Toshkent tumanida tez yordam shifokori kaltaklandi

Jamiyat 14:19 / 04.06.2024 18006

Toshkent viloyatining Toshkent tumanida tez tibbiy yordam shifokori bemor tomonidan kaltaklandi. Holat yuzasidan tuman hokimligi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 1 iyun kuni soat 16:35 da tez tibbiy yordam markaziga Toshkent tumani Chuvalachi hududi Dilkash ko‘chasi 15-uyda yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan J.O.dan bosh og‘rig‘i shikoyati bilan murojaat kelib tushgan. Chaqiruv soat 16:39 da eng yaqin “Yangiobod” shoxobcha guruhiga uzatilgan. Shifokor R.J. hamda feldsher N.O‘. manzilga yetib borgan.

Bemor shifokorga bosh og‘rig‘i, bezovtalik, umumiy holsizlik shikoyatlari borligini va buyrak kasalligi bo‘yicha davolanayotganini aytgan.

Shifokor feldsherga og‘riq qoldiruvchi dori vositasini tayyorlashni aytib, bemorga qo‘shimcha kasalliklari bo‘yicha savollar bergan. Shu paytda bemor “Sen kimsan, ishingni qil tezroq”, deya shifokorni haqoratlab, uning yuziga musht tushirgan. 

Shifokorning labi va pastki jag‘ sohasidan qon ketishni boshlagan va biroz vaqtga qadar unda karaxtlik xolati kuzatilgan. Holat bo‘yicha hudud profilaktika inspektoriga xabar berilgan.

R.J. boshqa guruh bilan TTA-3 yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limiga olib borilgan. U yerda jarohati tikilib, qon oqishi to‘xtatilgan. Shifokor ishini davom ettirish maqsadida ish joyiga qaytgan. Ammo ma’lum vaqt o‘tib unda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, umumiy holsizlik kuzatila boshlangan. So‘ngra u “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng tomon pastki lab sohasida tikilgan jarohati, o‘ng pastki jag‘da yumshoq to‘qimalar lat yeyishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Bu Toshkent tumanida shifokorning kaltaklanishi bo‘yicha ilk holat emas. Tumanda avval ham chaqiruvga borgan tibbiyot xodimi kaltaklanib, jarohat yetkazilgan va holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: