Uning o‘limi haqida o‘g‘li Kifer xabar bergan: «Qattiq anduh bilan aytishim kerakki, otam Donald Sazerlend vafot etdi».
«Men uni kino tarixidagi eng muhim aktyorlardan biri deb bilaman. U rol tanlamasdi — yaxshimi, yomonmi yoki yovuzmi, o‘ynab ketaverardi», — degan Kifer rejissyor Serjio Leonening vestern janridagi mashhur filmi nomiga ishora qilib.
«U o‘z ishini sevardi va sevgan ishini qilardi. Taqdirdan bundan ortig‘ini so‘rash imkonsiz. Bu yaxshi yashab o‘tilgan hayot bo‘ldi», — degan Kifer.
Donald Sazerlendga mashhurlikni 1970-yillarda Amerikaning «MESh» teleshousida o‘ynagan jarroh Pirs roli keltiradi.
O‘zining ijodiy faoliyati mobaynida Sazerlend qariyb 200 ta rol ijro etgan.
U Kanadada tug‘ilgan, avvaliga radio-reportyor bo‘lib ishlagan. 1957 yilda bo‘lg‘usi aktyor Londonga kelib, London musiqa va dramatik san’at akademiyasida tahsil oladi.
Keyin u Britaniya kinolarida va teleseriallarda kichik rollarni o‘ynaydi.
Sazerlend shuningdek Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risidagi, taqdimoti 1967 yilda bo‘lgan «Iflos dyujina» (The Inglorious Bastards) jangari filmida rol ijro etadi.
Uning kadrdagi nostandart harakatlari kinematograflar e’tiborini o‘ziga jalb etadi va u yana bir harbiy filmdan rol oladi: «Kellining qahramonlari» (Kelly's Heroes) filmida serjant Odboll rolini.
1971 yilda Sazerlend «Klyut» (Klute) filmida detektiv rolini o‘ynaydi, unda uning qahramoniga yo‘qolgan kishini topishda yuqori haq to‘lanadigan fohisha yordam ko‘rsatadi.
Bu rolni o‘ynagan Jyeyn Fonda «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritadi. «Klyut»dan keyin Sazerlend va Fonda ikki yil uchrashib yurishadi, keyin ajralishadi.
1973 yilda «Endi esa qarama» (Don't Look Now) filmidagi ochiq sahnalar tomoshabinlar Sazerlend va uning filmdagi sherigi Juli Kristi o‘rtasida ishqiy munosabatlar borligi haqida o‘ylashiga sabab bo‘ladi. Sazerlend bu mish-mishlarni rad etib chiqishiga to‘g‘ri keladi.
1976 yilda u «Burgut qo‘ndi» (The Eagle Has Landed) nomli Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risidagi filmda Irlandiya respublika armiyasi a’zosi bo‘lgan terrorchi rolini, 1978 yilda – «Tana o‘g‘rilari bosqini» (Invasion of the Body Snatchers) rimeykida bosh rolni ijro etadi.
1980-yillarda «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan «Oddiy odamlar» (Ordinary People) filmida o‘zini o‘ldiruvchi o‘smirning otasi rolini o‘ynagan.
Aktyor 2000-yillarda «Iflos pullar» (Dirty Sexy Money) va «Bosh qo‘mondon» (Commander in Chief) kabi teleseriallarda o‘ynagan.
Donald Sazerlend to‘rt o‘g‘il va bir qiz otasi edi.
Tijoriy muvaffaqiyatlar va tanqidchilarning yuqori baholariga qaramay, u biror marta «Oskar» mukofoti uchun nomzod bo‘lmagan, ammo 2017 yilda kinematograf sifatidagi faoliyati uchun faxriy mukofotni qo‘lga kiritgan.