AQSh hukumati Ukraina o‘z shaharlari va infratuzilmasini Rossiya havo hujumlaridan himoya qilish uchun yetarli mablag‘ olmaguncha Patriot havo mudofaa tizimlari va to‘xtatuvchi raketalarga boshqa ochiq buyurtmalarni to‘xtatmoqchi. Bu haqda 20 iyun, payshanba kuni Financial Times gazetasi manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashrga ismi oshkor etilmagan uch suhbatdoshning aytishicha, tegishli qaror 21 iyun kuni e’lon qilinadi. O‘tgan hafta AQSh prezidenti Jo Bayden Italiyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitida Ukrainaga qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari, jumladan Patriot tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar bajarilishini ta’minlaganini aytdi, deya eslaydi jurnalistlar.
«Bayden besh davlat Patriot va boshqa havo mudofaa tizimlarini Ukrainaga jo‘natishga rozi bo‘lganini va Amerika tizimlari yetkazib berilishi lozim bo‘lgan boshqa davlatlar kutishiga to‘g‘ri kelishini aytdi», — deyiladi nashrda. «Bizda mavjud bo‘lgan hamma narsa Ukrainaga uning ehtiyojlari qondirilmaguncha yuboriladi», - deya FT Amerika prezidentining so‘zlarini keltiradi.
AQSh va Ukraina o‘rtasida xavfsizlik shartnomasi
13 iyun kuni Jo Bayden va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina yetakchisi ham taklif etilgan G7 sammiti chog‘ida 10 yillik xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzoladi. U Ukrainani himoya qilish uchun Amerika qo‘shinlarini yuborish va Vashingtondan Kiyevga hech qanday moliyaviy majburiyatlarni o‘z ichiga olmaydi.
Ayni paytda, ushbu shartnomani imzolagandan so‘ng, Bayden Kiyev «tez orada» havo hujumidan mudofaa tizimlarini ko‘proq olishni boshlashini ta’kidladi.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Patriot tizimlariga buyurtmalari hali ijro bosqichida bo‘lgan Yevropa mamlakatlari orasida Germaniya, Ruminiya va Polsha bor. «Ispaniyada ham Patriot raketalariga ochiq buyurtma bor, NATO koalitsiyasi esa yanvar oyida 1000 ta Patriot raketasiga buyurtma bergan», — deyiladi nashrda.
Hozirgacha Ukraina AQSh va Germaniya tomonidan taqdim etilgan to‘rtta Patriot havo mudofaa tizimini oldi.
Ispaniya, Gretsiya va Ruminiya Patriot tizimlari bilan qurollangan, ammo ularni Ukrainaga topshirishga hali rozi bo‘lmagan. Polsha, o‘z navbatida, Patriot tizimlari G‘arb qurollarini Ukraina chegarasidan o‘tkazish uchun foydalaniladigan infratuzilmani himoya qilishini bildirdi va shu tariqa Kiyevga allaqachon yordam berganini ta’kidladi.
Ruminiya bitta Patriot tizimini Ukrainaga o‘tkazadi
Ayni paytda, Ruminiya Milliy mudofaa oliy kengashi 20 iyun kuni mamlakat prezidenti Klaus Yoxannis boshchiligidagi yig‘ilishda bitta Patriot tizimini Ukrainaga o‘tkazishga qaror qildi. «Ruminiya Ukrainani mojaroning boshidanoq vaziyatni tushunib, birinchi navbatda Rossiya Federatsiyasi tomonidan boshlangan urushga qarshi turish uchun eng muhim mudofaa tizimlarini ta’minlash nuqtayi nazaridan qo‘llab-quvvatladi», — deyiladi Ruminiya prezidentining veb-saytida. Qayd etilishicha, Rossiyaning tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga, xususan, energetika sohasiga doimiy va ommaviy hujumlari oqibatida xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sezilarli darajada yomonlashgan va bu vaziyatning mintaqaviy oqibatlarini hisobga olgan holda, Ruminiya Ukrainaga Patriot tizimini berishga qaror qilgan.
«Ushbu muhim hissa bizning havo qalqonimizni mustahkamlaydi, xalqimiz va muhim infratuzilmani Rossiyadan yaxshiroq himoya qilishga yordam beradi», dedi Volodimir Zelenskiy Buxarestning bu harakatiga izoh berib.
Avvalroq Italiya Kiyevga Patriot’ga Yevropa muqobili bo‘lgan ikkinchi SAMP/T havo mudofaa tizimini yuborishini ma’lum qilgandi.
Na AQSh, na Ukraina FT xabariga rasman izoh bermagan.