4 qurbon va umrbod qamalgan qotil – Qo‘rg‘ontepadagi mudhish jinoyat tafsiloti

Jamiyat 20:52 / 11.06.2024 70578

Qo‘rg‘ontepa tumanining Ozod mahallasida sodir etilgan bu qotillik jinoyati ko‘pchilikni dahshatga, shuning barobarida o‘ylovga soldi: hammaning ko‘nglidan nega, qanday qilib, nahotki, degan savollar o‘tardi. Bularga javob beradigan yagona odam esa 56 yoshli qotil ota edi. U 6 nafar oila a’zosini bir dasturxon atrofida ovqatlanib o‘tirishganida xonaga qamab, yoqib yuborgandi.

Manasovlar oilasi

1967 yilda Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan Yo‘lchiboy Manasov Yo.Manasova bilan turmush qurib, 4 farzandli bo‘lishgan: bir qiz va uch o‘g‘il. O‘g‘illaridan biri X.Toshtemirov 2-guruh nogironi edi.

Yo‘lchiboy Manasov Rossiya davlatiga borib-kelib, ishlab yurgan. Farzandlar tarbiyasi esa asosan ona zimmasida qolgan. 2008 yilda oiladagi yagona qiz Sh.Manasova Qirg‘izistonga turmushga chiqadi. Kuyov o‘z odatlari bo‘yicha uni olib qochib ketgandi. Bundan jahli chiqqan ota uni “oq qiladi”. Shu tariqa ota va qiz o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetgan.

2018 yil dekabr oyida oiladagi katta o‘g‘il, nogiron X.Toshtemirovni uylantirishadi. Shundan so‘ng Yo‘lchiboy Manasov Rossiyaga bormay qo‘ygan. Ko‘p o‘tmay, 2022 yilning noyabr oyida o‘rtancha o‘g‘il ham uylanadi.

Aroq, bahona va janjallar

Tashqaridan el qatori, oddiy ko‘ringan oila aslida ichkaridan notinch edi. Ota kunora ichib kelib, turli bahonalar bilan janjal chiqarar, ayolini, nogiron o‘g‘lini kaltaklardi.

O‘rtancha o‘g‘il (u uylangach chet elga bormay qo‘ygandi) otasining Jiguli mashinasida kirakashlik qilar, ota esa unga har kuni aroq olib kelishni buyurardi. Vaqt o‘tib, kenja kelin homilador bo‘ladi. O‘g‘il bu xushxabarni aytib, suyunchi olish maqsadida otasining yoniga shoshadi. Ammo otaning gaplari uning yuziga tarsaki bo‘lib tushadi go‘yo: “Hali akang farzandli bo‘lmasdan turib sening farzandli bo‘lishga haqqing yo‘q. Tug‘iladigan bolani yangangga berasan”, deydi ota. Yosh er-xotin bu talabga norozi bo‘lishadi.

Yo‘lchiboy Manasov uchun janjal chiqarishga bahona topilgandi. U har kuni shu mavzuni aytib, janjallashishni odatga aylantiradi. Bundan bezor bo‘lgan o‘rtancha o‘g‘il 2023 yil fevral oyida ishlash uchun yana Rossiyaga ketadi. 

Olovli tun

2023 yilning 27 iyul kuni Yo‘lchiboy Manasov yana turmush o‘rtog‘i va nogiron o‘g‘li bilan janjallashadi. Kichik kelin ularni ajratib, tinchlantirmoqchi bo‘ladi. Biroq qaynota oila a’zolari o‘rtasiga tushayotgani uchun unga o‘ldirib yuborish bilan tahdid qiladi. So‘ngra uydan chiqib ketib, bir muddat o‘tgach qo‘lida aroq bilan qaytadi.

Talabi farzandi tomonidan rad etilgan ota bunga chiday olmay, o‘zini oila boshlig‘i sifatida g‘ururi kamsitilgan deb hisoblardi. Shu sababli, u hovlidagi so‘rida o‘tirib, olib kelgan arog‘ini icha boshlaydi. Spirtli ichimlik ta’siridami, oila a’zolaridan o‘ch olish maqsadi tug‘iladi. Buning uchun ularning barchasini bir xonaga qamab, tiriklayin o‘t qo‘yib o‘ldirib yuborishni rejalashtiradi hamda qulay fursat kelishi uchun kun botishini kuta boshlaydi.

Bu orada otasi oila a’zolari bilan yana janjallashayotganidan xabar topgan Sh.Manasova kenja farzandi, 4 yoshli A.Erkinboyeva bilan onasidan xabar olish uchun ota uyiga keladi.

Soat taxminan 21:00 lar atrofida ona, nogiron o‘g‘il, ikki kelin hamda qiz va nabira ovqatlanish uchun bir xonaga jam bo‘ladi. Yo‘lchiboy Manasov qabih niyatini amalga oshirish uchun fursat kelganini tushunadi. U tashqariga chiqib, mashinasidan yelim idishga benzin to‘ldirib oladi. So‘ng oila a’zolari o‘tirgan xonaga kirib, benzinni har tomonga sepa boshlaydi. Xonadagilar bir fursat nima sodir bo‘layotganligini anglay olishmay, hayron qarab turishadi. Qotil yondirgich bilan xonaga o‘t qo‘yadi hamda o‘zi tashqariga chiqib, eshikni ortidan berkitadi.

Yo‘lchiboy Manasov xonaga o‘t qo‘yishdan oldin bir muddat eshik oldida sigaret chekib, oila a’zolariga qarab turgan. Uning vajohatidan qo‘rqib ketgan qizi bolalikdan birga o‘sgan, shu mahallada yashovchi dugonasiga ijtimoiy tarmoq orqali audio xabar jo‘natib, otasi janjal chiqarib, ularni yoqib yubormoqchi ekanligini aytishga ulgurgan.

Xonadonda bo‘layotgan baqir-chaqirni eshitgan hamda ko‘kka o‘rlayotgan tutunni ko‘rgan qo‘shnilar, shuningdek, yetib kelgan dugonaning sa’y-harakatlari bilan olov ichida qolganlar tashqariga olib chiqilgan. Qotil esa sal narida bu voqealarni shunchaki tomosha qilib o‘tirgan. Hattoki yordamga kelgan qo‘ni-qo‘shnilarni haqorat qilib, haydashga harakat qilgan.

4 o‘lim va bir tug‘uruq

Yoqib yuborilganlar zudlik bilan shifoxonaga olib boriladi. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay, ularning 4 nafari vafot etadi.

Jumladan, ota uyiga mehmonga kelgan oilaning yolg‘iz qizi Sh.Manasova 82 foiz kuyish bilan 28 iyulda, uning 4 yoshli qizalog‘i A.Erkinboyeva 65 foiz kuyish bilan 15 avgustda, nogiron o‘g‘il X.Toshtemirov 90 foiz kuyish bilan 31 iyulda hamda oila bekasi Yo.Manasova 50 foiz kuyish bilan 13 sentabr kuni vafot etadi. Xonada bo‘lganlardan faqatgina ikki kelin tirik qoladi.

Jarayonda hushidan ketib qolgan kenja homilador kelin shifoxonaga olib borilgach, farzandli bo‘lgan.

Toshkent shahar Ruhiy kasalliklar shifoxonasining xulosasiga ko‘ra, Yo‘lchiboy Manasov ilgari ham, hozirgi vaqtda ham hech qanday surunkali ruhiy kasallik yoki aqliy zaiflikka chalinmagan. Jinoyat sodir etish paytida unda hech qanday ruhiy buzilish belgilari aniqlanmagan. 

Sudda so‘roq qilingan Yo‘lchiboy Manasov aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U o‘z ko‘rsatmasida jinoyatni sodir qilishga turmush o‘rtog‘i va boshqa oila a’zolari bilan o‘rtalaridagi kelishmovchiliklar sabab bo‘lganligini ta’kidlagan hamda har qanday jazoga loyiqligini bildirgan.

“Oila notinchligini bilmagandik” 

Sud hujjatida keltirilishicha, sudda Ozod mahallasi raisi B.Quvatova Manasovlar oilasidan biror marta shikoyat tushmaganligini, bu oila notinch ekanligidan xabarlari bo‘lmaganligini aytib, ko‘rsatma bergan.

“Ushbu oila mahalladagi namunali oilalar qatorida edi. Mahalla raisi sifatida ishlay boshlaganimdan beri o‘tgan davrda Manasov yoki uning boshqa oila a’zolari ustidan biror shikoyat kelib tushmagan. Oilaga nisbatan boshqa fuqarolar tomonidan e’tirozlar ham bo‘lmagan. Mahalla raisi sifatida Yo‘lchiboy Manasov o‘z oila a’zolari bilan murosaga kelmasdan janjallashib yurganligi to‘g‘risida eshitmaganman. Agar bu oila janjalkash yoki bunga moyil bo‘lganida albatta hamkor idoralar bilan birgalikda zarur tegishli choralar ko‘rardik.

Jinoyatning sodir etilishi o‘zim va mahalla uchun uyatli bo‘ldi. Manasov jinoyatni sodir qilgunga qadar spirtli ichimliklar ichishga ruju’ qo‘yganligi, buning ortidan mast holda o‘z oila a’zolari bilan janjallashib, ularni o‘ldirish bilan tahdid qilib kelganligi tergov davrida aniq bo‘ldi. Ushbu jinoyatning sodir etilishi mahalla raisi sifatida ishni to‘g‘ri tashkil qilmaganligimni ko‘rsatib berdi”, deya ta’kidlagan mahalla raisi.

Jazo 

Mazkur qotillik jinoyati JIB Qo‘rg‘ontepa tuman sudida sudya O.Ne’matillayev raisligida ko‘rib chiqilgan.

Sudning 2024 yil 24 yanvar kungi hukmi bilan Yo‘lchiboy Manasov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a, v, j” bandlari va 25,97-moddasi 2-qismi “a, b, v, j” bandlarida keltirilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni maxsus tartibli koloniyalarda, dastlabki 3 yilini esa turmaga qamash tariqasida o‘tattirish belgilangan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud materiallari asosida tayyorlandi.

Ko‘proq yangiliklar: