Xorazm viloyatining Urganch tumanida dehqonning ijaraga yer olib yetishtirgan g‘alla hosili tortib olindi. Kun.uz'ga murojaat qilgan dehqon Islombek Rajapov ikki sub’yekt o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan yetishtirilgan bug‘doyni IIB vositasida mahalliy klasterga topshirishga majburlanayotganini bildirdi.
Dehqonning aytishicha, u “Kiva Group” MChJdan ijaraga olgan qariyb 13 gektar yer maydonida bug‘doy yetishtirgan. Albatta, bu ishni ikki tomonlama shartnoma asosida amalga oshirgan. Hosilni o‘rib olish paytida esa IIB xodimlari kelib, kombayn ishini to‘xtatgan va allaqanday shartnoma talab qilgan.
Kun.uz holat yuzasidan izoh olish maqsadida Xorazm viloyati hokimligiga murojaat qildi. Hokimlik matbuot kotibi bu kabi holatlar viloyat o‘tmishida qolganini aytdi.
Ammo o‘tmishda qolgani aytilayotgan holatlar bugun ham davom etmoqda. Islombek Rajapov tahririyatga taqdim qilgan videolavhalarda ham IIB xodimlari uning faoliyatiga to‘sqinlik qilganini ko‘rish mumkin.
Bundan 3 yil oldin ham IIB xodimlari hokim topshirig‘iga ko‘ra Islombek Rajapovning hosilini ortib olishga uringandi. O‘shanda Rajapov “Kiva Sesame” qo‘shma korxonasidan 55 gektar yer oladi, bug‘doy yetishtiradi va natija o‘laroq 30 tonna donni uyiga to‘kadi. 2021 yil 19 iyun kuni uning uyiga IIB xodimlari bostirib kiradi va bug‘doyni qaroqchilarcha tortib olmoqchi bo‘ladi. Xonadon ahli esa bunga qarshilik ko‘rsatadi.
Ur-to‘polon videosi butun mamlakatga tarqab ketgach, dehqonga bug‘doyi qaytarilib berilgan, ammo IIB xodimlariga hech qanday qonuniy chora ko‘rilmagan.
Afsuski, IIB xodimlari tomonidan fermer va dehqonlar faoliyatiga aralashuv faqatgina Xorazm viloyatida kuzatilayotgani yo‘q. Oldinroq Qashqadaryo viloyatida ham fermerning faoliyatiga to‘sqinlik qilindi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: IIBning bu kabi harakatlariga nima omil bo‘ladi? Axir har qanday harakat biron-bir stimul oqibatida yuz beradi. Bu vaziyatda ularni harakatga keltiruvchi, qonunni toptashga “safarbar” etuvchi kuch nima?!
Shokir Sharipov
- “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun, 22-modda: Fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.