Dumaga progressiv daromad solig‘i to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi

Jahon 10:39 / 04.06.2024 1885

Rossiya Federatsiyasi hukumati Davlat dumasiga soliq qonunchiligi sohasida, shu jumladan daromad solig‘ining progressiv shkalasini joriy etish bo‘yicha qonun loyihalari paketini taqdim etdi. Bu haqda 3 iyun, dushanba kuni dumaning budjet qo‘mitasi rahbari Andrey Makarov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Shaxsiy daromad solig‘ining maksimal stavkasi - 22 foiz

Daromad solig‘i shkalasining o‘zgarishi maksimal stavka 22 foizni tashkil etishini nazarda tutadi va yiliga 50 million rubldan ortiq daromadga ega bo‘lgan fuqarolarga nisbatan qo‘llanadi. Minimal 13 foiz shaxsiy daromad solig‘i stavkasi faqat yiliga 2,4 million rubldan kam daromadga ega bo‘lgan rossiyaliklar uchun amal qiladi.

Yiliga 2,4 milliondan 5 million rublgacha bo‘lgan daromadlar uchun shaxsiy daromad solig‘i 15 foizni, yiliga 5 milliondan 20 million rublgacha - 18 foizni, yiliga 20 milliondan 50 million rublgacha - 20 foizni tashkil qiladi.

Kompaniyalardan olinadigan daromad solig‘ini oshirish rejalashtirilgan 

Bundan tashqari, kompaniyalardan olinadigan daromad solig‘ini 20 foizdan 25 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Prognozlarga ko‘ra, soliqqa o‘zgartirishlar 2025 yilda g‘aznaga 2,6 trillion rubl qo‘shimcha daromad keltirishi kerak. Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy daromad solig‘i islohoti ishlayotgan fuqarolarning 3 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qamrab oladi. 

Dumaga taqdim etilgan boshqa hujjatlar orasida harbiy xizmatni o‘tayotgan shaxslarni pensiya bilan ta’minlash va 2024 yil uchun federal budjetga hamda 2025 va 2026 yillarni rejalashtirish davriga o‘zgartirishlar kiritish bilan bog‘liq qonun loyihasi kiradi. Qonun loyihalari quyi palata tomonidan 30 kun ichida ko‘rib chiqilishi kerak.

Rossiyada shaxsiy daromad solig‘ining tekis shkalasi 20 yildan ortiq vaqt davomida amalda bo‘lib, uning stavkasi 13 foizni tashkil etdi. 2020 yilda daromadi yiliga 5 million rubldan ortiq bo‘lgan fuqarolar uchun daromad solig‘i stavkasi 15 foizgacha oshirildi. Mart oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng Rossiyada soliqlarni oshirish rejalashtirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. 

Ko‘proq yangiliklar: