G‘arbda muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan tushgan mablag‘larni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatish pullarni noqonuniy olib qo‘yishni anglatmaydi, deya ma’lum qildi 16 iyun, yakshanba kuni AQSh moliya vaziri Janet Yyellen. Shu tariqa, u G7’ning Kiyevga ushbu daromadlar hisobidan 50 milliard dollar ajratish haqidagi qarori tanqidiga javob berdi.
Yyellen ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan aktivlari daxlsiz qoladi – gap 260 milliard yevro haqida ketmoqda, ularning katta qismi Euroclear Yevropa depozitariysida saqlanadi. Biroq, Rossiya har yili 2,5 yevrodan 3,5 milliard yevro miqdorida kelib tushadigan ushbu mablag‘lardan foizni investitsiya qilish huquqiga ega emas, dedi AQSh moliya vazirligi rahbari. «Demak, bu yerda hech qanday huquqiy muammo yo‘q», deb uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi dpa agentligi.
13 iyun kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukrainaga yordam berish uchun foydalanishni «xalqaro huquqqa navbatdagi zarba» deb atadi va «javob choralari albatta davom etishi» hamda ular «og‘riqli» bo‘lishini bildirdi. Moskvada bu tahdidlarning mohiyati oshkor etilmadi.
G7 Kiyevga Rossiya aktivlari kafolati ostida 50 mlrd dollar beradi
Xuddi shu kuni, 13 iyunda Italiyada bo‘lib o‘tgan sammitda G7 davlatlari Ukrainaga yil oxirigacha umumiy qiymati 50 milliard dollar miqdorida kredit berishga tayyorligini tasdiqladi. Bunday holda, garov sifatida G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olinadigan daromad ishlatiladi.
Reja tafsilotlari G7 mamlakatlari moliya vazirlari tomonidan ishlab chiqilmoqda. Yevropa Ittifoqining yuqori martabali mulozimi jurnalistlarga aytishicha, 50 milliard dollarning qariyb yarmi YeIga a’zo davlatlar hissasi bo‘lishi mumkin, qolgan yarmi esa G7 boshqa davlatlariga to‘g‘ri keladi.
Germaniya kansleri Olaf Shols bu qarorni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga aniq signal deb atadi. «U Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan dunyoning bir qator mamlakatlaridagi moliyaviy muammolar tufayli bu urushda g‘alaba qozonishiga umid qilmasligi kerak», deb ta’kidladi Shols.