Katanets: «Jahon chempionatiga chiqishimizga butun millat ishonishi lozim»

Sport 13:12 / 05.06.2024 9314

 

«Bizda hammasi joyida. Barcha futbolchilarimiz tayyor. Albatta, o‘yinchilar turli formada bo‘lishi tabiiy holat. Ayrimlar mayning o‘rtasida so‘nggi o‘yinini o‘tkazgan, ba’zilar o‘tgan haftada. Keyingi bosqichga chiqqan bo‘lsak-da, muxlislarni xursand qilish uchun chiroyli o‘yin ko‘rsatishimiz kerak. 

Rotatsiya? Jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Ko‘p o‘yinchilarni qo‘sha olmaymiz, chunki sentabrda asosiy bosqich boshlanadi. Ikkinchi bo‘limda yosh futbolchilarga imkon berishimiz mumkin. Jiddiy yondashishimiz kerak, xatolar va jarohatlar kerak emas. 6 oyda uchinchi bor yig‘ilyapmiz, o‘yinlarimiz soni kam. Shu sabab asosiy tarkibni hadeb o‘zgartira olmaymiz. 

Yana faoliyatimdan bilamanki, bizni tajribali futbolchilar jahon chempionatiga olib chiqadi. Hozir barcha jamoalar bizni hurmat qiladi. Umid qilamanki, sentabrda ham barcha sog‘lom bo‘ladi. 

Futbolchilar raqobatni his qilishi shart emas. Ular bir-biriga raqobatchi sifatida emas, yordam beruvchi sherikdek qarashlari kerak. So‘nggi paytlarda futbolda zaxiradan tushganlar ko‘proq foyda keltirmoqda. Bizda ham Abbos Fayzullayev ko‘p bor zaxiradan tushib, yordam berdi. 

Salomatligim? To‘liq gapirsa, bunga ancha vaqt ketib qoladi. Organizmni yetarlicha eshitmaganman, shu sabab hozir davolanishga majbur bo‘lyapman. Boshqa bunday bo‘lmasligiga umid qilaman. Futbolchilarga aytdim: «Agar uchinchi marta salomatligim sabab jamoada bo‘lmasam, demak, ortga qaytmayman». 

Ruhiy tayyorgarlik? Nafaqat men yoki futbolchilar, OAV ham, umuman butun millat jahon chempionatiga chiqishimizga ishonishi kerak. Hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak. «Albatta, mundialga chiqamiz» deb ishonishimiz kerak. Sloveniyani mundialga olib chiqqanimda, shunday bo‘lgan.

Olimpiya jamoasini doim kuzatamiz. Ularni yo‘llanma bilan tabriklayman va Parijda ham muvaffaqiyatlar tilayman. Allaqachon olimpiya jamoasining bir qancha futbolchilari bizda ham o‘ynashmoqda. Muhimi yoshlardan kamtarlikni talab qilaman. Yulduzlik kasaliga chalinib, oyoqlari yerdan uzilmasligi kerak. 

Tashqaridan turib ham Superliga o‘yinlarini kuzatdimmi? Albatta, buning imkoni bor. Viloyatlarga borib, o‘yinlarni ko‘rishimda hech qanday afzallik yo‘q. Afrikadan turib ham tomosha qilishim mumkin. Assistentlarimiz bilan o‘yinlarni bo‘lishib olganmiz», — deya sloveniyalik mutaxassisning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri. 

O‘zbekiston — Turkmaniston bahsi ertaga, 6 iyun kuni «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan 19:30da boshlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: