AQSh Moliya vazirligi Rossiya valuta bozorida dollar savdosiga vositachilik qiluvchi bir nechta moliya institutlariga, xususan, Moskva birjasi, Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.
Buning natijasida Moskva birjasi 13 iyundan boshlab dollar va yevro savdosini to‘xtatdi. RBK xabariga ko‘ra, valuta ayirboshlash shoxobchalarining ba’zilarida dollarning eng yuqori qiymati 12 iyun kungi mahalliy vaqt bilan soat 19:15 holatiga ko‘ra 200 rublgacha ko‘tarilgan. Shu bilan birga, yevro sotib olish kursi ham 160 rublgacha oshgan. Oradan biroz vaqt o‘tib, kurs biroz barqarorlashdi. Shunday bo‘lsa-da, onlayn banklarning aksariyati dollar sotishni to‘xtatdi.
Rubl kursidagi yuqori tebranuvchanlik
Moskva birjasi – Rossiya moliyaviy infratuzilmasining muhim qismidir. Unda banklar, korxonalar va investorlar turli xil valutalar – dollar, yevro va yuanni sotib oladi va sotadi. Rossiya Markaziy banki kunning birinchi yarmidagi savdolarning borishiga qarab, rubl kursini belgilaydi. Keyinchalik bu kurs banklardan valuta sotib olish mumkin bo‘lgan o‘rtacha qiymatni aniqlab beradi. Yangi sanksiyalar esa mazkur tizimni buzdi.
“Eng asosiy oqibat rubl kursi volatilligining o‘sishi bo‘ladi”, dedi Bloomberg Economics'ning Rossiya, Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha bosh iqtisodchisi Aleksandr Isakov BBC bilan suhbatda.
Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, ko‘plab xorijiy investorlar Rossiya bozorini tark etgandi. Xorijiy valutaning chiqib ketishi ortidan rublning tebranishlari ancha kuchaydi. Masalan, 2023 yilda rublning uzoq davom etgan pasayishi kuzatildi. 2023 yilda dollarning rublga nisbati 70 dan 104 gacha o‘zgarib turdi. Rasmiylar esa buni turli xil ma’muriy qarorlar bilan to‘xtatishga harakat qilib kelyapti.
Moliyachi Sergey Romanchuk spredlarning o‘sishi, ya’ni valutani sotish va sotib olish kursi o‘rtasidagi farq yuqori bo‘lishi, banklar bundan yaxshi pul ishlashlari mumkinligi haqida yozdi. Shuningdek, u valuta savdosi hajmining yanada qisqarishini prognoz qildi.
“Kelajakda yuan savdosi bilan ham nima bo‘lishi noaniq”, deydi Romanchuk. Uning fikricha, Xitoy rasmiylari Rossiya milliy kliring depozitariysiga xizmat ko‘rsatishni istamasligi mumkin.
Avvalroq, OAVda Xitoy banklari ikkilamchi sanksiyalardan qochish uchun Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalarini ikki marta tekshirayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
“Bozor uchun bu sanksiyalar unchalik katta voqea emas, oddiy ruslar uchun esa juda kichik voqea. Ammo Moskva birjasining o‘zi uchun bu muhim”, deydi T-Investmens bosh iqtisodchisi Sofya Donets.
Endi Rossiya Markaziy banki valuta kursini qanday belgilaydi?
Bugungi kungacha Rossiya Markaziy banki rasmiy dollar va yevro kurslarini belgilashda birja savdolari haqidagi ma’lumotlardan foydalangan. Moskva birjasiga qarshi sanksiyalar qo‘llangandan so‘ng, regulyator rasmiy dollar va yevroning rublga nisbatan qiymatini bank hisobotlari va birjadan tashqari raqamli platformalardan olingan ma’lumotlar orqali aniqlanishini e’lon qildi.
RF Markaziy banki rublning “yagona bozor kursi” mavjud bo‘lishda davom etishini va’da qilmoqda. Regulyator, shuningdek, aholini ular uchun hech narsa o‘zgarmasligiga ishontiryapti: bunday keyin ham valuta sotib olish va sotish mumkin bo‘ladi. Banklar va moliyaviy kompaniyalar ham bu ularning ishiga ta’sir qilmasligini ta’kidlashgan. Markaziy bankning so‘nggi tahlili natijalariga ko‘ra, valuta savdolarining umumiy hajmida birjadan tashqari bozor ulushi birja bozori ulushidan allaqachon oshib, 58,1 foizni tashkil etgan.
Bu yerda eng asosiy xavf Rossiya moliya tizimining qulay va xavfsiz valuta ayirboshlash vositasidan mahrum bo‘lishidir.
