2024 yil 10 iyun kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan Hisorak suv omborining to‘g‘oni yorilgani va katta miqdorda suv oqib ketayotgani haqida vahimali xabarlar tarqaldi.
Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda suv ombori atrofida yashaydigan aholi vahimaga tushib, o‘z uylarini tark eta boshlagani aks etgan videolar paydo bo‘ldi.
Shunda zudlik bilan Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov hamda Qashqadaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Farhod Mirzayev Hisorak suv ombori oldida turib, holat bo‘yicha aholiga video murojaat yo‘lladi.
Mutasaddilar suv omborida jiddiy hodisa yuz bermagani, vahimaga o‘rin yo‘qligini aytib, aholidan o‘z uylarini tark etmaslikni so‘rashdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 10 iyun kuni «Hisorak GES» UK boshqarmasiga qarashli suv ombori to‘g‘onining chap tarafidan qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik texnik tadbirlari vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilgan.
Shundan so‘ng holat darhol Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan nazoratga olingan. Suv omboriga hech qanday shikast yetmagan. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmgan va halok bo‘lmagan.
Hodisa yuz bergan zahoti avariya oqibatini bartaraf etish maqsadida «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi rahbarligida viloyat hokimi, FVB, IIB boshliqlari va boshqa mutasaddi tashkilotlardan iborat tezkor shtab tuzilib, maxsus texnikalar yordamida barcha zarur muhandislik tadbirlarini bajarish ishlari boshlab yuborilgan.
Suv ombori tarixi
Hisorak suv ombori Shahrisabz shahridan 35 km, Miroqi qishlog‘idan 1,5 km masofada joylashgan. Uning qurilishi 1977 yilda boshlangan. Ushbu suv omborining asosiy suv manbayi Hisor tog‘ tizmalaridan oqib keluvchi Oqsuv daryosi hisoblanadi.
Suv omborini qurishdan asosiy maqsad – kuz, qish va bahor paytlarida Oqsuv daryosining suvi behuda oqib ketishining oldini olish va ularni to‘plab yozgi vegetatsiya davrida qishloq xo‘jaligida foydalanish bo‘lgan.
Qurilish 10 yildan oshiqroq davom etgan va suv ombori 1988 yilda bitkazilgan. Sinovlar va to‘g‘onni qo‘shimcha mustahkamlash ishlaridan so‘ng Hisorak 1990 yilda foydalanishga qabul qilingan.
Suv omborining loyihaviy suv sig‘imi 170 mln metr kub bo‘lib, u Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Kitob, Chiroqchi va Yakkabog‘ tumanlarida joylashgan 49 ming gektar ekin yer maydonini sug‘orish imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari, suv omborining suvi tozalanib ichimlik suvi sifatida ham ishlatiladi.
Hisorak suv ombori ilk qurilganda unda GES inshootlari bo‘lmagan. Keyinchalik mustaqillik yillarida suv omborida bir yilda 80,9 mln kVt elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi GES qurilgan va u 2011 yilda foydalanishga topshirilgan.
Ushbu GESda ikkita agregat bo‘lib, ular soniyasiga 45 metr kub suv o‘tkazish qobiliyatiga ega.
Hisorakning to‘g‘on konstruksiyasi yadroli, tosh-tuproq to‘kmali bo‘lib, balandligi 138,5 m, uzunligi 660 metr, to‘g‘on usti eni 16 metrni tashkil etadi. To‘g‘onning ustki qismi temir-beton plitalar bilan qoplangan.
Hisorak haqidagi ma’lumotlar
To‘liq suv saqlash hajmi: 170 mln metr kub;
Tavsiya qilingan suv saqlash hajmi: 161 mln metr kub;
Suv omborining «o‘lik sathi»: 8,4 mln metr kub;
Suv ombori yuzasi o‘lchami: 4,1 kilometr kvadrat;
Uzunligi: 6,8 kilometr;
Eni: 600 metr (eng keng joyda);
Maksimal chuqurligi: 130 metr;
To‘g‘on balandligi – 140 metr;
To‘g‘onning uzunligi – 660 metr;
To‘g‘onning usti – 16 metr;
Hisorakdagi GES quvvati – 45 kVt;
GESning yillik o‘rtacha quvvati 80,9 mln kVt.ni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, 2021 yil 15–28 mart kunlari O‘zbekiston elchixonasi va AQSh armiyasi harbiy muhandislar korpusi (United States Army Corps of Engineers, USACE) bilan erishilgan kelishuv doirasida gidrotexnika inshootlari xavfsiz faoliyatini monitoring qilish bo‘yicha ko‘p yillik amaliy tajribaga ega bo‘lgan amerikalik mutaxassislar, Suv xo‘jaligi vazirligi, «O‘zbekgidroenergo» AJ, «Davsuvxo‘jaliknazorat» davlat inspeksiyasi vakillari bilan birgalikda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan Hisorak va To‘palang suv omborlari holatini o‘rgangandi.
Hisorak suv ombori Qashqadaryo viloyati uchun juda muhim inshoot sanaladi. Viloyat qishloq xo‘jaligi uchun va ichimlik suvi berishdan tashqari, suv omborining atrofi vohada sayyohlikni rivojlantirish uun juda qulay joy hisoblanadi.
So‘nggi yillarda suv ombori yaqinidagi Miroqi shaharchasida ko‘plab dam olish maskanlari ochildi. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan suv ombori qirg‘oqlarida ham turli dam olish joylari, Hisorakda qayiqlarda sayr qilish, osma yo‘l tashkil etildi.
2024 yil 5 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ana shu yig‘ilishda Shahrisabz tumani va shahrida turizm klasteri tashkil etilishi, 33 kilometrli Hisorak – G‘yelon va Hisorak – Sarchashma yo‘li kengaytirilib, ta’mirlanishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, suv ombor yaqinidagi Miroqi shaharchasida ham qator ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani, xorijiy investorlar tomonidan Shahrisabz tumani G‘yelon va Sarchashma qishloqlari orasida 3 ming gektarli tog‘-chang‘i majmuasi tashkil qilish boshlangani ma’lum qilingandi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi