Qayd etilishicha, Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Davlat tili haqida”gi qonunlar talablariga muvofiq Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi nizomni qayta ko‘rib chiqish zarurati paydo bo‘lgan.
Xususan, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasida:
kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlari, shuningdek xodimlarning o‘zi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil etgan shaxslarning huquqlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil etilgan shaxsga o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi uchun har haftada kamida ikki soat ish vaqti ajratilishi va bu vaqt uchun ish joyi (lavozimi) bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi saqlanishi belgilangan.
Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi nizom rus tilida qabul qilingan bo‘lib, amaldagi qonun hujjatlari talablariga moslashtirilmaganligi hamda qo‘llanishida nomuvofiqliklar mavjudligi sababli normativ-huquqiy hujjatlarni davlat tilida va amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos holda ishlab chiqish va tasdiqlash lozim.
Buyruq loyihasiga muvofiq Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi nizom tasdiqlash ko‘zda tutilmoqda.
Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi nizomda vakillikka nomzodni saylash tartibi, vakilning huquqlari va faoliyatining kafolatlari hamda ish beruvchining majburiyatlari batafsil belgilanmoqda.
Buyruq loyihasi qabul qilinishi natijasida:
- birinchidan, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil tomonidan mehnat jarayonida xodimlarning mehnat muhofazasi va xavfsizligiga doir qoidalar, me’yorlar va yo‘riqnomalarga rioya etishini ta’minlashda jamoatchilik nazorati amalga oshirilishiga;
- ikkinchidan, xodimlarning sog‘lig‘i va mehnati muhofaza qilinishiga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishida jamoatchilik nazorati orqali xodimlarni jalb etish mexanizmi joriy etilishiga;
- uchinchidan, ishlab chiqarishdagi jarohatlanish va kasb kasalligi xavflari oldini olish va ularni kamaytirish borasida jamoatchilik nazorati orqali ishlab chiqarish samaradorligi va tashkilotlarning iqtisodiy salohiyati oshishiga imkon yaratilishiga;
- Mehnat vazirligi tomonidan tasdiqlangan Mehnat muhofazasi bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi nizom o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishiga erishiladi.