Iqtisodchi Aleksandr Isakovning fikricha, mamlakatda valuta taqchilligi kuzatilmaydi.
“Ehtimol, asosiy ta’sir chet el valutasining tanqisligi bo‘lmaydi, ammo eksportyorlar va importerlar uchun tranzaksiya xarajatlari oshadi”, – deydi Isakov.
Uning fikricha, uzoq muddatli istiqbolda sanksiyalar kapitalning chiqib ketishiga va rublning zaiflashishiga olib keladi.
Renaissance Capital bosh iqtisodchisi Oleg Kuzminning fikricha, dollar va yevro kurslarini hisoblash uchun asos sifatida birjada mavjud bo‘lgan yuanning rublga nisbatan qiymati olinadi.
“Markaziy bank esa dollar-rubl kursini ushbu valutalar emitent davlatlaridan birining Markaziy banki tomonidan belgilangan yuan-dollar kursidan foydalangan holda belgilaydi. Bu amaliyot rublning xalqaro valutalar katta qismiga nisbatan kursini belgilashda ham qo‘llanadi”, deb tushuntirdi Kuzmin.
Markaziy bankning qo‘shimcha qilishicha, agar bank hisobotlari va raqamli platforma ma’lumotlari ham mavjud bo‘lmasa, dollar, yevro va yuanning rublga nisbatan rasmiy kursi avvalgi kundagi qiymatga tenglashtiriladi.
Romanchuk Moskva birjasida dollar va yevrodagi savdolarning to‘xtatilishini “90-yillarga qaytish” deya ta’rifladi.
“Bir paytlar markazlashgan kliring va elektron valuta savdosi ham bo‘lmagan, odamlar yashardi!” – deya yozadi u. Romanchukning fikricha, muqobil elektron platforma paydo bo‘lishi mumkin, ammo u Moskva birjasi o‘rnini birdaniga bosishi imkonsiz.
Rubl zaiflashadimi?
Bloomberg iqtisodchisi Aleksandr Isakovning fikricha, sanksiyalar natijasida rubl ko‘pi bilan 10 foizgacha zaiflashishi mumkin.
“Bu holatda Rossiya banki va Moliya vazirligi stavkalarni ko‘tarish va valuta taklifini oshirish orqali zarbani yumshatishga harakat qiladi”, deya ta’kidlaydi Isakov.
Valuta Rossiyaga birja orqali emas, balki eksport-import kanali orqali kirib keladi. Shu jihatdan, ko‘pchilik mutaxassislar sanksiyalar rublning keskin zaiflashishiga ta’sir qilmaydi, deb hisoblashyapti.
CEPA ilmiy xodimi Aleksandr Kolyandr The Bell nashriga ma’lum qilishicha, sanksiyalar rubl konvertatsiyasining cheklanishi, Rossiyadan valuta olib chiqish qimmatlashishi, rossiyalik eksportyorlar uchun valutani manfaatli kursda sotish qiyinlashishiga olib keladi.
Sanksiyalar va rubl kursi o‘zgarishining O‘zbekistonga ta’siri
Pul o‘tkazmalariga ta’siri. O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining katta qismi Rossiyadagi mehnat muhojirlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning I choragi davomida pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi 2,5 mlrd dollarni tashkil qilgan. Shundan qariyb 68 foizi – Rossiyadan yuborilgan o‘tkazmalar. Rubl qadrining tushib borishi esa asosiy daromadi xorijdan yuboriladigan mablag‘larga bog‘liq bo‘lgan oilalarni nisbatan kambag‘allashtiradi va ularning iste’moli quvvatini pasaytiradi.
Eksport tushumlariga ta’siri. 2024 yilning yanvar-aprel oylarida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasi 3,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan, eksport hajmi – 1,02 mlrd dollar. Rossiya bozori O‘zbekiston eksporti uchun asosiy bozor hisoblanadi. O‘zbekistonlik eksportchilar Rossiyaga mahsulot yetkazib berayotganda mahsulot tannarxi Rossiya bozoridagi narxlarga qarab belgilanadi. Valuta kursining o‘zgarishi esa dollar hisobidagi tushumning pasayishiga olib keladi.
Ehtimoliy sanksiyalar xavfi. Sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shilganidan so‘ng, Moskva birjasi “o‘ta xavfli” kontragentga aylandi. Bu esa mazkur birja bilan bilan ishlashi mumkin bo‘lgan O‘zbekistondagi tashkilotlarni ham ikkilamchi sanksiyalar xavfi ostida qoldiradi.