Prezident huzurida 10 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda elektr energiyasini ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, barcha generatsiya manbalari hisobidan joriy yilda 4 gigavattlik elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. 11 ta quyosh va 3 ta shamol stansiyasi shular jumlasidan.
Bundan tashqari, 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiyani kapital ta’mirlash, 595 kilometr elektr tarmog‘i va 4 ta yangi podstansiyani ishga tushirish rejalari belgilab olindi.
Issiqlik elektr stansiyalari barqaror ishlashi, aholi va ijtimoiy soha ehtiyojlari uchun joriy yilda ko‘mir qazib chiqarishni yanada ko‘paytirish va bu borada 8 million tonnalik ko‘rsatkichga intilish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, ko‘mir importi uchun uch yil muddatga revolver kreditlar beriladi. Mazut va ko‘mir 2 yilga bojdan ozod qilinadi (bu mahsulotlar uchun amalda ham import bojining 0 foizlik stavkasi amal qilmoqda).
Mutasaddilar va hokimlar oldiga yaqin muddatda aholi va ijtimoiy soha uchun 1 million 200 ming tonna, yil yakunigacha yana shuncha ko‘mir yetkazib berish, 1 oktyabrgacha 600 ming tonna ko‘mir va 350 ming tonna mazut zaxirasini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, gaz bosimi past, yo‘qotishlar yuqori bo‘lgan mahallalardagi xonadonlarning gaz ta’minotini uch bosqichli tizimdan ikki bosqichliga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Umuman, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida Energetika vazirligi rahbarlari hududlarga biriktiriladigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2023 yil noyabr oyida parlamentdagi chiqishida qish uchun 340 ming tonna mazut g‘amlab qo‘yilgani, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 47 ming tonna bo‘lganini aytgandi.