Jo Bayden milliy xavfsizlikka yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar tufayli AQShda «Kasperskiy laboratoriyasi» antivirus dasturlari sotilishini taqiqladi. Sababi Moskvada joylashgan IT-kompaniyaning Rossiya rasmiylari bilan yaqin aloqalari, deb yozadi Reuters 20 iyun, payshanba kuni xabardor manbaga tayanib.
Reuters suhbatdoshining ta’kidlashicha, antivirus dasturlari kompyuter operatsion tizimlariga chuqur kirib borishga qodir, ular yordamida foydalanuvchining maxfiy ma’lumotlarini o‘g‘irlash, zararli dasturlarni o‘rnatish va kompyuter tizimlarida muhim yangilanishlarning oldini olish mumkin.
Bundan tashqari, «Kasperskiy laboratoriyasi» Qo‘shma Shtatlarda qora ro‘yxatga kiritildi. Qaror 29 sentabrdan kuchga kiradi. AQSh Savdo vazirligi Reuters agentligining so‘roviga ko‘ra ushbu mavzu bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi.
«Kasperskiy laboratoriyasi» - AQSh xavfsizligiga tahdid soluvchi kompaniyalar ro‘yxatida
Vashington uzoq vaqtdan beri rus antivirus ishlab chiqaruvchisini Rossiya rasmiylariga yaqinligi uchun tanqid qilib keladi. 2022 yil mart oyida AQSh Federal aloqa komissiyasi (FCC) «Kasperskiy laboratoriyasi»ni AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi kompaniyalar ro‘yxatiga kiritdi. Shu bilan birga, cheklovlar «Kasperskiy laboratoriyasi» AJ yoki uning vorislari, bosh kompaniyalari, shu’balari, filiallari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita yetkazib beriladigan axborot xavfsizligi sohasidagi mahsulotlar, yechimlar va xizmatlarga nisbatan qo‘llanadi.
Avvalroq AQSh Federal axborot xavfsizligi boshqarmasi (BSI) «Kasperskiy laboratoriyasi» antivirus dasturidan foydalanmaslik to‘g‘risida ogohlantirgan edi. Departament ma’lumotlariga ko‘ra, dasturdan kuzatuv yoki kiberhujumlar uchun foydalanishlari mumkin. «Rossiyadagi harbiy va/yoki razvedka xizmatlarining harakatlari va joriy harbiy mojaro paytida Rossiya tomonidan Yevropa Ittifoqi, NATO va Germaniyaga qarshi tahdidlar IT-hujumlar bilan birga kuzatilyapti», — deya ma’lum qildi BSI. 2019 yilda Amerika davlat idoralariga «Kasperskiy laboratoriyasi» dasturidan foydalanish taqiqlangan edi.
Boshqa mamlakatlar, xususan Avstriya, Niderlandiya va Litva hukumatlari ham avvalroq «Kasperskiy laboratoriyasi» dasturlaridan voz kechgandi.