Osiyoda JCh-2026 ikkinchi saralash bosqich so‘nggi turi doirasidagi navbatdagi o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston milliy jamoasi safarda Eronga qarshi saf tortdi.
Tehrondagi «Ozodi» o‘yingohida o‘tgan bahs oldidan har ikki jamoa muddatdan avval guruhdan keyingi bosqichga yo‘l olish masalasini hal qilgan bo‘lsa-da, bahs murosasiz va keskin kurashlar ostida o‘tdi.
Srechko Katanets shogirdlari forslarga qarshi uchrashuvda raqibdan hech bir jabhada qolishmay, gohida maydonda ustunlik ham qila olishdi. Birinchi bo‘limda deyarli yakkama-yakka vaziyatda Oston O‘runovdan omad yuz o‘girdi.
Ikkinchi bo‘limda Eldor Shomurodov o‘rniga Abbosbek Fayzullayev maydonga tushgach, hujumkorlik pasaygani yo‘q. Ammo Eronni muxlislari qarshisida mag‘lub etishning imkoni topilmadi. Toshkentdagi bahsda bo‘lgani kabi kuchlar teng keldi – 0:0.
Shu tariqa, Eron va O‘zbekiston E guruhini 14tadan ochko bilan yakunlab, forslar peshqadam sifatida, vakillarimiz esa 2-o‘rin bilan hal qiluvchi bosqichga yo‘llanma oldi.
JCh-2026 saralashi. 6-tur
11 iyun (seshanba)
Eron – O‘zbekiston – 0:0
Hakam: Kim Jong Xyok (J.Koreya)
Eron: 1. Alirizo Beyronvand, 4. Shojai Xalilzoda, 2. Soleh Hardaniy, 13. Husseyn Ka’noniy, 5. Milod Muhammadiy, 14. Saman Quddus, 21. Omid Nurafkon (6. Muhammad Qurboni, 74), 16. Mehdi Turobiy, 7. Alirizo Jahonbaxsh, 20. Sardor Ozmun, 9. Mehdi Toremiy.
O‘zbekiston: 1. O‘tkir Yusupov, 2. Abduqodir Husanov, 4. Farrux Sayfiyev, 5. Rustam Ashurmatov, 7. Otabek Shukurov (6. Diyor Xolmatov, 71), 9. Odiljon Hamrobekov, 10. Jaloliddin Masharipov (21. Azizbek Amonov, 71), 11. Oston O‘runov, 13. Sherzod Nasrullayev, 14. Eldor Shomurodov (22. Abbos Fayzullayev, 57), 23. Husniddin Aliqulov.
Ogohlantirishlar: Abduqodir Husanov, 18.