Prezident: «Energiyani tejash yo‘qotishlarni kamaytirish hisobiga bo‘lishi shart»

O‘zbekiston 07:30 / 12.06.2024 5973

Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 iyun kuni energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda energetika sohasi obektlari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Yangi ijtimoiy obektlarni loyihalashtirishda energiya tejamkorlik bo‘yicha qat’iy talab kiritish, ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, korxona, savdo va servis binolarida energiya samaradorligi bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. 

Yig‘ilishda joriy yilda 1 mingta ijtimoiy obektni kuz-qish mavsumiga tayyorlash topshirildi. Jumladan, 251 ta shifoxona, 292 ta bog‘cha, 393 ta maktab va internat ta’mirlanadi.

Prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini, ular yanada katta marra olishi shartligini ta’kidladi.

Har bir hokimga bittadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash bo‘yicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi ta’kidlandi.

- Tejash – yo‘qotishlarni kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga bo‘lishi shart, - dedi davlat rahbari.  

Yig‘ilishda bundan buyon ilg‘or tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorligini baholash bo‘yicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: