“Dok-1 Maks”ni ishlab chiqargan kompaniya rahbarlari hamon ozodlikda qolmoqda

O‘zbekiston 23:34 / 07.06.2024 18618

2022 yilda Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” yo‘tal siropini ichish oqibatida O‘zbekistonda kamida 68 nafar bola halok bo‘ldi, 16 nafar bola esa nogiron bo‘lib qoldi.

Tekshiruvlar bu ishlab chiqaruvchining “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplari tarkibida propilenglikol o‘rniga yoki u bilan birga dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari borligini ko‘rsatdi.

Shundan keyin 2024 yil yanvarida Hindiston hukumati Marion Biotech zavodida ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatdi va kompaniya litsenziyasini bekor qildi. 2023 yilning 3 mart kuni Hindiston politsiyasi mazkur farmatsevtika kompaniyasining ishlab chiqarish bo‘yicha direktori va ikki nafar kimyogarini hibsga oladi. Qolgan ikki direktor “mamlakatdan tashqarida ekani va Hindistonga qaytishi bilanoq qamoqqa olinishi” ma’lum qilinadi.

Press Trust of India agentligi xabariga ko‘ra, ularga nisbatan Hindiston Jinoyat kodeksining 274- (Dori vositalarini qalbakilashtirish), 275- (Qalbaki dori vositalarini sotish) va 276- (Dori vositalarini boshqa dori yoki dorivor mahsulot sifatida sotish) moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha davom etayotgan apellyatsiya instansiyasi sudining 7 iyun kungi majlisida bu ish bo‘yicha yana ayrim tafsilotlar ayon bo‘ldi.

Avvalo aytish lozimki, Marion Biotech kompaniyasining bosh idorasi Hindistonning Uttar Pradesh shtatidagi Noida shahrida joylashgan. Kompaniya 1999 yilning 21 mayida ro‘yxatga olingan.

Hindiston Korporativ ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar o‘limi sodir bo‘lgan paytda Marion Biotech'ning asosiy ulushdorlari Sachin Jain va uning xotini Jaya Jain bo‘lgan. Ular ta’sischi bo‘lish bilan birga, 2011 yil 8 apreldan hozirgacha boshqaruvchi direktor sifatida ham faoliyat olib boradi.

Mazkur ikki shaxs Marion Biotech'dan tashqari yana 23ta boshqa kompaniyalarda ham ulushdor bo‘lgan.

Sachin Jain 1972 yil Hindistonda tug‘ilgan. 2023 yilning 4 may kuni O‘zbekiston DXX tomonidan qidiruvga berilgan. Bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasiga binoan, Sachinni sirtdan qamoqqa olish haqida xulosa qilingan. Shundan kelib chiqqan holda, u 2023 yilning 10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining yopiq sud majlisida bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan sifatsiz dori vositalarini olish, saqlash, tashish va o‘tkazish jinoyatlarini sodir etishda ayblanib, sirtdan sudlangan va unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash belgilangan.

Shundan so‘ng, Sachin Jain Interpol qiduruviga beriladi va ko‘p o‘tmay BAAda qo‘lga olinadi. 2023 yilning 2 avgust kuni O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlariga Interpoldan Sachin Jain Abu-Dabida qo‘lga olingani to‘g‘risidagi axborot, shu jumladan, ekstraditsiyaga oid materiallarni taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rov kelib tushadi. O‘zbekiston organlari shu kunning o‘zida Abu-Dabi Interpol milliy markaziy byurosiga so‘ralgan materiallarning arab tilidagi tarjimalari tayyor bo‘lgunga qadar foydalanib turish uchun ingliz tilidagi nusxalarini yuboradi. Arab tiliga o‘girilgan hujjatlar esa ekstraditsiya jarayonini tashkil etish uchun Abu-Dabi Interpol MMBga 10 avgust kuni yuborilgan.

Shundan keyin, oradan 3 oy o‘tib, 2023 yil 18 noyabrda O‘zbekiston huquq organlari Abu-Dabi Interpol milliy markaziy byurosiga Sachin Jainning BAAdagi holati yuzasidan so‘rov yuborgan. So‘rovga berilgan javobda esa “BAAning tegishli organlariga so‘ralgan ma’lumotlar taqdim etilmagani sababli” Sachin Jainga nisbatan qidiruv va qo‘yilgan cheklovlar bekor qilingani bildirilgan.

Natijada o‘ta og‘ir jinoyatchi hali ham ozodlikda qolmoqda. O‘zbekiston huquq organlari tomonidan sudga berilgan ma’lumotda qidiruv ishlari davom etayotgani aytiladi.

Hindistonda holat yuzasidan “Marion Biotech Private Limited” (ishlab chiqaruvchi) va “Maya Chemtech India Pvt.” (ishlab chiqaruvchiga dorining tarkibiy qismini yetkazib bergan ta’minotchi) rahbarlari va boshqalarga nisbatan Hindistonning “Dori vositalari va kosmetika to‘g‘risida”gi qonuni 17(a) va 17(b) moddalariga asosan inson xayotiga xavfli va jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan sifatsiz, soxta va qalbaki deb topilgan dori vositalarini ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Hindistondagi jinoyat ishi doirasida ayblov e’lon qilingan shaxslar:

  • “Marion Biotech Pvt. Ltd.”;
  • Sachin Jain, direktor va kompaniya ta’sischisi;
  • Jaya Jain, Sachin Jainning turmush o‘rtog‘i, direktor;
  • Tuxin Bxattacharya, operatsiya rahbari;
  • Atul Ravat, kimyogar-ishlab chiqaruvchi;
  • Mul Singx, kimyogar-tahlilchi;
  • “Maya Chemtech India Pvt.”;
  • Megx Sharma, direktor;
  • Nilam Verma, direktor.

E’tiborlisi, yuqoridagi shaxslarga nisbatan qo‘yilgan ayblov Hindiston qonunchiligiga muvofiq og‘ir bo‘lmagan, ya’ni sanksiyasida ming rupiy (152 ming so‘m) jarima va (yoki) 6 oygacha qamoq jazosini nazarda tutadi.

OAVda tarqalgan bu ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida 2023 yil mart oyida O‘zbekiston tergov organlari Tashqi ishlar vazirligi orqali Hindiston hukumatiga tegishli so‘rovnoma yuborgan. Ammo 2024 yil mart oyi holatiga, yuqoridagi so‘rovnomaga hech qanday javob qaytarilmagan.

Kun.uz ham mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga so‘rov yuborgan, ammo so‘rov javobsiz qolgandi.

Ko‘proq yangiliklar: