Yevro-2024 boshlanmoqda: favoritlar qanday holatda?

Sport 21:48 / 14.06.2024 12198

Toshkent vaqti bilan 15 iyunga o‘tar kechasi Yevro-2024 turniri start oladi. Mezbon Germaniya Shotlandiya bilan birinchi uchrashuvni o‘tkazadi. So‘nggi kunlarda barcha milliy jamoalar turnir arafasidagi oxirgi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishdi. Yevropa chempionati starti arafasida top jamoalar bilan nimalar ro‘y berdi? Quyida favoritlarning holati ko‘rib chiqiladi.

Germaniya

Nemislar ikkita nazorat uchrashuvi o‘tkazdi, ammo jamoa o‘yini katta taassurot qoldirmadi. Yulian Nagelsman jamoasi avvaliga Ukraina bilan golsiz durang qayd etdi, keyin esa greklarni katta qiyinchilik bilan mag‘lub etdi — 2:1. Ikkinchi o‘yinda Germaniya xarakter namoyish etib, 0:1 hisobidan chiqib ketdi, g‘alaba golini esa 89-daqiqada Paskal Gros urdi. O‘yindan keyin Nagelsman asosiy darvozabon Manuel Noyyerni himoya qildi — u o‘tkazilgan golda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygandi. Tajribali darvozabon to‘pni raqib oyog‘iga tashlab bergandi. Toni Kroos milliy jamoa o‘yinidan noroziligini bildirib, jamoaning holati mart oyidagi kabi emasligini qayd etdi. O‘shanda nemislar fransuzlarni (2:0) va niderlandlarni (2:1) mag‘lubiyatga uchratgandi.

Germaniyadagi Kicker nashri milliy jamoaning birinchi raqami egasi kim bo‘lishi kerakligi borasida so‘rovnoma o‘tkazgan. Foydalanuvchilarning 80 foizi hisoblashicha, jamoa darvozasini Noyyer emas, balki Mark-Andre ter Shtegen qo‘riqlashi kerak. Nashr muxbiri Sebastyan Volf esa Nagelsman Manuelga ishonishda davom etib katta tavakkalchilik qilayotganini ta’kidlaydi: «Murabbiy kim birinchi raqam bo‘lishi borasida hech qanday muhokamaga yo‘l qo‘ymaydi. Bu juda xavfli. Ha, Nagelsman Manuga ishonch bag‘ishlamoqda, ammo bu bilan u raqobatni ham yo‘q qilmoqda».

Germaniyalik sobiq darvozabon Uli Shtayn Nagelsman Noyyerni Yevro-2024 uchun tarkibga olmasligi kerak bo‘lganini aytgan. «Agar siz Noyyerni olsangiz, u o‘ynashi kerak. Ammo uning asosiy tarkibda paydo bo‘lishini sport nuqtayi nazaridan oqlab bo‘lmaydi. Manu uyda qolishi kerak edi. Ha, bu juda og‘ir, ammo aqlli qaror bo‘lardi. Noyyer avvalgidek emasligi haqida fikrlar bor», — deydi Shtayn.

Ispaniya

Ispaniyaliklar Yevro arafasida hech qanaqasiga top jamoalar safiga kirmaydigan ikki raqib bilan o‘ynadi. Ular avval Andorrani taslim etishdi (5:0), keyin esa Shimoliy Irlandiya darvozasiga ham shuncha gol urishdi — 5:1. Bu o‘yinlarda Mikel Oyarsabal o‘zini ko‘rsatdi. U Andorra darvozasiga het-trik qayd etdi, keyingi uchrashuvda ham bir gol urdi.

Ispaniya milliy jamoasining sobiq a’zosi va Yevro-2008 chempioni Markos Senna vatandoshlari sovrinni yana bir bor qo‘lga kiritishga qodir deb hisoblaydi: «Ispaniya — har qanday turnirda favorit. Bizda yosh futbolchilarning ajoyib avlodi, shuningdek tajribaga ega ajoyib futbolchilar bor. Bu juda yaxshi jamoa bo‘lishi kerak. O‘ylaymanki, biz Yevrodagi yangi g‘alabani orzu qilishimiz mumkin».

«Hozirgi Ispaniya milliy jamoasi ko‘zgu sindromini yengib o‘tdi, — deya yozadi Marca nashri. — Bu 2008 yildan 2012 yilga qadar muvaffaqiyat qozongan o‘sha jamoaning nusxasiga o‘xshab ko‘rinishni xohlash sindromi. Kiyevdagi chempionlik o‘yinidan buyon 12 yil o‘tdi va endi bizning jamoamiz butunlay boshqacha uslubga ega. U o‘zidagi mavjud resurslardan oqilona foydalanadi».

