Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasiga eksport qilingan o‘rik mahsuloti qurtlaganligi sababli qaytarilgani haqida xabarlar e’lon qilindi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, holatga oydinlik kiritish maqsadida Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati (Rosselxoznadzor) mutasaddilari bilan muzokaralar olib borildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mahsulot Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi bog‘da yetishtirilgan. 924 kilogrammlik o‘rik 6+ kalibrda bo‘lib, may oyining oxirgi sanalarida yuklangan. Yuk tegishli tartibda Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa berilgan.
Orenburg viloyatida yuz bergan holat yuzasidan agentlikka notifikatsiya (e’tiroznoma) jo‘natilmagan.
Shu o‘rinda, Rossiya Federatsiyasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi ortganini ma’lum qilamiz. Joriy yilning yanvar-may oylari davomida qiymati $146 milliondan ortiq 223 ming tona qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksport qilingan. Shundan 10 ming tonnaga yaqini o‘rik mahsuloti.