17 iyun kuni 2024 yilgi Yevropa chempionatida E va D guruhlarida jami uchta o‘yin bo‘lib o‘tdi. Lukaku vaziyatlarni ko‘kka sovurgan va ikki goli inobatga olinmagan o‘yinda Belgiya muvaffaqiyatsizlikka uchradi, Ukraina darvozabonning qo‘pol xatolari tufayli yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi, fransuzlar avtogol evaziga minimal hisobda g‘alaba qozongan o‘yinda Kilian qulay vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi, burnini sindirib oldi va ahmoqona tarzda ogohlantirildi.
Ye guruhi, 1-tur
Ruminlar syurpriz tayyorlagan – Ukraina yirik hisobda mag‘lub etdi
Ruminiya – Ukraina 3:0
Gollar: 1:0 – 29 Stanchu, 2:0 – 53 Marin, 3:0 – 57 Dregush.
Ruminiya – Nitse, Ratsiu, Burke, Dregushin, Banku, Stanchu, Marin, Marin (Rus, 75), Man (Hadji, 62), Dregush (Pushkash, 75), Koman (Mixeile, 62).
Ukraina – Lunin, Konoplya (Timchik, 72), Matviyenko, Zabarniy, Zinchenko, Stepanenko (Brajko, 62), Shaparenko (Yaremchuk, 63), Mudrik, Sudakov, Tsigankov (Yarmolenko, 63), Dovbik.
Ogohlantirishlar: Konoplya (67), Marin (79).
Ukrainlar Yevropa chempionatiga o‘z tarixidagi eng yaxshi tarkiblardan biri bilan tashrif buyurgandi. APL va la liga yulduzlari Yevropa chempionatlarida bunga qadar faqat bir marta g‘alaba qozongan (2000 yil guruh bosqichi so‘nggi turida Angliya 3:2 hisobida mag‘lub etilgan) Ruminiyaga qarshi favorit edi. Ammo o‘yin Sergey Rebrov shogirdlari rejasi bo‘yicha ketmadi.
Ruminlar o‘yinning atigi 35 foiz qismida to‘pga egalik qilib ham yirik g‘alabaga erishdi. «Real» darvozaboni Andrey Lunin qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi, «Chelsi» havbeki Mixaylo Mudrik vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi. «Jirona» forvardi Artyom Dovbik umuman darvozaga tahdid sololmadi. «Arsenal»ning universal futbolchisi Oleksandr Zinchenko jamoadoshlari uchun vaziyatlar yaratmadi. Ruminiya esa muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtirdi va jazoladi.
Sensational from Stanciu 😮💨#EUROGOTT | @AlipayPlus pic.twitter.com/HjAgKLxYO2
— UEFA EURO 2024 (@EURO2024) June 17, 2024
Nikolaye Stanchu 29-daqiqada uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochdi. Ruminlar sardori Mikola Matviyenko va Andrey Lunin bir-birini tushunmay qolganidan foydalandi — himoyachi bosim ostida to‘pni darvozabonga uzatdi, u esa to‘pni to‘g‘ri raqib oyog‘iga tashlab berdi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida Ruminiya yana bir bor uzoq masofadan yo‘llangan zarba bilan hisobdagi farqni oshirdi — va yana darvozabon xatosi tufayli gol bo‘ldi: Lunin o‘z qo‘liga kelgan to‘pni o‘tkazib yubordi. Bir necha daqiqa o‘tib Ruminiya uchinchi gol bilan o‘yin masalasini uzil-kesil hal qildi.
Endi ukrainlar «-3» ko‘rsatkichi tufayli guruhdan chiqishi juda qiyin bo‘ladi.
Lukakuning dahshatli tushi davom etadi
Belgiya – Slovakiya 0:1
Gol: 0:1 – 7 Shrans.
Belgiya – Kastels, Kastan, Fas, Debast, Karrasko (Lukebakio, 84), de Bryuyne, Mangalya (Bakayoko, 57), Onana, Trossard (Tilemans, 74), Doku (Openda, 84), Lukaku.
Slovakiya – Dubravka, Pekarik, Shkrinyar, Vavro, Gansko, Kutska, Lobotka, Duda, Garaslin (Suslov, 70), Shrans (Dyurish, 81), Bojyenik (Strelets, 70).
Ogohlantirishlar: Mangalya (29), Shrans (41), Tilemans (76), Lukebakio (85).
Ye guruhida kurash qizg‘in tus oldi, chunki kvartetni anderdog jamoalar: Ruminiya va Slovakiya boshqarmoqda. Domeniko Tedesko boshqaruvidagi 14 o‘yinda biror marta yutqazmagan belgiyaliklar yettinchi daqiqadayoq o‘tkazib yuborilgan gol tufayli mag‘lubiyatga uchrashdi. «Lochinlar» Jyeremi Dokuning xatosidan foydalanishdi — aynan u o‘z jarima maydonida pas berishda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ygandi, bir necha soniya o‘tib Ivan Shrans qaytgan to‘pni Kuna Kastels qo‘riqlayotgan darvozaga yo‘lladi.
O‘yinning katta qismi «qizil iblislar» bosimi ostida o‘tdi, ammo hujum vakillari qator vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi. Romelu Lukaku — yana antiqahramonga aylandi. 85 gol bilan Belgiya tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turgan ushbu futbolchi birinchi bo‘limda ikkita juda qulay vaziyatni ko‘kka sovurdi, boshqa holatlarda esa sheriklari ham u qulay vaziyatda turganida to‘p uzatishmadi.
Tanaffusdan keyin esa nihoyat gol urdi — ammo uning ikki goli ham bekor qilindi. Birinchisida Romelu kichik ofsaydda turib to‘pga tegingandi.
Ikkinchisida unga assistentlik qilgan Lua Openda hujum davomida qo‘l bilan o‘ynagani ma’lum bo‘ldi.
Slovaklar vaqti-vaqti bilan qarshi hujumlarga chiqishdi, ammo belgiyaliklar vaziyatlardan foydalanishda halokatli darajada noaniqlik qilishmaganida, bu jamoa durangga erishishi ham dargumon edi. «Oltin avlod» qatorasiga ikkinchi yirik turnirda vaziyatlarni ko‘kka sovurish bilan band: 2022 yilgi jahon chempionatida jamoa futbolchilari uchta o‘yinda 51 zarba bergan, xG bo‘yicha 6,7 ko‘rsatkichini qayd etishgan, ammo atigi bitta gol urib, guruhda qolib ketishgandi.
Foydalanilmagan vaziyatlar:
3-daqiqa: Jyeremi Doku qanotdan hujum qildi, De Bryuynega pas berdi, u esa – Romeluga, ammo uning bir necha metrdan bergan zarbasi Dubravkaga bordi.
6-daqiqa: Lukaku yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi – ammo to‘pni yo‘qotdi.
To‘pni Trossar egallab oldi, ammo uni sardorga qaytarmadi va vaziyatni yo‘qqa chiqardi. Romelu g‘azablanganini oshkora namoyish etdi. Ko‘p o‘tmay Slovakiya hisobni ochdi.
20-daqiqa: kuchli pressing ostida Dubravka to‘pni Trossarga topshirib qo‘ydi – u qulay nuqtada turgan Lukakuni ko‘rmasdan darhol zarba berdi.
41-daqiqa: Romelu yana darvozabon qarshisida yolg‘iz qoldi – shunchaki to‘pni o‘nglay olmadi va o‘zidan uzoqlashtirib yubordi.
45-daqiqa: Doku jarima maydoniga yorib kirdi, ammo to‘pni Lukakuga uzatmadi.
Keyingi turda belgiyaliklar o‘yin uslubi Slovakiyanikiga o‘xshash bo‘lgan Ruminiya bilan bellashadi. Bu guruhda intriga so‘nggi turgacha saqlanib qoladigan ko‘rinadi.
Ye guruhida 2-tur o‘yinlari:
Slovakiya — Ukraina, 21 iyun, 18:00;
Belgiya — Ruminiya, 22 iyun, 00:00.
D guruhi, 1-tur
«Uchranglilar»ning qiyin g‘alabasi
Avstriya — Fransiya 0:1
Gol: Veber (38, avtogol).
Avstriya – Pents, Posh, Danso, Veber (Trauner, 59), Mvene (Prass, 88), Zabitser, Laymer (Shmid, 90+2), Grillich (Vimmer, 60), Baumgartner, Zayvald, Gregorich (Arnautovich, 59).