Italiya

Italiya ham turnir arafasida kuchli raqiblar bilan o‘ynamadi. Avvaliga Yevropaning amaldagi chempionlari turklar bilan golsiz durang qayd etishdi, keyin kamtarona bosniyaliklarni minimal hisobda yengishdi (1:0). Ikkinchi o‘yinda ham gol o‘tkazilmagani uchun jamoa Janluiji Donnarummadan minnatdor bo‘lishi kerak. U ikki bor himoyachilarning qo‘pol xatolaridan keyin qutqardi.

Ikkinchi o‘yinda «Inter»ning zaxira futbolchisi Davide Frattezi ham yomon o‘ynamadi va zaxiradan tushib g‘alaba golini urdi. Ushbu hujumkor yarimhimoyachi 2023 yil sentabridan buyon Italiya milliy jamoasi safida to‘qqiz o‘yinda qatnashgan va to‘rt gol urgan.

«O‘rtoqlik uchrashuvlari ayrim detallarga aniqlik kiritdi. Donnarumma hamon yaxshi holatda, Frattezi esa boshlang‘ich tarkibda bo‘lsa ham, zaxiradan o‘yinga qo‘shilsa ham, jamoaga foyda keltirishga tayyor. Qolganlar bo‘yicha o‘ylab ko‘rish kerak. Hozircha shunday hissiyot uyg‘onmoqdaki, hozirgi Italiya milliy jamoasi hali ham ishlanmalar jarayonida. Jamoaga aniqlik, uyg‘unlik yetishmayapti. Mudofaada hozircha barchasi joyida emas. Bir necha xatolar darvozamizga golga aylanishi mumkin edi, ammo Donnarumma top-darajada o‘ynadi», — deya yozdi afsonaviy murabbiy Fabio Kapello Gazzetta dello Sport uchun kolonkasida.

Xorvatiya

Ispaniya, Italiya va Xorvatiya — bir guruhdagi jamoalar. Oldingi ikki jahon chempionati sovrindorlari o‘rtoqlik uchrashuvlarida yaxshi qatnashdi. Zlatko Dalich jamoasi avvaliga Shimoliy Makedoniyani osonlik bilan mag‘lub etdi — 3:0. Keyin esa portugallarni yengdi (2:1). Ikkinchi o‘yinda bolqonlarga Ante Budimir g‘alaba keltirdi, o‘yin avvalida esa jamoa faxriysi Luka Modrich penaltini aniq ijro etgandi.

«Xorvatiyaning ayrim faol tanqidchilari jamoa o‘yinini oldindan o‘qish osonlashayotganini aytishayotgandi. Ammo Dalich, xuddi professor Baltazardek (yugoslav mulserialidagi ixtirochi personaj), shlyapasidan bir necha yangi kombinatsiyalarni olib chiqib, portugaliyalik futbolchilarga muammo tug‘dirdi. Bizning futbolchilarimizning bu avlodi yangi yutuqlarga tayyor. Jahon chempionatidagi kumush va bronza, Millatlar ligasidagi bronza. Faqat oltin yetishmayapti. 15 iyul kuni jamoani kubok bilan kutib olamizmi?» — deya savol qo‘yiladi xorvatlarning Vecernji list nashrida Portugaliya bilan o‘yindan keyin chiqqan maqolada.

Angliya

Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeyt kengaytirilgan zayavkani qisqartirdi, ammo uning qarori jamoatchilik o‘rtasida bahs-munozara keltirib chiqardi. Yakuniy tarkibdan Jyeyms Meddison va Jyek Grilish tushib qoldi. Murabbiyning sevimli futbolchisi sifatida ko‘riladigan Harri Maguayr ham turnirga olib ketilmadi, ammo uning jarohati bor edi. Angliya so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvlaridan birinchisida bosniyaliklarni tanaffusdan keyin uch gol urib, osonlik bilan mag‘lub etdi (3:0). Ammo bu raqib hozirgi holatida o‘rtamiyonadan pastroq darajada. Keyin esa Angliya Yevropa chempionatiga chiqa olmagan Islandiya bilan o‘yinda muammoga uchradi (0:1). Inglizlar bu safar ham favoritlar qatorida keltirilmoqda, ammo ularda muammolar yetarli.

«Angliya milliy jamoasining Islandiya bilan o‘yini tarkib borasidagi shubhalarni yuzaga chiqardi. Jamoamizga nisbatan bunday barqarorlik hissi kamdan-kam kuzatiladi. Jamoa 4-2-3-1 sxemasida o‘ynashiga va asosiy tarkibning yetti-sakkiz futbolchisi aniq ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Ammo Maguayrning jarohati tufali jamoada yuqoridagi yakkakurashlarda muammolar yuzaga kelishi mumkin, maydon markazi va chap qanotda esa kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Boshqa tomondan, milliy jamoalar o‘rtasidagi turnirning o‘zgachaligi ham shunda. Hech kimda ideal tarkib bo‘lmaydi. Hech kim qisqa fursatda muvozanatli tarkib tuza olmaydi.  Bunday sharoitda tizim qurish klub darajasidagidan qiyinroq», — deya yozgan The Guardian jurnalisti Jonatan Uilson.

Fransiya

Fransiya milliy jamoasining Yevro-2024 uchun qaydnomasi e’tiborga molik. Tarkibdagi nomlarga qaralsa, fransuzlar — turnirning asosiy favoritlari. Murabbiy Dide Desham har bir chiziq uchun top-futbolchilar tanloviga ega. Lekin o‘rtoqlik uchrashuvlari har doim ham familiyaning o‘zi natija keltira olmasligini ko‘rsatdi. Ha, Fransiya Lyuksemburgni hech qanday qiyinchiliksiz mag‘lub etdi (3:0). Ammo keyin Kanada darvozasiga yo‘l topa olmadi (0:0). Kanada futboli darajasi o‘smoqda, jamoa safida Alfonso Devis va Jonatan Devid kabi yulduzlar bor.

Lekin fransuzlar Kanada darajasidagi raqibni yengishi shart edi. Bunga Desham aybdormi? Uning jamoasi uslubi barchaga ham ma’qul emas. «Menga Deshamning futbolga qarashlari yoqmaydi. U aytayotgan har qanday gap mening g‘azabimni qo‘zitadi. Bugungi kunda unga biror bir klubda joy topilmagan bo‘lardi. Yaqinda Desham intervyuda shunday iborani keltirdi: «Qachonki sen yutmasang, seni eslashmaydi». Bu mutlaqo ahmoqlik. Bizda bunga dalillar minglab topiladi. Bizda 1982 va 1986 yillardagi jamoalar bo‘lgan. Bizda katta g‘alabalarga erishmagan bo‘lsa ham odamlar yoqtirgan ko‘plab jamoalar bo‘lgan. Yetar, ket! Biz yangicha qarashlarni ko‘rishni istaymiz, biz Zidanni milliy jamoa rahbarligida ko‘rishni istaymiz! Keling nimadir yangi narsa ko‘raylik: yangi futbolchilar, uslub, chiqishlar», — degan RMC Sport jurnalisti Daniel Riolo.

Niderlandiya

Niderlandiya milliy jamoasi Yevro-2024 arafasida ikkita ajoyib o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi. Ronald Kuman jamoasi Islandiya va Kanadani tor-mor etdi, bu jamoalarga to‘rttadan gol urib, birorta gol o‘tkazib yubormadi. Ammo Niderlandiyada boshqacha muammolar bor. Frenki de Yong Yevropa chempionatida jamoaga yordam bera olmaydi. «Barselona» yarimhimoyachisi aprel oyida «Real» bilan uchrashuvda olgan jarohatidan keyin tiklana olmadi. Frenki Yevro uchun yakuniy qaydnomaga kiritilgandi, ammo so‘nggi kunlarda plyajda dam olayotgan Yan Matsenni chaqirib olishga to‘g‘ri keldi. Yarimhimoyachi Tyon Kopmeyners esa Islandiya bilan uchrashuvdan oldingi mashg‘ulot chog‘ida jarohatlandi va turnirni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

«Ehtimol, biz hech qachon Niderlandiyaning umidlarini oqlay olmasmiz. Ammo, o‘ylaymanki, bizda barchasi yaxshi. Niderlandiyada yengish qiyin bo‘lgan yaxshi jamoa bor. Jarohatlar borasida omadimiz kelmadi. Ammo bizda yuqori saviyali futbolchilar ko‘p. Ehtimol, boshqa ayrim jamoalar bilan solishtirganda, bizning tanlovimiz kamroqdir. Ammo hozir menda sifatli jamoa bor», — deya qayd etdi Kuman turnir starti arafasida.

