G‘azoda o‘ldirilgan BMT xodimlari, Isroilning Livanga tahdidi va harbiy hukumatni tarqatgan Netanyahu - kun dayjesti

Jahon 13:17 / 19.06.2024 5000

Jahonda o‘tgan kunlar davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil BMT xodimlarini o‘ldirish bo‘yicha rekordchiga aylandi. 2023 yilning 7 oktyabridan buyon BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil qilish bo‘yicha Yaqin Sharqdagi agentligining qariyb 200 nafar xodimi Isroil hujumlari qurboniga aylangan.

«G‘azo — insonparvarlik tashkilotlari xodimlari uchun Yer yuzidagi eng xavfli joy. Urush boshlanganidan buyon 193 nafar xodimimiz Isroil tomonidan o‘ldirildi. Bu BMT tarixida qurbon berilganlar bo‘yicha eng katta ko‘rsatkich», — deyiladi BMTnning Yaqin Sharq agentligi xabarida.

Tashkilotdagilarning qo‘shimcha qilishicha, xavf-xatarlarga qaramasdan agentlik a’zolari og‘ir humanitar inqiroz sharoitida oilalarga yordam berish ishlarini davom ettirishmoqda.

G‘azoda o‘ldirilgan falastinliklar soni esa 37 ming 372 nafarga yetdi. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi ma’lumotlariga ko‘ra, urushning 256-kuniga kelib yarador bo‘lganlar soni 85 ming 452 nafarga yetgan.

So‘nggi sutka ichida Isroil qo‘shinlari uchta ommaviy qirg‘in uyushtirishgan va 25 kishining o‘limi va 80 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lishgan.

Isroilning Livanga tahdidi

Isroil va Livan o‘rtasidagi qarama-qarshilik o‘zining cho‘qqisiga chiqdi. O‘tgan hafta ro‘y bergan qaqshatkich otishmalar fonida Isroil armiyasi vakili Daniel Hagari Livan tomonidan tinmayotgan otishmalar Isroilni Livanning «Hizbulloh» harakatiga qarshi yerusti operatsiyasiga «majbur qilishi» to‘g‘risida bayonot bergan edi.

Kecha tunda Isroil armiyasi Livanga bostirib kirish uchun jangovar harakatlar rejasini tasdiqlaganini e’lon qildi.

TsAHALning Shimoliy harbiy okrugi qo‘mondoni general-mayor Ori Gordin va Isroil armiyasi bosh shtabi operativ boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Oded Basyuk operativ holat bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish chog‘ida Livanga tezkor hujum uyushtirish rejasini tasdiqdashgan, deb xabar beradi TsAHAL matbuot xizmati.

«Vaziyatni baholash chog‘ida ular Livanga bostirib kirishda harbiy harakat rejasini ma’qullashdi va yetarli baho berishdi», — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari armiya qo‘mondonlari jangovar pozitsiyalardan turgan qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini oshirishni davom ettirish to‘g‘risida qaror ham qabul qilishgan.

Avvalroq Isroil armiyasi vakili Daniel Hagari «Hizbulloh»ning oshib borayotgan tajovuzkorligi urushning keng yoyilishiga sabab bo‘lishi va bu Livan hamda butun mintaqa uchun vayronkor oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

May oyi boshidan «Hizbulloh» va Isroil chegaraoldi zarbalariga keskin zo‘r bera boshlaydi. Isroil o‘tgan haftada Livan guruhining qo‘mondonlaridan biri Tolib Abdullohni o‘ldirgan edi — u Isroil bilan to‘qnashuvlar chog‘ida o‘ldirilgan «Hizbulloh»ning eng yuqori martabali mulozimi bo‘ldi.

«Hizbulloh» bunga raketa hujumlari bilan javob qaytardi — 12 iyun kuni 200 dan ziyod raketa Isroil tomon uchirilgan edi.

Isroilda harbiy hukumat tarqatildi

2023 yilning 7 oktyabrida, HAMAS hujumidan ko‘p o‘tmay tuzilgan harbiy kabinetni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tarqatib yubordi.

Isroilning hukumat doiralarida aytilishicha, kabinetni 9 iyun kuni uning ikki muhim a’zosi — general Benni Gans va Bosh shtabning sobiq rahbari, Netanyahuning siyosiy raqibi general Gadi Ayzenkot tark etganidan so‘ng bu kutilayotgan holat bo‘lgan.

Gansning bayonot berishicha, u Netanyahuda G‘azodagi HAMAS rejimini o‘zgartirish bo‘yicha birorta strategiya yo‘qligi uchun kabinetni tark etgan. Gansga ko‘ra, Netayanhuni garovda ushlab turilganlarni qutqarish emas, ko‘proq o‘zining siyosiy karerasi tashvishlantiradi.

Netanyahu Benni Gans va boshqalarni mag‘lubona kayfiyatda ekanlikda ayblab keladi. Unga ko‘ra, Gans xalqaro bosimga bardosh bera olmagan va kabinetni tark etishi bilan murakkab qarorlar qabul qilishdan qochib qolgan.

Hozircha Netanyahu AQSh prezidenti Jo Bayden rejasini qo‘llab-quvvatlamagan.

Isroillik ekspertlarga ko‘ra, Bibining koalitsiyadagi hammaslaklari ultrao‘ng millatchi siyosatchilar moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir agar G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatsa Netanyahu hukumatini barbod qilish bilan tahdid qilishgan.

Ekspertlarning fikricha, Netanyahu bo‘shab qolgan o‘ringa o‘zining koalitsiya bo‘yicha ultrao‘ng hamkorlari Smotrich va Ben-Gvir o‘tirib olmasligi uchun bu ishga shosha-pisha qo‘l urgan.

Netanyahuning hukumati ularning erkaliklarini nechog‘lik ko‘tarishiga bog‘liq bo‘lib turibdi. Shartlarga ko‘nishni u ular so‘ragan portfellarni berishdan boshlagan.

Shunday qilib, moliya va ichki xavfsizlik masalalari Falastin hududlarida yahudiy manzilgohlarini kengaytirish hamda har qanday hududiy yon berish va ichki siyosiy murosani rad etish tarafdorlari qo‘liga o‘tib qolgan.

Lekin urush — bu boshqa masala. Bu yerda Netanyahu ultrao‘nglar unga harbiy strateglarni bosib o‘tib, harakatlar ketma-ketligini buyurib turishiga yo‘l qo‘yib bera olmaydi.

Netanyahu endi kichik bir guruh doirasida, jumladan, harbiy kabinetda ishlagan Mudofaa vaziri Yoav Gallant va Strategik ishlar vaziri Ron Dermer bilan G‘azodagi harbiy harakatlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishi kutilmoqda.

Qizil dengizdagi vaziyat

AQSh va Buyuk Britaniya Yamanning g‘arbiy qismiga zarba berdi.

Eron tomonidan qo‘llanadigan Yamanning «Ansorulloh» harakati (husiychilar) ning ma’lum qilishicha, AQSh va Buyuk Britaniya kuchlari Yaman g‘arbidagi Hudayda viloyatiga o‘nta aviazarba bergan.

Husiychilarga qarashli «Al-Masiyra» telekanalining ma’lumotlariga ko‘ra, oltita bomba Hudayda xalqaro aeroportiga tashlangan, yana to‘rtta raketa Qizil dengizdagi Kamaran oroliga kelib urilgan.

Bu orada husiychilar Qizil dengizda yangi operatsiyalarga tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.

«Ansorulloh» harakatining harbiy vakili Yahyo Sariyaning bayonot berishicha, Qizil dengizda Isroil bilan bog‘liq kemalarga hujum Isroil G‘azo sektorida urushni tugatib, Falastin yerlarini tark etmaguncha davom etadi.

Ukrainadagi urush

Ukrainaga uzoq masofalardagi nishonlarni ura oluvchi raketalar yetkazib beruvchilar sirasiga Italiya ham qo‘shildi.

Italiya o‘zining Ukrainaga yangi harbiy yordami doirasida Kiyevga Storm Shadow uzoq masofani nishonga oluvchi raketalarini ham yetkazib beradi, deb yozadi Fatto Quotidiano o‘z manbalariga tayanib.

Bu rasmiy Rimning to‘qqizinchi harbiy yordam paketi bo‘ladi. Rejalashtirilishicha, u iyun oyining oxirigacha tasdiqlanib, Ukrainaga jo‘natiladi. Undan nechta Storm Shadow raketalari o‘rin olganini Italiya nashrining manbalari ochiqlamagan. Raketalardan tashqari Rim Kiyevga SAMP/T havo hujumidan mudofaa tizimlarini ham taqdim etadi.

Shu paytgacha Storm Shadow raketalarini Ukrainaga Buyuk Britaniya va Fransiya yetkazib turgan edi. Ushbu qurol Buyuk Britaniyaning British Aerospace va Fransiyaning Matra kompaniyalarining birgalikdagi ishlanmasi hisoblanadi. Bu «havo-yer» turidagi boshqariluvi raketalar 250–500 km olislikdagi qo‘zg‘almas nishonlarga zarba berish uchun mo‘ljallangan. Bunday raketalar ilk marta Ukrainaga 2023 yilning may oyida yetkazib berilgan edi.

Bu orada Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok «Agar Ukrainaga yordam miqdori kamaytirilsa — Putin qo‘shinlari Polsha chegarasigacha bostirib kelishadi», deb bayonot bergan.

«Biz o‘zimiz o‘z erkinligimiz va mustaqilligimizni himoya qilishimiz qanchaga tushishini hisoblash qiyin. Pirovard oqibatda, hammasi bir narsaga borib taqaladi: Ukrainani qo‘llash — urushni chegaralarimizdan uzoqroqda ushlab turish imkonini beradi», — degan Berbok.

Putinning KXDRga tashrifi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin so‘nggi 25 yil ichida ilk marta KXDRga tashrif buyurdi. Shimoliy Koreya poytaxti xalqaro aeroportida uni KXDR raisi Kim Chen Inning shaxsan o‘zi kutib oldi.

Ikki kunlik tashrifi mobaynida Vladimir Putin Pyongyangda BMTning KXDRga qarshi joriy etgan sanksiya rejimidan chiqishini e’lon qilishi, shuningdek, ballistik raketalar, snaryadlar va o‘q-dorilar so‘rashi kutilmoqda.

KXDR Rossiyaga qurol yetkazib berish evaziga undan oziq-ovqat va yonilg‘idan ham muhimroq narsa — kosmik raketalar uchirish bo‘yicha texnologiyalarni olishni istashi ham mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: