Kitob o‘qib berilgan bolaning aqliy rivojlanishi kitob o‘qilmaydigan oiladagiga solishtirganda 2 baravar yuqori bo‘ladi - tadqiqot

Jamiyat 11:12 / 07.06.2024 2632

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti O‘zbekistonda xonadonlarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning mavjudligi ularning savodxonlik-hisoblash ko‘nikmasiga qanday ta’sir qilishini o‘rgandi.

Tadqiqot 3-5 yosh oralig‘idagi farzandlari bor oilalarda bolalar adabiyotining mavjudligi va savodxonlik-hisoblash qobiliyatining rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishga bag‘ishlangan. Bog‘liqlikni tekshirish kitoblar sonidan tashqari bir qancha omillarga asoslangan. Xususan: oila a’zolarining bolaga kitob o‘qib berishi, onaning ta’lim darajasi va oilaning moliyaviy holati.

Tadqiqot doirasida 3-5 yosh oralig‘idagi bolalarga quyidagi 3 ta savol berilgan:

- alifbodan kamida beshta harfni tanishi;

- birdan beshgacha raqamlarni bilishi;

- o‘z ismini yoza olishi.

Va aniq bo‘ldiki, O‘zbekistondagi oilalarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar sonining 1 birlikka oshishi ulardagi savodxonlik-hisoblash ko‘nikmasining normal rivojlanganlik darajasida bo‘lish ehtimolini taxminan 12,39 foizga oshiradi.

Oilasida kimdir kitob o‘qib bergan bolalarning me’yordagi aqliy rivojlanish darajasi kitob o‘qilmagan oiladagi bolanikiga nisbatan salkam 2 baravar yuqori bo‘ladi.

Har yili dunyoda 249 million nafarga yaqin bola muayyan resurslar yetarli bo‘lmagani oqibatida rivojlanishdan orqada qolmoqda. Kognitiv va ijtimoiy-emotsional qobiliyatni rivojlantirish maqsadida yoshlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar kelajakdagi iqtisodiy samaradorlikning poydevorini yaratadi. Bola 3-5 yosh oralig‘ida bo‘lgan paytda uning miyasida neyronlar shakllanadi. Shu bois davlat ijtimoiy dasturlarida aynan mazkur yoshdagi bolalarga alohida e’tibor qaratish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Uyda bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlarning mavjudligi tarbiyachi va bolalarning o‘zaro munosabatlarini rivojlantiradi hamda bolalarning umumiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi”, deyiladi tadqiqotda.

Tahlilga ko‘ra, O‘zbekistonda uyida kamida bitta adabiyot bo‘lgan bolalar ulushi 73,6 foizni, uyida 10 dan ortiq kitob bor bo‘lgan bolalar ulushi 13,9 foizni tashkil etadi. Biroq bolalarning 26,4 foizining uyida ular uchun mo‘ljallangan kitoblar yo‘q.

Tadqiqot mualliflari tavsiyasiga ko‘ra, bolalar savodxonligida uyda kitob o‘qish muhimligi inobatga olingan holda ona va bola salomatligi dasturlariga o‘qishni targ‘ib qilishni qo‘shish, ota-onalarga bolalarni erta yoshdan o‘qita boshlashning muhimligi haqida ma’lumot berish lozim. 

Ko‘proq yangiliklar: