O‘zbekistondagi eng yirik neft qazib chiqaruvchi kompaniya – “Sanoat energetika guruhi” MChJ (Saneg) bilan bundan ikki yil oldin Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi bo‘yicha xususiylashtirish bitimi tuzilgan edi. Xususan, 2022 yilning 22 may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zavodning 100 foiz ulushi 100 mln dollarga Saneg'ga sotilganini e’lon qilgandi.
Kun.uz 2024 yil 29 may kuni e’lon qilgan materialda zavodning 58,5 foiz ulushi Davaktivga, 41,5 foiz ulushi esa Saneg’ga tegishli ekani, kompaniya esa hali ham belgilangan to‘lovni to‘liq to‘lamagani haqida yozgandi.
“Sanoat energetika guruhi”dan ma’lum qilishlaricha, bugungi kunga qadar zavodni modernizatsiya qilish ishlariga 250 mln dollardan ortiq investitsiya kiritilgan.
“To‘lovlarni amalga oshirish va investitsiya majburiyatlarini bajarish muddatlari Saneg va O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlari asosida belgilanadi.
Ayni paytda Saneg Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini xarid qilish summasining bir qismini to‘lash bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini bajarmoqda. Qolgan summa shartnomada ko‘zda tutilgan to‘lov jadvaliga muvofiq to‘lanadi”, – deyiladi kompaniya tomonidan Kun.uz'ga taqdim etilgan axborotda.
Izohda to‘lov jadvali haqida, xususan hisob-kitob qilish qachon yakunlanishiga aniqlik kiritilmagan.
Ma’lumot uchun, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 2022 yilda 19,3 mlrd so‘m, 2023 yilda 469,6 mlrd so‘m, 2024 yilning I choragida esa 68,4 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan.
Eslatib o‘tamiz, bitim doirasida Saneg'ga 100 mln dollarlik to‘lovdan tashqari quyidagi majburiyatlar ham yuklatilgan:
- zavodni modernizatsiya qilish orqali zamonaviy va ekologik toza benzin, Yevro-5 talablariga javob beradigan dizel yoqilg‘isi, Jyet a-1 reaktiv yoqilg‘isi va suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish;
- neft agregatlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini kamida 2 million tonnaga oshirish;
- yuqoridagi maqsadlar uchun 380 mln dollardan ortiq investitsiya kiritish.