Qayd etilishicha, ba’zi kunlarda harorat uzoq muddatli o‘rtacha qiymatlardan sezilarli darajada ko‘tarilishi mumkin, ehtimol bu vaziyat mintaqada vujudga keluvchi termik depressiya jarayoni ta’siri bilan uzviy bog‘liq.
Sharqiy zona (Farg‘ona vodiysi), Toshkent viloyati tog‘li hududlari hamda Surxondaryo viloyatida butun yoz davomida havo harorati ko‘p yillik iqlimiy me’yor ko‘rsatkichlariga yaqin bo‘lishi mumkin.
Termik depressiya – bu yozgi sinoptik jarayon bo‘lib, Markaziy Osiyoning janubi-sharqida past bosimli hudud paydo bo‘lishi, quruq-jazirama issiq ob-havo bilan tavsiflanadi (bu davrda Markaziy Osiyo tekislik hududlarida havo harorati +44...+46 darajaga, ba’zi hollarda, +48 darajagacha yetishi mumkin).
Termik depressiyaning davomiyligi 2-3 sutkadan 5-7 sutkagacha, ba’zi yillarda esa 1,5–2 haftagacha davom etishi mumkin. So‘nggi paytlarda mazkur sinoptik jarayon kuzatilgan davrda mintaqa mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot tarmoqlari hamda energetik tizimda kuchli zo‘riqishlar kuzatilmoqda.
Iyun oyining birinchi va uchinchi dekadasi ba’zi kunlarida O‘zbekiston bo‘ylab biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Tekislik hududlarida yozning qolgan oylarida yog‘ingarchilik ehtimoli deyarli mavjud emas, respublikaning tog‘ va tog‘oldi hududlarida qisqa muddatli yog‘ingarchiliklar bo‘lish ehtimoli mavjud. Bu asosan kunning ikkinchi yarmida lokal xususiyatli ob-sharoiti bilan bog‘liq.
Shu maqsadda, butun yoz davomida mintaqaning katta qismida yog‘ingarchilik miqdori ko‘p yillik o‘rtacha qiymatlarga yaqin bo‘lishini (90 foiz-110 foiz) prognoz qilish mumkin. Faqatgina, Farg‘ona viloyati janubi tog‘ va tog‘oldi hududlarida yog‘ingarchilik bilan bog‘liq ijobiy vaziyat (110 foiz-130 foiz) bo‘lishi kutilmoqda.