Belgiya

Belgiyaliklar Yevro-2024 starti arafasida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishdi — Chernogoriya (2:0) va Lyuksemburg (3:0) bilan. Domeniko Tedesko jamoasi kutilganidek ikki uchrashuvda ham g‘alaba qozondi. Ammo jamoa atrofidagi asosiy mavzu — o‘yinga oid emas. Tedesko Yevroga darvozabon Tibo Kurtuani olib ketmadi. Murabbiy va posbon o‘rtasida 2023 yil yozidayoq kelishmovchilik yuzaga kelgan, 2023/2024 yillar mavsumining katta qismini Tibo tizzasidagi jarohatni davolash bilan o‘tkazgan, faqat may oyiga kelib maydonga qaytgandi. Ammo Kurtua bu oraliqni juda yaxshi o‘tkazib, Chempionlar ligasi finalida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Tedesko esa Tiboni jamoaga chaqirmaganini u «formasini tiklay olmagani» bilan izohlagandi. Endi esa uning bu so‘zlari g‘alati ko‘rinmoqda.

Belgiyaning «oltin» avlodida katta turnirda g‘alaba qozonish uchun oxirgi imkon qolmoqda. Shu tufayli futbolchilar jamoa ichida va uning atrofida muhit yaxshi bo‘lishiga intilmoqda. «Men ikki tomon bilan ham gaplashdim. Men ularga bu borada nimani o‘ylayotganimni aytdim. Oxir-oqibat, milliy jamoa — asosiysi. Biz undagi futbolchilarda ishonch uyg‘otishimiz kerak. Agar Kurtua va Tedesko gaplashib olishni istashsa, ular buni qilishi kerak. Biz yulduzisiz qolgan yagona jamoa emasmiz. Bu chindan ham qiyin vaziyat. OAV esa faqat olovga moy sepmoqda. Qaysidir pallada ular buni bas qilishlariga to‘g‘ri keladi. Shunchaki futbolchilarga ishonch bag‘ishlaylik. Biz oldinga qarashimiz kerak, biz mashg‘ulot lageridamiz. Keling imkon doirasidagi barcha ishni qilamiz», — degan Romelu Lukaku Het Laatste Nieuws uchun intervyusida.

Portugaliya

Portugallar boshqa jamoalardan farqli ravishda iyun oyida uchta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishdi. Ularning har birida o‘rtamiyonadan yuqori darajadagi raqiblar duch keldi. Roberto Martines shogirdlari finnlar (4:2) va irlandlarni (3:0) mag‘lub etdi, ammo xorvatlarga kuch yetmadi (1:2). Portugaliya safida bu o‘yinlarda Brunu Fernandesh, Diogu Jota va Krishtianu Ronaldu ikkitadan gol urishdi. «An-Nasr» futbolchisi o‘z faoliyatida oltinchi bor Yevropa chempionatiga kelgan. Ronaldu irlandlarga qarshi o‘yinda dubl qayd etib, 39 yoshida ham yaxshi holatda ekanini namoyish etdi — unda het-trik qilish uchun ham imkoniyat bo‘lgandi.

Xorvatiya bilan o‘yindan keyin portugallar bosim ostida qolishdi. Ayrim ekspertlarda jamoa ambitsiyalari bo‘yicha shubhalar paydo bo‘ldi. Ammo Irlandiya bilan o‘yindagi g‘alaba vaziyatni biroz yaxshi tomonga o‘zgartirdi. Nima bo‘lganda ham bular shunchaki nazorat uchrashuvlari edi.

«Biz yaxshi o‘yin namoyish etdik. O‘ylaymanki, jamoa ko‘proq gol urishga haqli edi. Men tayyorgarlikni ideal deb atagan bo‘lardim, chunki biz jarohatlardan qutulib qoldik. Bir necha kun oldin mening ixtiyorimda shunchaki 26 nafar ajoyib futbolchi bor edi, endi esa biz haqiqiy jamoaga aylandik. Mening fikrimcha, Portugaliya Yevroga tayyor. Biz katta ish bajardik», — degan bosh murabbiy Martines Irlandiya bilan o‘yindan keyin.

«Jamoamiz 2016 yilgi natijani takrorlay oladimi? Qadamma qadam oldinga borish kerak. Jamoa tarkibida ko‘plab iste’dodli futbolchilar bor. Jamoa jiddiy natijani orzu qilishga haqli. Ammo yodda tutish kerakki, buni faqat katta mehnat evaziga qilish mumkin. Qattiq ter to‘kish lozim», — deya qayd etgan Ronaldu.

Ko‘proq yangiliklar: