Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 iyun kuni Toshkentning Yashnobod tumanidagi Dilbog‘ mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoiti bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, mahallada 5 ming 200 nafardan ortiq aholi yashaydi. 26 ta ko‘p qavatli uy, maktab va bog‘chalar, savdo shoxobchalari bor. Dilbog‘liklar asosan tadbirkorlik va hunarmandlik bilan shug‘ullanadi. 15 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, bitta ishlab chiqarish korxonasi, ta’lim muassasalarida aholi doimiy ish bilan band.
Davlat rahbari mahalladagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Toshkent shahar futbol akademiyasi shu mahallada joylashgan. Zamonaviy majmuada yopiq va ochiq sport maydonlari, nazariy mashg‘ulot xonalari, yotoqxona, oshxona va kutubxona mavjud. Hozir bu yerda 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 154 nafar bola saboq olmoqda. Mashg‘ulotlarga chet ellik mutaxassislar ham jalb qilingan. Stadionlar yoritish va tasvirga olish qurilmalari bilan jihozlangan.
Prezident akademiya tarbiyalanuvchilari va sport sohasi mas’ullari bilan suhbatlashdi.
– Futbol bo‘yicha qarorlarimiz, iqtidorli bolalarga e’tibor berganimiz tufayli o‘zbek futboli ham jahonga chiqa boshladi. Yevropa jamoalarida legionerlarimiz ko‘payyapti. Yoshlarimiz Olimpiadaga yo‘llanma oldi. Bu davomiy bo‘lishi uchun endi mahallalarda futbolni rivojlantirish kerak. Qo‘shimcha stadionlar qurib, uning ommaviyligini qo‘llab-quvvatlash zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu mahalladagi suv sporti saroyining ta’mirlanish jarayoni ham ko‘zdan kechirildi. Uni davlat-xususiy sheriklik asosida barqaror ishlatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.