Fransiya – Menyan, Kunde, Upamekano, Saliba, Ernandes, Kante, Rabio (Kamavinga, 71), Dembele (Kolo-Muani, 71), Grizmann (Fofana, 90), Tyuram, Mbappe.
Ogohlantirishlar: Veber (16), Mvene (34), Dembele (56), Baumgartner (80), Laymer (84), Mbappe (90), Danso (90+3).
Fransuzlarni birinchi turdayoq jiddiy sinov kutayotgandi: Ralf Rangnik boshqaruvidagi Avstriya yaxshi o‘ynamoqda va avvalroq «uchranglilar» bilan o‘yinda ochko olishgandi. 2022 yil iyunida ushbu jamoalarning Millatlar ligasidagi bahsida durang qayd etilgan (1:1). Dide Desham shogirdlari Yevroga asosiy favoritlardan biri sifatida tashrif buyurgandi, shu tufayli jamoaning birinchi turdayoq xato qilishiga haqqi yo‘q edi.
«Uchranglilar» birinchi bo‘limda avstriyaliklar himoyasini kuchli bosim ostida ushlab turishdi, ammo ko‘p vaziyatlar yarata olishmadi. Avstriyaliklar ham Mayk Menyan darvozasiga ko‘p tahdid solishmadi, ammo kurashuvchanlik bilan ajralib turishdi — jamoa hozirda dastlabki 45 daqiqalikda to‘pni olib qo‘yishlar soni bo‘yicha (19) turnirda tengsiz bo‘lib turibdi. Fransiyaning goli ham tasodifiy urildi: fransuzlar jarima maydonidagi bosim evaziga to‘pni olib qo‘yishdi, keyin Kilian Mbappe qanotdan darvozabon hududiga pas berdi, avstriyaliklar himoyachisi Maksimilian Vyober to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga kiritib yubordi.
Ikkinchi bo‘limning katta qismi avstriyaliklar nazoratida kechdi, ammo to‘pga egalik qilishning o‘zi xavfli vaziyatlarga olib kelmadi. Fransuzlar esa qarshi hujumlarga tayanishdi — shunday vaziyatlardan birida Mbappe darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib bordi, ammo to‘pni to‘g‘ri yo‘naltira olmadi.
Kilian hamon qit’a turnirlarida gollari hisobini ocholmayapti: Yevro-2020 o‘yinlari bilan qo‘shib hisoblaganda Mbappe allaqachon beshinchi o‘yinini o‘tkazib, 18 zarba yo‘llagan va kutilgan gollar bo‘yicha taxminan 3 xG qayd etgan. Taqqoslash uchun: jahon chempionatlarida Mbappe 14 o‘yinda maydonga tushib, 39 zarba yo‘llagan va 12 gol urgan.
Ammo Mbappe uchun dahshatli kun shu bilan cheklanmadi. 85-daqiqada u Grizmanning jarima nuqtasidan uzatmasiga bosh bilan zarba berishga urindi, ammo yuz qismi bilan Dansoning yelkasiga urildi.
Mbappe ikki daqiqaga yaqin gazonda yotdi, uning burni qonga belangandi.
Tibbiy brigada maydon chetida ishlab, uni maydonga qaytarishga harakat qildi va Mbappe ham maydonga qaytishga oshiqdi: shunchalikki, bosh hakam ruxsatisiz gazonga chiqqani uchun sariq kartochka oldi.
Shu bilan birga, Kilian yana burnini ushlab maydonga o‘tirib oldi. Shundan keyin Mbappe almashtirildi va darhol kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi.
Turnir to‘purari bo‘lishi kutilgan forvard keyingi o‘yinda — juma kuni Niderlandiyaga qarshi kechadigan bahsda maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Katta ehtimol bilan, Mbappe maydonda bo‘lishi uchun maxsus himoya niqobi taqishi talab etiladi.
«Ha, Kilian burnini sindirib olgan bo‘lishi mumkin», — degan fransuzlar bosh murabbiyi Dide Desham TF1 uchun intervyuda.
L'Equipe ma’lumotiga ko‘ra, Mbappe o‘yindan keyin darhol tez yordam mashinasida Dyusseldorf universiteti klinikasiga jarrohlik amaliyoti uchun olib ketilgan.
D guruhida 2-tur o‘yinlari:
Polsha — Avstriya, 21 iyun, 21:00;
Niderlandiya — Fransiya, 21 iyun, 00:00.