga tayanib.
“Bizning ma’lumotlarimizga ko‘ra, “Temir qubba” havo hujumidan mudofaa tizimi batareyalarining bir qismi zo‘riqib qoladi”, degan administratsiyaning yuqori martabali mulozimlaridan biri.
CNN telekanalining eslatishicha, Isroil mudofaa armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Hizbulloh” harakati 150 mingdan ziyod reaktiv snayardlar va raketalarga ega, ularning orasida minglab yuqori aniqlikdagi raketalar ham bor.
Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar
Yevroittifoq davlatlari Germaniya pozitsiyasi tufayli kechikkan Rossiyaga qarshi yangi, 14-sanksiyalar paketini kelishib oldi. Jazo choralari, jumladan, Rossiyaga qarshi avval joriy etilgan cheklovlarni chetlab o‘tishning oldini olish uchun mo‘ljallangan.
Shuningdek, Rossiya eksport qiluvchi suyultirilgan tabiiy gaz bo‘yicha ko‘p milliard dollarlik bitimlarga nisbatan sanksiyalar kuchaytirilmoqda.
Ilk marta Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazi (STG) bilan ko‘p milliardlik tranzaksiyalarga qarshi Yevropa Ittifoqining qattiqroq sanksiyalari ham ko‘zda tutilgan. Diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, boshqa narsalar qatorida Rossiya STGni uchinchi mamlakatlarga tashish uchun Belgiyaning Zebryugge kabi portlarini yopish rejalashtirilgan. Bu holatda Rossiya transport imkoniyatlarining yetishmovchiligi tufayli suyultirilgan gazni kamroq sotadi va shuning uchun Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirish uchun kamroq pul oladi, degan umidda amalga oshirilmoqda.
Niderlandiya tashqi ishlar vazirligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, sanksiyalarning 14-paketida Rossiya neftini ortgan tankerlarga Yevropa portlariga kirish va xizmatlardan foydalanish ham taqiqlanadi.
Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning 14-paketi doirasida 69 kishini va 47 ta tashkilotni qora ro‘yxatga kiritadi, deyiladi Reuters xabarida. Shunda qora ro‘yxatdagi jismoniy va yuridik shaxslar soni 2200 ga yetadi.
Ukrainaga harbiy yordam
Ruminiya mudofasi oliy kengashi Ukrainaga Patriot zenit-raketa komplekslarini berishga qaror qildi, deb xabar bermoqda Reuters.
Ruminiya bermoqchi bo‘lgan Patriot PAC-3 tizimi 2020 yilda xarid qilingan va zenit raketa kompleksining so‘nggi modernizatsiyalaridan biri hisoblanadi. U taktik ballistik raketalar va qanotli raketalarning jangovar kallaklarini, jumladan “stels” texnologiyasidan foydalanib tutib olishga mo‘ljallangan.
AQSh ayni paytda Patriot va NASAMS tizimlari uchun ishlab chiqarilayotgan raketalarning barchasini Ukrainaga berishga qaror qildi. Bu haqda Oq uy strategik kommunikatsiyalar koordinatordi Jon Kirbi ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hukumati “qiyin, biroq juda zarur qaror”ni qabul qilgan. Kirbiga ko‘ra, yangi yetkazib berishlar Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini keyingi 16 oy uchun yetarli zaxiralar bilan ta’minlaydi.
Dastlabki yetkazib berishlar yaqin haftalarda boshlanadi va yoz oxirigacha amalga oshiriladi. Yetkazib berish yo‘nalishlarining o‘zgarishi Tayvanga qurol-yarog‘ yetkazilishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmaydi, deb ishontirmoqda Oq uy vakili.
Pentagon esa ATACMS tizimlaridan Ukraina Rossiya ichkarisiga zarba berishi mumkin emasligi, AQShdan olgan boshqa qurollarni esa Xarkov oblasti bilan chegaradan boshqa hududlarda ishlatmaslik kerakligini ta’kidlagan.
Darvoqe, Niderlandiyaning bosh vaziri Mark Ryutte NATOning kelgusidagi bosh vaziri bo‘ladi. Politico nashri xabariga ko‘ra, NATOga a’zo 32 ta davlatning barchasi Ryuttening nomzodini tasdiqlashgan. Yyens Stoltenberg o‘rniga o‘tiradigan alyans yangi bosh kotibining nomzodi iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan sammit chog‘ida tasdiqlanadi.
Putinning bayonotlari
Bu orada Rossiya prezidenti Vladimir Putin Viyetnamga tashrifi doirasida rossiyalik jurnalistlar ishtirokida brifingda G‘arb urushdagi barcha muvaffaqiyatsizliklarni Zelenskiyning bo‘yniga qo‘yib, uni ketkazishini ta’kidlagan.
Shuningdek, Putin G‘arbda urush yakuni sifatida Rossiya jang maydonida taslim bo‘lishini ko‘rishayotgani, Moskva uchun strategik mag‘lubiyat davlatchilikning yo‘q bo‘lishini bildirishi, shu sababli oxirigacha borishga tayyor ekanligini aytgan.
Putin Ukraina bo‘yicha muzokaralar “ertagayoq” boshlanishini ham ma’lum qilgan, biroq Rossiya bu holda front chizig‘idagi mavjud vaziyatdan kelib chiqishini aytgan.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, mojaroni tartibga solish bo‘yicha takliflar “doimo amal qilmaydi”, to‘qnashuv chizig‘idagi vaziyatdan kelib chiqib o‘zgarib turadi.
“Agar Kiyev muzokaralarni boshlashni bizning qo‘shinlarimizning olib chiqib ketilishi bilan bog‘lamoqchi bo‘lsa, bu hech qachon sodir bo‘lmaydi, chunki Kiyev rejimi hokimiyatdan ketishni istamaydi. Demak, Kiyevdagilar bizning qo‘shinlarimiz o‘sha yerda qolaverishidan manfaatdor”, — degan Putin.
Putin Ukrainaga qurol-yarog‘lar yetkazib berilayotganiga qarshi Rossiya G‘arbga dushmanona kayfiyatda bo‘lgan boshqa davlatlarga qurollar yetkazishi mumkinligini aytib o‘tgan. “G‘arb davlatlari keyin bu qurollardan qayerda va kimlar foydalanishi mumkinligi haqida bosh qotirishi kerak”.
Shuningdek, Putin o‘zining yadroviy doktrinasiga o‘zgartirishlar kiritish imkoniyati haqida bosh qotirayotganini ham aytgan. Biroq u Rossiyaga hozircha ogohlantiruvchi yadroviy zarba berish imkoniyati u qadar zarur emasligini ham aytgan.
Vladimir Putin Shimoliy Koreya va undan keyin Viyetnamga safar qilib turganda Rossiya poytaxtida kuchli dovul yuz berdi. “Edgar” deb nomlangan dovul chog‘ida shamolning tezligi soniyasiga 25 metrgacha yetgan, do‘l yog‘gan.
Kuchli shamol daraxtlarni ag‘anatgan, ko‘chadagi buyumlarni uchirgan. Odamlar bu hududlar uchun juda kam kuzatiladigan hodisa — po‘rtanani kuzatishgan. Tabiiy ofat natijasiga ikki kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.
Tojikistonda yangi taqiqlar
Tojikiston prezidenti hayitlik yig‘ish va milliylikka yot liboslarni taqiqlovchi qonunni imzoladi.
Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon 20 iyun kuni 35 ta qonunni imzoladi. Ularning orasida «Marosim va tadbirlarni tartibga solish to‘g‘risida», «Bolani o‘qitish va tarbiyalash mas’uliyati to‘g‘risida» kabi qonunlar bor.
«Marosim va tadbirlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi qonun milliy madaniyat qadriyatlarini himoya qilish, xurofot va fanatizmning oldini olish, marosim va tadbirlarni o‘tkazishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash, tojik xalqining ma’naviyatini ko‘tarish uchun qabul qilinayotgani ma’lum qilingan.
Jumladan, qonunda «iydgardak» va «yot liboslar»ni kiyish taqiqlangan.
Ta’kidlab o‘tish kerak, «iydgardak» — hayit bayramlarida ayniqsa yosh bolalarning mahallalarda uyma-uy yurib hayitlik sovg‘asi yig‘ishidir.
Bu qonunga rioya qilmaslik uchun jarima nazarda tutilgan, biroq unda aynan qaysi liboslar «milliy madaniyatga yot» ekani, sotish va kiyib yurish taqiqlangani aniq ko‘rsatilmagan.
Libosga oid taqiqlar o‘rnatilgan qonundagi bu moddalar Tojikiston jamoatchiligida munozara va bahslar uyg‘otgan. Mamlakatning ayrim fuqarolari hokimiyat vakillari ko‘chalarda hijob o‘rab ketayotgan ayollarni to‘xtatib, ro‘molini orqadan bog‘lashni talab qilishayotganidan shikoyat qilishgan.