Izolyatsiyalangan uy: xonada mo‘’tadil iqlimni istaganlar bilishi shart bo‘lgan tavsiyalar

O‘zbekiston 16:37 / 10.06.2024 5537

BMTTDning “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi asosida energiya sarfi 0 ga teng bo‘lgan xonadonlarni qanday yaratish yuzasidan tavsiyalar va tajribalar bilan tanishtirishda davom etamiz. Energiya sarfini minimallashtirish va bunda xotin-qizlar uchun imtiyozli subsidiyalar haqida ma’lumot beramiz.

Energiya tejamkor uylar atmosferaga zararli chiqindilarni kamaytirib, har bir insonning atrof-muhitni asrashdagi hissasini oshiradi. Xotin-qizlar, ayniqsa onalar uchun bu juda muhim, chunki ular kelajak avlodlar uchun sog‘lom va xavfsiz muhitni ta’minlashni istaydilar. Energiya sarfi nolga teng bo‘lgan uylar, hamma zarur energiyani qayta tiklanuvchi manbalardan olishga qodir “ekobino”lar hisoblanadi. Bunday uylarni qurishda ishlatiladigan materiallar yuqori izolyatsion xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak. Jumladan, devorlar va tomlar uchun qo‘llanadigan materiallar issiqlikni saqlashda samarali bo‘lishi, deraza va eshiklar esa ikki yoki uch qavatli oynadan yasalgan bo‘lishi talab qilinadi. Shuningdek, uyning barcha elementlari havo o‘tkazmasligi va energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan uskunalar bilan jihozlanishi zarur. Energiya sarfini minimallashtirish uchun energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan holda loyihalashtirish muhimdir.

Xo‘sh, energiya sarfi 0 ga teng bo‘lgan uy qanday quriladi?

Bu borada yechimni arxitektor bilan maslahatlashgan holda topish mumkin. Masalan, quyosh nurining to‘g‘ri tushishi ham uy iqlimi uchun muhim hisoblanadi. Mutaxassislar Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida namuna sifatida qurilgan energotejamkor uy misolida buni ko‘rsatib berishdi.

“Agar uyimiz yaxshi isishini istasak, quyosh to‘g‘ri tushadigan tomoniga maksimal kattaroq derazalar o‘rnatish kerak. Agar issiq iqlimli hudud bo‘lsa, unda quyosh nuri ko‘p tushadigan tomon devori ingichkalashtirilib, quyosh tushmaydigan qilib cho‘ziladi. Bu joylashuv yechimi bilan ham samaradorlikni ma’lum miqdorda saqlash mumkin.

Uy devori tashqi tomondan 10 sm mineral paxtali issiqlik izolyatsiyasi bilan qoplangan. Uning ustidan esa shamol va suvdan himoya qatlami ishlatilgan va pardozlangan. Xonalarda mo‘’tadil haroratni saqlash uchun esa shiftning balandligi muhim rol o‘ynaydi. Shift qanchalik baland bo‘lsa uni isitish shunchalik qiyinlashadi. Tashqi izolyatsiyadan foydalangan bo‘lsa ham, hajm katta bo‘lsa isitish katta energiya sarfini talab qiladi. Bu esa ortiqcha xarajatlarga olib keladi.

Agar xona derazalari janubga qaragan bo‘lsa kichikroq, shimolga qaragan bo‘lsa kattaroq qilib loyihalash kerak. Sababi – janubdan ko‘proq yorug‘lik tushadi. Bu xonani isitishda katta ahamiyatga ega. Derazaning maydoni xona maydoniga to‘g‘ri tanlangan bo‘lishi kerak, chunki bu issiqlik va sovuqlikni ko‘proq nazorat qiladigan konstruktiv element hisoblanadi. Deraza tanlashda esa, qalin plastik profildan yasalgan, uch qavat oynali bo‘lsa maqsadga muvofiq”.

Energiyani tejash nuqtai nazaridan, to‘g‘ri tanlangan va o‘rnatilgan deraza romlar orqali isitish va sovitish xarajatlarini taxminan 10% dan 25% gacha kamaytirish mumkin. Ikki yoki uch qavatli deraza romlar bilan esa energiya tejash yanada samaraliroq bo‘ladi.

Xonadonni energotejamkor loyihalash – energiya iste’molini 50% gacha kamaytiradi

Energiya tejamkor uyni qurishdan ko‘ra, uning energiya samaradorligini oshirishda uni rejalashtirish va loyihalash arzonroq ekani isbotlangan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti YeIK mintaqasida energiya samaradorligi muammosini hal qilish tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ishlab chiqilgan texnologiyalardan foydalanish investitsiya xarajatlarini sezilarli darajada oshirmasdan binolarda energiya sarfini 30-50 foizga kamaytirishi mumkin. Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylar va xususiy uylarning energiya samaradorligini oshirish aholining yashash sharoitlarini yaxshilash va energiya iste’molini kamaytirish bilan birga keladi.

Yozda, uyning kuchli isishidan, endi issiqlikni emas, balki sovuqni himoya qilish kerak bo‘lgan vaziyatga duch kelinadi. O‘zbekistonning issiq iqlim sharoitida samarali issiqlik izolyatsiyasi tunni kunduzi imkon qadar uzoq vaqt salqin saqlashga, uyda konditsionerdan foydalanganda energiyani tejashga yordam beradi. Izolyatsion materiallar universal himoyaga ega - u yozda ham, qishda ham ishlaydi.

Tashqi izolyatsiya tufayli uyning o‘rab turgan tuzilmalari butun isitish davrida ijobiy haroratlar zonasida bo‘ladi. Izolyatsiya, shuningdek, tuzilmalarni nafaqat harorat o‘zgarishi ta’siridan, balki yozgi ish davrida quyosh nurlanishidan ham himoya qiladi.

Uyni izolyatsiyalash qimmatga tushadimi?

Yuqoridagi savol ko‘pchilik aholini qiziqtirishi tabiiy. Chunki har bir xonadon uchun uning iqlimi muhim omil sanaladi. Energiyani tejaydigan tizimlar orqali uyning umumiy xarajatlari kamayadi, bu esa oilaning iqtisodiy barqarorligini oshiradi. Bu xotin-qizlarga oilaviy budjetni boshqarishda ko‘proq mablag‘ni tejashga yordam beradi.

BMTTDning “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi asosida ajratilgan subsidiyalardan foydalangan holda buni bemalol amalga oshirish imkoni bor. Loyiha orqali siz quyosh panellari va akkumulyatorlari, quyosh suv isitkichlari, issiqlik nasoslari tizimi, tashqi devorlar issiqlik izolyatsiya qoplamalari, ikki va uch qavatli deraza romlar uchun subsidiya olishingiz mumkin. Respublika aholisining katta qismi xotin-qizlar ulushiga to‘g‘ri kelishini hisobga olgan holda ular uchun ajratiladigan subsidiyalarda imtiyozlar mavjud.

Loyiha haqida batafsil ma’lumotni Telegramʼdagi BMTTD subsidiyasi kanali orqali bilib olishingiz mumkin.

Murojaat uchun:

E-mail: sherzod.kattakhodjaev@undp.org

Tel: 90 186 01 34

Ko‘proq yangiliklar: