Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan yirik tadbirda Turkiya Prezidenti Administratsiyasi vakillari, ikki davlatning vazirlik va idoralar rahbarlari, yetakchi siyosatshunoslari va ekspertlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikning ko‘lamini kengaytirish masalalarini muhokama qilish va konseptual yechimlarni ishlab chiqish maqsadida yig‘ildilar.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik o‘sish dinamikasining yuksak natijalarini qayd etdilar. Xususan, so‘nggi besh yilda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,3 barobar, O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3 barobarga oshib, 1898 taga, Turkiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 10 barobar oshdi.
Investitsiyaviy hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda – o‘tgan yil davomida 260 ta yangi o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi tashkil etildi va bu Turkiyani O‘zbekistondagi qo‘shma korxonalar soni bo‘yicha boshqa hamkorlar orasida uchinchi o‘ringa olib chiqdi. Ikki davlat o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar soni 2,5 barobarga ko‘payib, haftasiga 90 taga yetdi.
O‘zbekiston tomoni Turkiya hukumati, sarmoyaviy va sanoat doiralari bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlashga sodiqligini bildirdi. Tadbir ishtirokchilari samarali mehnat qilishga chaqirildi, yangi taklif va loyihalarni hayotga tatbiq etishda har tomonlama yordam berishga tayyorlik ham bildirildi.