Abituriyentlar uchun qabul boshlandi – bu safar faqat OTMga emas, kollej, texnikumlarga ham

O‘zbekiston 13:46 / 05.06.2024 49612

“2024-2025 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi. Abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish my.uzbmb.uz saytining “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limi orqali amalga oshirilmoqda.

Ro‘yxatga olish 2024 yil 5 iyundan 25 iyunga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi”, deb xabar berdi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.

Ro‘yxatdan o‘tish qanday tartibda bo‘ladi?

Abituriyent ro‘yxatdan o‘tish oynasiga pasport seriyasi va raqami, shaxsiy identifikatsiya raqami, telefon raqami va parol kiritadi. U shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishga rozilik bergach, ma’lumotlari tasdiqlanadi.

Ma’lumotlari tasdiqlangach, qabul bo‘limiga kiradi. Abituriyentning yashash manzili avtomatik tasdiqlanadi, agar tasdiqlanmasa, abituriyent bu ma’lumotlarni o‘zi kiritadi. So‘ng o‘zi tugatgan maktabni tanlaydi. 2024 yilda maktabni tugatgan abituriyentlar bu ma’lumotni kiritishi shart emas, sababi ularning ma’lumotlari avtomatik kiritiladi. Abituriyent o‘zi ega bo‘lgan sertifikatlarni ham kiritishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, abituriyent biror turdagi imtiyozga ega bo‘lsa, bu ma’lumotlar tegishli vazirlik tomonidan avtomatik kiritiladi. Agar hujjat topshirishda tegishli imtiyoz ko‘rinmasa, unda imtiyozni beruvchi vazirlikka murojaat qilishi kerak.

Hujjat topshirishning birinchi bosqichida test topshirish hududi, til va alifbo, fanlar majmuasi tanlanadi.

Alohida iqtidor talab qiladigan yo‘nalishga hujjat topshiruvchi abituriyent imtihon topshiradigan OTMni ham tanlashi kerak.

Hamma ma’lumot kiritilgach, abituriyent uchun qayd varaqasi shakllanadi.

Eslatma: abituriyent ro‘yxatdan o‘tish tugagunga qadar (25 iyungacha) o‘zi kiritgan ma’lumotlarni tahrirlashi va to‘lovni amalga oshirishi mumkin.

Joriy yilda o‘rta ta’limni tugatgan abituriyentlar to‘lovdan ozod qilingan.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, mehribonlik uylari bolalari, bolalar shaharchasining bitiruvchilari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi yoshlar kirish imtihonlarida qatnashish uchun to‘lov qilmaydi.

2-bosqichda ro‘yxatdan o‘tish qachon?

Kirish imtihonlari to‘la yakunlangandan so‘ng abituriyentlar 15 kun ichida OTM, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini (avval grant, so‘ng kontrakt) tanlashi mumkin bo‘ladi. 

Ko‘proq yangiliklar: