Estoniyada siyosatshunos Morozov Rossiya razvedkasiga ishlagani uchun sudlandi

Jahon 12:19 / 19.06.2024 1648

Estoniyaning Xaryu tuman sudi rossiyalik siyosatshunos, Tartu universiteti sobiq professori Vyacheslav Morozovni Estoniya Respublikasiga qarshi xorijiy razvedka xizmati manfaatlari va uning nomidan sodir etilgan harakatlarda aybdor deb topib, olti yil-u uch oyga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda 18 iyun, seshanba kuni Postimees nashri xabar berdi. Morozovning tergov izolyatorida gumonlanuvchi sifatida o‘tkazgan vaqti uning qamoq muddati bilan hisobga olinadi.

Hukmga ko‘ra, Rossiya fuqarosi Vyacheslav Morozov Estoniyaning ichki, mudofaa va xavfsizlik siyosati, shuningdek, u bilan bog‘liq odamlar va infratuzilmaga oid ma’lumotlarni Rossiya maxsus xizmatlari manfaatlarini ko‘zlab to‘plagan, buning uchun pul mukofotlari olgan. 

Sud jarayonida bir qator estoniyalik hamkasblar Morozovning aybiga shubha bildirib, u Rossiya hukumatini tanqid qilganini va 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga hujumini qoralaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Vyacheslav Morozov Rossiyaga tashrif buyurishni davom ettirdi va u yerda, tergovchilarga ko‘ra, o‘z kuratorlariga ma’lumot bergan. Uning hibsga olinishi ortidan universitet Morozov bilan mehnat shartnomasini to‘xtatayotganini e’lon qildi. 

Rossiya razvedka xizmatlarining Estoniyaga qiziqishi 

Estoniya xavfsizlik politsiyasi bosh direktori Margot Palosson Morozov 2024 yil yanvarida hibsga olinishini izohlar ekan, Rossiya razvedka xizmatlarining Estoniyaga qiziqishi yuqoriligicha qolayotganini ta’kidladi. «Hozirgi ish o‘ndan ortiq oldingi holatlarga qo‘shimcha bo‘lib, Rossiya razvedka xizmatlarining Estoniya hayoti turli sohalariga, jumladan, ilmiy tadqiqot sektoriga kirib borish istagini ko‘rsatadi», dedi u. 

Estoniyaning ETIS ilmiy axborot tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, Vyacheslav Morozov 2010 yilgacha Sankt-Peterburg davlat universitetida ishlagan, keyin esa Tartu universiteti bilan hamkorlik qilgan. U Estoniyada yashash uchun ruxsatnoma olib, 2016-2023 yillarda Tartuda Yevropa Ittifoqi va russhunoslik professori, 2023 yil 1 sentabrdan 2024 yil 11 yanvargacha esa xalqaro siyosat nazariyasi professori lavozimlarida ishlagan.

Ko‘proq yangiliklar: