Germaniya shaharlari mezbonligidagi Yevropa chempionatida 2-tur o‘yinlari davom etadi. Bugun, 20 iyun kuni yana uchta o‘yin o‘tkaziladi. Ulardan biri – finaldan oldingi final maqomiga ega.
Sloveniya — Serbiya: prinsipial uchrashuv (18:00/ Zo'rTV)
Sloveniyaliklar birinchi turda nomdor raqib bo‘lgan daniyaliklarga yutqazmasdan, shov-shuv ko‘targandi. Irodali durangdan keyin (1:1) Delo gazetasi milliy jamoa «Germaniyadagi orzu tomon birinchi qadamni tashlagani» haqida yozdi. Bu balandparvoz gapdek eshitiladi, ammo Matyaj Kek shogirdlari chindan ham pley-offga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega.
«Birinchi o‘yinda u qadar ilojsiz emasligimizni his qilganimizdan keyin biz chinakamiga o‘ynay boshladik», — degan Kek.
Dragan Stoykovich jamoasi esa dovruqli Angliyaga qarshi ikki xil bo‘lim namoyish etgandi. Birinchi bo‘limda gol urib olgan inglizlar o‘yinni tejamkor rejimda davom ettirishdi. Tanaffusdan keyin Tadich maydonga tushganida o‘yin kartinasi o‘zgardi va serblar ishonchli harakat qila boshlashdi va raqib darvozasi atrofida qator vaziyatlar yaratildi, ammo hisobni tenglashtirishning imkoni bo‘lmadi. O‘yindan keyin Dushan murabbiy uni boshlang‘ich tarkibda tushirmaganidan norozi bo‘lib, uni matbuot orqali tanqid qilib chiqdi. Ammo bu allaqachon hal qilingan kichik mojaro: sardor murabbiydan uzr so‘ragan.
Serbiya milliy jamoasi lageridagilar Sloveniyaga qarshi o‘yinni — guruh bosqichidagi hal qiluvchi o‘yin deb hisoblashmoqda. Jamoa Myunxenda uch ochkoga ega bo‘lish uchun bor kuchini tashlaydi.
O‘yindan oldingi matbuot anjumanida Stoykovich va Mitrovich Yevro-2000 guruh bosqichida Sloveniya va Yugoslaviya o‘rtasida kechib, 3:3 hisobida yakunangan aql bovar qilmas o‘yinni eslashdi. Milliy jamoa bosh murabbiyi o‘shanda futbolchi sifatida zaxiradan tushgan, Mitrovich esa o‘z kumirlarini televizor orqali kuzatgan. Hujumchi bu safari o‘yin ham shu kabi yodda qolarli bo‘lishiga umid bildirdi. Bolqon derbisi ikkinchi turning haqiqiy bezagi bo‘lishi kutilmoqda.
Serblarning bu safargi raqibi ko‘proq bo‘shliqlar qoldirishi tayin. Jamoaning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q: mag‘lubiyat amalda Serbiyani pley-offga chiqish imkoniyatidan mahrum etadi. Ammo Sloveniyaga ham g‘alaba lozim: 3-turda Angliyaga qarshi o‘ynash kerak bo‘ladi va u yerda ochko olish uchun deyarli imkoniyat bo‘lmaydi.
Daniya — Angliya: Keyn gol uradimi? (21:00 / Zo'rTV)
Britaniyalik jurnalistlar Serbiya ustidan kichik hisobda g‘alaba bilan kifoyalangan Garet Sautgeytni ayovsiz tanqid qilishdi. Ularni qisman tushunish mumkin: murabbiy o‘z ixtiyorida Keyn, Bellinghem, Saka, Foden, Palmer, Rays, Aleksander-Arnold kabi hujumkor futbolchilar borligiga qaramay, natija uchun o‘ynashni tanladi va hisob ochilganidan keyin hujum qilishni to‘xtatdi. Daniyaliklarga qarshi o‘yinda ham ko‘p narsa o‘zgarishi dargumon, muxlislarni kurashlarga boy, lekin pragmatik futbol kutayotgani ehtimoli yuqori.
Bu ikki jamoa bir-birini juda yaxshi biladi. Uch yil muqaddam Yevro-2020 yarimfinali doirasida Daniya sensatsiya amalga oshirishga juda yaqin kelgandi, ammo Keyn overtaymlarda uchrashuv taqdirini hal qilgandi. Bu safargi turnirda esa Harri hozircha o‘z gollar hisobini ochmadi. Balki ingliz to‘purari bugun tanqidchilarining og‘zini yopar?
Angliya bugun pley-off yo‘llanmasini hal qilishi mumkin, Daniya esa yutqazsa, 1/8 final uchun imkoniyatlarini keskin tushirib yuboradi. Inglizlar nafaqat bu o‘yinda, balki chempionlik uchun ham favorit, ammo daniyaliklar mas’uliyatli pallada maksimum kuch bilan harakatlana oladi.
Ispaniya — Italiya: Yevropa futboli klassikasi (00:00/ Zo'rTV)
Yevro-2020 o‘yinlaridan yana bir remeyk. Va bu jamoalar ham yarimfinalda uchrashgandi. O‘shanda italyanlar ispanlarni penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratgan (4:2).
Umuman olganda, ispanlar va italyanlar Yevropa chempionatida qatorasiga beshinchi bor o‘ynaydi, ular jami yetti bor o‘zaro to‘qnashgan. So‘nggi ikki holatda (2016 va 2021 yillar) Italiya g‘alaba qozongan. Ammo hozir uchrashuv qanday yakunlanishini taxmin qilish qiyin.
Ispaniya birinchi turda kutilmaganda Xorvatiyani yirik hisobda mag‘lub etdi (3:0), gollarning barchasi birinchi bo‘limdayoq urildi. Italyanlar esa xarakter ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi, Albaniya bilan o‘yinning ilk daqiqasida to‘p o‘tkazib yuborilgach, jamoa tezda o‘ziga keldi va vaziyatni o‘ngladi (2:1). Qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, uch ochko qo‘lga kiritildi.
Yevro-2024 turnirida bu birinchi supertop darajadagi afisha, Yevropaning klassik qarama-qarshiligi bo‘ladi. Bu ikki jamoaning hozirgi o‘yin uslubi ham bir-birinikiga juda yaqin. Bu haqda ispanlar ustozi Luis de la Fuente ham gapirdi:
«Ular yaqinda jamoani yangilashdi, ularda yosh yigitlar bor. Ular qanday kurashishini kuzatish menga yoqadi. Italiyada mahoratli futbolchilar ko‘p, tajribali futbolchilar ham. Italiyani kuzatish — bu xuddi o‘z aksingga qarashdek».
Yevropaning amaldagi chempionlari ularni ikkinchi turda qanday murakkab vazifa kutayotganini tushunadi. Ispanlar to‘pga egalik qilib, kuchli bosim hisobiga ularni jarima maydoniga qamab qo‘yishga harakat qiladi. Ammo «Qizil furiya» ustidan g‘alaba qozonish retsepti baribir mavjud, buni Bastoni shunday atagan: «Ispaniyaning zaif tomonini paypaslab topish va shu yerga zarba berish».
Bu uchrashuv g‘olibi pley-offga birinchi o‘rin bilan chiqish masalasini 100 foizga hal qiladi. Bir kun oldingi o‘yinda Albaniya va Xorvatiya bittadan ochko oldi, ochkolar teng kelib qolganida turnir jadvalidagi joylashuv esa o‘zaro uchrashuvlar natijasidan kelib chiqqan holda bo‘ladi. Guruh g‘olibiga pley-offda nisbatan kuchsizroq raqib tushadi. Agar Italiya va Ispaniya ham durang o‘ynasa, ularda to‘rttadan ochko jamg‘ariladi. Bu holda birinchi o‘rin uchun kurash oxirigacha davom etadi, ammo ikki jamoa ham amalda 1/8 final yo‘llanmasini hal qiladi. Yangilangan Yevro tarixida hali to‘rt ochko bilan ham guruhda qolib ketish holati ro‘y bermagan.