O‘zbekiston tomonining tergov va sud materiallariga ko‘ra, Hindistonning «Marion Biotech» kompaniyasi ishlab chiqargan «Dok-1 Maks» yo‘tal siropini ichish oqibatida O‘zbekistonda kamida 68 nafar bola vafot etgan va 16 nafari nogiron bo‘lib qolgan.
Tekshiruvlar ishlab chiqaruvchining «Dok-1 Maks» va «Ambronol» siroplari tarkibida propilenglikol o‘rniga yoki u bilan birga diyetilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari borligini ko‘rsatdi.
Shundan keyin, Hindiston politsiyasi mazkur farmatsevtika kompaniyasining ishlab chiqarish bo‘yicha direktori va ikki nafar kimyogarini hibsga oldi. Qolgan ikki direktor «mamlakatdan tashqarida ekani va Hindistonga qaytishi bilanoq qamoqqa olinishi» ma’lum qilindi.
Holat yuzasidan «Marion Biotech Private Limited» (ishlab chiqaruvchi) va «Maya Chemtech India Pvt.» (ishlab chiqaruvchiga dorining tarkibiy qismini yetkazib bergan ta’minotchi) rahbarlari va boshqalarga nisbatan Hindistonning «Dori vositalari va kosmetika to‘g‘risida»gi qonuni 17(a) va 17(b) moddalariga asosan inson xayotiga xavfli va jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan sifatsiz, soxta va qalbaki deb topilgan dori vositalarini ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
OAVda tarqalgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida 2023 yil mart oyida O‘zbekiston tergov organlari Tashqi ishlar vazirligi orqali Hindiston hukumatiga tegishli so‘rovnoma yuborgan. Ammo 2024 yil mart oyi holatiga, yuqoridagi so‘rovnomaga hech qanday javob qaytarilmagan.
Kun.uz mazkur jinoyat ishi bo‘yicha batafsil ma’lumot olish maqsadida Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘ldi va elchining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Arif Said bilan suhbatlashdi.
Arif Saidning suhbat avvalidagi tushuntirishi: Sizlarda e’lon qilingan maqolada keltirilgan ayrim ma’lumotlar biz uchun ham yangilik bo‘ldi. Shu masala bo‘yicha O‘zbekiston va Hindiston hukumati bilan o‘zaro aloqani tiklash uchun bog‘landik. Surishtiruv natijalari bilan tanishish uchun O‘zbekiston hukumati bilan doimiy aloqada bo‘lyapmiz. Bu masalaga boshidan jiddiy qaraganmiz. Chunki dunyo bo‘ylab odamlarda Hindiston xalqaro standartdan past darajadagi dorilarni yetkazib beradi, degan tasavvur qolib ketishini istamaymiz.
Elchixona «Marion Biotech» kompaniyasiga nisbatan juda ham jiddiy chora-tadbirlar ko‘rilyapti, deb o‘ylagan. O‘zbek mediasida sud jarayoniga oid ma’lumotlar chop etila boshlagach, unday bo‘lmaganini bildik. Shundan so‘ng, Hindistondan katta delegatsiya kelishini talab qildik. Uning tarkibida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlardan vakillar bo‘ladi. Mazkur delagatsiya iyul oyi oxirgi haftasida kelishi rejalashtirilgan. Barcha masalalarga ular tushuntirish beradi.
Muxbir: Hindistonda olib borilayotgan sud jarayoni haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay sukut saqlanishining sababi nimada?
Arif Said: Sudda kim qanaqa jazo olganini bilish uchun elchixona, Farmatsevtika va Sog‘liqni saqlash vazirligi birgalikda ish olib boryapti. Yakunda bu bo‘yicha ma’lumot beriladi.
Muxbir: O‘zbekistonda ko‘plab bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyat ishida ayblanayotganlarga nisbatan juda yengil jazoni nazarda tutuvchi moddalar bilan ish ochilgani adolatdanmi?
Arif Said: Jazoning yengil deyilayotgani umumiy ma’lumotlardan kelib chiqilgan. Mazkur holatning aynan o‘sha keysga to‘g‘ri kelishi haqida dalilimiz yo‘q. Hindiston qonunchiligida odamlar o‘limiga sababchi bo‘lgan holatlar uchun boshqa moddalar ham bor. Iyul oyi oxirida keladigan delegatsiya har bir jihatga alohida to‘xtalib, to‘liq ma’lumot beradi.
Muxbir: Elchixona aniq qaysi muddatga qadar mazkur ish bo‘yicha jamoatchilikka to‘liq ma’lumot bera oladi?
Arif Said: Bu borada aniq muddatni ayta olmayman. Elchixona mazkur masala bo‘yicha jiddiy shug‘ullanmoqda. Bugun ham bir nechta vazirlik bilan qayta aloqa o‘rnatildi. Hindistonda farmatsevtika juda katta tarmoq bo‘lgani uchun, bu bilan bir qancha tashkilotlar shug‘ullanadi. Ularning hammasidan ma’lumotlarni yig‘ib, to‘liq ishonch hosil qilganimizdan keyin yakuniy xulosani taqdim qilamiz. Hozir ular bilan aloqadamiz va javoblarni kutyapmiz.
Muxbir: Delagatsiya kelgach, matbuot anjumani o‘tkazilib, jurnalistlar savollariga javob berialdimi?
Arif Said: Dastur bo‘yicha kun tartibida matbuot anjumani ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bu borada matbuot anjumani ham o‘tkaziladi.
Muxbir: Nima uchun elchixona O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining so‘roviga javob qaytarmagan?
Arif Said: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi surishtiruv bo‘yicha bayonotni taqdim qilish yuzasidan aloqaga chiqdi. Hindistonga so‘rov yubordik, javob kelmagani uchun ularga ma’lumot taqdim qila olmadik. Shundan so‘ng, O‘zbekiston TIV Hindistondagi o‘zlarining elchixonasi bilan faol tarzda ishlayapti va ma’lumot almashyapti.
PS: Suhbat 19-20 daqiqa davom etdi. Elchixonaning talabi bilan faqat mantli tarzda qisqa mazmuni bayon etildi.
Doston Ahrorov va Normuhammad Ali suhbatlashdi