Sirdaryo viloyatining Sardoba tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun xalq deputatlari Sardoba tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda bugunga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Karimov Ziyadulla Danabayevich tuman hokimi etib tasdiqlangan.
Ziyadulla Karimov 1979 yilda Sayxunobod tumanida tug‘ilgan. 2001 yilda O‘zbekiston milliy universitetini, 2007 yilda Toshkent moliya institutini hamda 2010 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
2022 yil oktyabridan buyon Sardoba tumani hokimi bo‘lib ishlab kelayotgan Akmal Mirzayev oldinroq Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangandi.