Yoqilg‘i-energetika tarif siyosatining 2035 yilgacha bo‘lgan davrdagi yo‘nalishlari belgilandi

O‘zbekiston 22:56 / 20.06.2024 4362

Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori (.pdf) qabul qilindi. 

Qaror bilan 2035 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. 

Bular:

- iste’molchilarni elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan asoslangan, raqobatli va adolatli tariflar bo‘yicha foydalanishini ta’minlash;

- yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining moliyaviy barqarorligi va investitsiya jozibadorligini ta’minlash;

- ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan, DXSh shartlari asosida kengaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini ta’minlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash;

- tariflarni belgilashda takror subsidiyalash amaliyotini bosqichma-bosqich bekor qilish va manzilli subsidiyalar berish orqali aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash;

- yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida shaffof, izchil va oldindan taxmin qilish imkoniyatini beruvchi tartibga solishni o‘rnatish, shu jumladan, investorlar uchun tartibga solish tavakkalchiligini kamaytirish maqsadida tariflarni uzoq muddatga belgilash amaliyotini bosqichma-bosqich joriy qilish;

- respublikaning barcha hududlarida 2035 yilga qadar aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz yagona narx siyosati asosida sotilishini ta’minlash. 

Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

- Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining tarkibi;

- Idoralararo tarif komissiyasi to‘g‘risidagi nizom. 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 2025 yil 1 apreldan kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: