Lenin – XX asrdagi eng mashhur siyosiy arboblardan. Dunyodagi birinchi sotsialistik davlat asoschisini bu davlat qulamaguncha “proletariat dohiysi” deb kelishgan. Aslida esa Lenin nafaqat SSSR, balki butun dunyo tarixida ham eng shafqatsiz hukmdorlardan biridir. Uning davrida ko‘plab rus ziyolilari mamlakatdan chiqib ketgan, sud tizimi ommaviy otuvga hukm qilishga almashtirilgan.
SSSR paytida millionlab o‘zbek bolalari maktablarda “o‘qing a’lo, bo‘ling dono, degan bizga Lenin bobo” degan she’rlarni o‘qib savod chiqardi. Har yili sobiq ittifoqda Lenin tug‘ilgan kun ommaviy ravishda nishonlanardi. Uning nomiga minglab she’rlar bitilgan, uni ulug‘lovchi kinofilmlar ishlangan. Aslida esa “proletariat dohiysi” nafaqat SSSR, balki butun dunyo tarixida ham eng shafqatsiz hukmdorlardan biri hisoblanadi.
Vladimir Ulyanovning bolaligi
Leninning asl familiyasi – Ulyanov. Lenin – uning taxallusi. Siyosatchi 1870 yilda Rossiyaning Simbirsk shahrida tug‘ilgan. Otasi – maktab ta’limini nazorat qiluvchi inspektor, onasi esa o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Ulyanov maktabda a’lo baholarga o‘qigan hamda tengdoshlaridan kuchli xotirasi, tartib-intizomli va qiziquvchanligi bilan ajralib turgan.
Lenin o‘smirlik vaqtida uning akasi Aleksandr podsho hukumatiga qarshi bo‘lgan “Xalq irodasi” noqonuniy tashkilotiga aralashgani va imperator Aleksandr III'ga suiqasd uyushtirishni rejalashtirgan guruh bilan til biriktirgani uchun hibsga olinadi va osib o‘ldiriladi. Bu voqea 17 yoshli yigitning xotirasida chuqur iz qoldiradi va dunyoqarashini tamom o‘zgartirib yuboradi. Shu vaqtdan e’tiboran Ulyanovning inqilobiy faoliyati rivojlana boshladi.
1887 yilning kuzida Lenin Qozon universitetining yuridik fakultetiga o‘qishga kiradi, ammo uch oy ichida talabalarning noqonuniy yig‘ilishida qatnashganlikda ayblanib, o‘qishdan haydaladi. U hibsga olinib, Qozondan bobosining Kokushkino qishlog‘idagi uyiga surgun qilinadi. Bir yildan so‘ng Qozonga qaytishiga ruxsat berishadi, lekin universitet Ulyanovni qayta o‘qishga qabul qilmaydi. Bekorchi bo‘lib qolgach, inqilobiy siyosiy adabiyotlarni o‘rgana boshlaydi. Ayniqsa, Karl Marksning “Kapital” asari unga juda kuchli ta’sir o‘tkazadi. Keyinchalik oilasi bilan Samaraga ko‘chib keladi va bu yerda yana qayta yuridik fakultetga o‘qishga kiradi. Ma’lum muddat advokat bo‘lib ishlaydi.
Vladimir Lenin inqilobiy faoliyatining boshlanishi
1895 yilda Lenin Yevropa bo‘ylab sayohat qiladi va Georgiy Plexanov (“rus marksizmining otasi” sifatida tanilgan), Vilgelm Libknext (Germaniyada sotsial-demokratik partiya asoschilaridan biri) va Pol Lafarg (fransiyalik sotsialist siyosatchi) kabi mashhur odamlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Vataniga qaytgach, bir guruh hamfikrlari bilan “Ishchilar sinfini ozod qilish uchun kurash ittifoqi” degan birlashma tuzadi. Avtokratiyaga qarshi kurash g‘oyasini faol ravishda tarqata boshlaydi.
Bunday xatti-harakatlari uchun u yana hibsga olinadi. Bir yildan ortiqroq hibsda saqlangach, Yenisey guberniyasiga surgun qilinadi. Uch yillik surgun 1900 yilgacha davom etadi.
Surgundan qaytgach, Ulyanov Rossiya va G‘arbiy Yevropa bo‘ylab tarqalib ketgan rus marksistik guruhlarini yaxlit bir ijtimoiy jamiyatga birlashtirish uchun “Iskra” va “Zarya” nomli gazetalar chiqaradi va birinchi marta o‘z maqolalarida Lenin taxallusini qo‘llaydi.
Birinchi rus inqilobi
1898 yilda Rossiyadagi barcha sotsial-demokratik guruhlar “Rossiya sotsial-demokratik ishchi partiyasi” deb atalgan partiyaga birlashdi. 1903 yildan boshlab bu partiyaga rahbarlik Lenin qo‘liga o‘tdi. U bolsheviklar deb atalgan oqimga yetakchilik qilardi.
Bolsheviklar Rossiyada xususiy mulk mutlaqo bo‘lmaydigan, jamiyat a’zolari ezuvchi va eziluvchilarga bo‘linmaydigan, davlat hokimiyati asosan ishchilar sinfi qo‘lida bo‘ladigan, barcha mulk davlatniki hisoblanadigan jamiyatni qurmoqchi edilar. Bunday jamiyatni qurish uchun mavjud tuzumni ishchilarning qurolli qo‘zg‘oloni orqali ag‘darib tashlash g‘oyasi targ‘ib etiladi.
1905 yilning 9 yanvar kuni Rossiya tarixida birinchi inqilob boshlandi. Bu inqilob Rossiya mehnatkashlarining og‘ir turmushi Rus–Yapon urushi natijasida yanada yomonlashib ketishi oqibatida yuz beradi. Inqilob yillarida: 1905 yildan 1907 yilgacha Lenin Shveytsariyada yashaydi.
Inqilob omadsiz yakunlanib, tashkilotchilari qamalgach, partiyani to‘liq boshqara boshlaydi. 1907-1917 yillarda u Jyeneva, Parij, Bern, Tsyurix kabi turli shaharlarda yashaydi.
Fevral inqilobi
Birinchi jahon urushi arafasida Rossiya Yevropadagi eng yirik imperiyalardan biri edi va g‘alla eksporti bo‘yicha yetakchilik qilardi. Bundan tashqari, iqtisodiyot qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan bo‘lsa-da, mamlakat sanoat o‘sishi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egallagan. Urush natijasida vaziyat keskin o‘zgarib ketdi. Ijtimoiy holat nihoyatda yomonlashdi.
1917 yilning fevral oyida poytaxt Petrogradda (hozirgi Sankt-Peterburg) non va un yetishmas, ikki dona non olish uchun soatlab navbat kutishga to‘g‘ri kelardi. Bundan tashqari, urush oqibatida ko‘plab zavod va fabrikalar o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ishsiz, och qolgan shahar aholisi sovuq bilan ayovsiz kurash olib borardi. Bu esa odamlarda norozilik kayfiyatini vujudga keltirdi. 19 fevral kuni ishsiz, och qolgan odamlar imperator saroyi tomon yura boshladi. Bu vaqtda imperator Nikolay II o‘z armiyasini ko‘zdan kechirish uchun Petrograddan 700 kilometr uzoqlikdagi Mogilyov shahriga borgan edi.
Peterburgda ish tashlab hukumatga qarshi namoyishga chiqqanlar soni 300 minggacha yetadi. Namoyishchilarni politsiya to‘xtata olmaydi. Harbiylar esa xalq yo‘lini to‘sishni, odamlarni kuch bilan tarqatishni xohlamaydi. 1917 yil 28 fevral kuni hokimiyat muvaqqat hukumat qo‘liga o‘tadi va Rossiyada 300 yildan ziyod hukmronlik qilib kelgan Romanovlar sulolasi taxtdan ag‘dariladi.
Inqilob natijasida ikki hokimiyatchilik qaror topdi. Birinchisi, burjua partiyasi vakillaridan iborat Aleksandr Kerenskiy boshchiligidagi muvaqqat hukumat. Ikkinchisi, Petrograd shahar ishchilari, dehqonlar va askarlar qo‘lidagi hokimiyat.
Oktyabr inqilobi
Rossiyada alg‘ov-dalg‘ov boshlangan vaqtda Lenin Shveytsariyada yashardi. 1917 yilning 3 aprel kuni kechqurun u Petrograd shahriga yetib keladi.
Rossiyani yetti oy muvaqqat hukumat boshqardi. Bu davr mobaynida Lenin boshliq bolsheviklar mamlakat bo‘ylab juda faol ish olib boradi va joylarda aholiga, ishchi va dehqonlarga hukumat hanuzgacha burjuaziya qo‘lida qolayotgani, uni albatta proletar ishchi va dehqonlar egallashi kerakligini uqtira boshlashadi.
Muvaqqat burjua hukumati urushni davom ettirishga qaror qildi va 1917 yil iyul oyining boshida hujumga o‘tish haqida buyruq beradi. Ammo bu hujum og‘ir mag‘lubiyat bilan yakunlanadi.
Bundan foydalangan Lenin Petrograd shahri aholisini ommaviy miting uyushtirishga undab, urushni davom ettirishga qarshilik bildirdi. 1917 yil 4 iyulda norozilik namoyishlari boshlanib ketadi. Unda 500 mingdan ortiq kishi qatnashadi. Namoyishchilar muvaqqat hukumatning iste’foga chiqishini va hokimiyat sovetlar qo‘liga berilishini talab qiladi.
1917 yil 16 oktyabr kuni bolsheviklar va ularning ittifoqchilari o‘z rejasi bo‘yicha harakatni boshlaydi. 18 oktyabr kuni Petrograd garnizoni muvaqqat hukumatga bo‘ysunmasligini e’lon qildi va sovetlarni yagona qonuniy hokimiyat sifatida tan oladi. 24 oktyabr kuni harbiylar Petrogradning muhim nuqtalari hisoblangan temiryo‘l stansiyalari, ko‘priklar, banklar, telegraflar, bosmaxonalar va elektr stansiyalarini egallab oldi. Shunday qilib, 1917 yil 25 oktyabr kuni Rossiyada navbatdagi inqilob boshlanadi.
26 oktyabr kuni ishchi, askar va dehqonlarning murojaatnomasi e’lon qilindi. Unda muvaqqat hukumat ag‘darilgani, hokimiyat to‘laligicha sovetlar qo‘liga o‘tgani aytilgandi. Lenin boshchiligida Xalq Komissarlari Kengashi (XKK) tuziladi.
Boshqaruvni o‘z qo‘liga olgan Lenin maxfiy tarzda podshoh va uning oila a’zolarini yo‘q qilishga buyruq beradi. Shu tariqa, imperator Nikolay II, uning rafiqasi Aleksandra Feyodorovna va imperatorning qizlari Olga, Tatyana, Mariya hamda 13 yoshli merosxo‘r shahzoda Aleksey saroy yerto‘lasiga olib tushilib, vahshiylarcha otib tashlanadi.
Lenin nemis josusi bo‘lganmi?
Turli xil manbalarda Leninning nemislar bilan chuqur aloqalari haqida ma’lumotlar keltirilgan. 1917 yil boshlariga kelganda Germaniya ikki frontda jang olib borishga qiynalib qoladi. Imperator Vilgelm II boshchiligidagi hukumat bosimni kamaytirish uchun Rossiyani Birinchi jahon urushidan chiqarish rejasini tuza boshlaydi.
Rossiyada inqilob boshlangan paytda Ulyanov Shveytsariyada muhojirlikda yashar edi. 1917 yil aprel oyida u Germaniya orqali Rossiyaga qaytadi. Bu esa unga nisbatan shubhalarni ko‘paytiradi. Mamlakatni boshqarayotgan muvaqqat hukumat uni nemis josusi deya e’lon qiladi. Bu bayonot hozirgacha bahslidir. U nemislardan olingan pullar evaziga dunyodagi birinchi qizil inqilobni tashkillashtirishda gumonlanadi. Maxfiy kelishuvga ko‘ra, Lenin bolsheviklar partiyasining rahbari sifatida Rossiyaga kelib, hokimiyatni qo‘lga olishi va mamlakatni Birinchi jahon urushidan chiqib ketishini ta’minlashi kerak bo‘lgani aytiladi.
1918 yil 3 martda Brest shahrida Germaniya va Rossiya o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanadi. Shartnomaning shartlari Rossiya uchun juda og‘ir edi. Shartnomaga ko‘ra, Rossiya o‘z qo‘shinini to‘la demobilizatsiya qilishi, harbiy flotini portlarga qaytarishi lozim bo‘lgan. Shuningdek, Rossiya Boltiqbo‘yi, Polsha, Finlandiya va Ukrainadan voz kechar edi. Ukraina va Finlandiya mustaqil davlatlar deb tan olinadi. Kavkazdagi Kars, Ardagan va Batumi Turkiyaga beriladi.
Brest sulhi 1918 yil 13 noyabrda, Germaniyada inqilob bo‘lganidan keyin sho‘ro hukumati tomonidan bekor qilinadi.
Leninga uyushtirilgan suiqasd
1918 yilda Fanni Kaplan ismli anarxist ayol Leninga 3 marta o‘q uzib, uni yaralaydi. Shundan so‘ng “proletariat dohiysi”ning salomatligi yomonlashadi va faol siyosatdan asta-sekin chekina boshlaydi.
Ketma-ket ravishda bir necha marotaba insultni boshidan kechiradi va nutq hamda harakat imkoniyatlarini yo‘qota boshlaydi.
1923 yilda sog‘lig‘idan butunlay ajralib, nogironlar aravachasiga o‘tirib qoladi. 1924 yil 21 yanvar kuni Lenin miyasiga qon quyilishi tufayli o‘lim topadi. Ayrim manbalarda uning o‘limiga neyrosifilis sabab bo‘lgani, vafoti oldidan butunlay aqldan ozib, qilgan gunohlari uchun o‘z yaqinlaridan uzr so‘ragani, tortib olingan mol-mulklarni xalqqa qaytarib berishni aytgani keltiriladi.
Keyinchalik uning jasadiga balzam suriladi va Moskvadagi Qizil maydonda maqbara qurilib, unga joylashtiriladi. Haligacha Leninning murdasi dafn qilinmagan. Bu masala bir necha bora ko‘tarilgan bo‘lsa-da, uni amalga oshirish turli sabablar bilan bekor qilingan.
Qizil terror tashkilotchisi
Lenin mamlakatda olib borilgan qizil terror siyosatining tashabbuskori va asosiy tashkilotchilaridan biri edi. U ommaviy terrorni boshlab, o‘ziga bo‘ysunmaganlarni qatl etish, “ishonchsiz” odamlarni konslagerlarga jo‘natishga ko‘rsatma beradi. Davlat xodimlarini o‘ldirish rag‘batlantiriladi. Uning davrida talonchilik, bosqinchilik avj oladi.
Mamlakatda harbiy kommunizmni joriy qilinadi. O‘rtahol fuqarolarning ham uy-joyi va mol-mulklari musodara qilinadi. Yirik mol egalarining banklari, zavod va fabrikalari, tegirmonlari, kichik tadbirkorlarning ustaxonalarigacha olib qo‘yiladi. 1921-1922 yillarda Lenin tashabbusi bilan aholidan oziq-ovqatlarning olib qo‘yilishi natijasida besh milliondan oshiq odam ochlikdan o‘lib ketadi.
SSSR qulaganidan keyin Lenin olib borgan siyosat tahliliy va tanqidiy ravishda o‘rganiladi. Ayrim tarixchilar uni “rusofobiyaning asoschisi” deb ham ta’riflagan. Xususan, Igor Bunich o‘zining “Partiyaning oltinlari” kitobida Ulyanovning bir iborasini keltirib o‘tgan: “Rossiyaga tupurganman, chunki men bolshevikman”. U hukmronlik qilgan vaqtda ko‘plab rus ziyolilari mamlakatdan chiqib ketadi. Sud tizimi ommaviy otuvga hukm qilishga almashtiriladi. Buning oqibatida millionlab insonlar qurbon bo‘ldi.
Markaziy Osiyodagi turkiy xalqlarning bo‘lib yuborilishi
Leninning rahbarligi ostida Qizil armiya tuzilgan, SSSR deb atalgan yangi davlat tashkil topgan. Aynan shu davrda sovet rejimi tomonidan Turkiston xalqlarining azaliy birligi va yaxlitligini barbod qilish maqsadida ularni ajratib tashlash boshlanadi.
1920 yilning 13 iyunida Turkkomissiya qarori loyihasini shaxsan ko‘rib chiqqan Lenin Turkistonni bir necha qismlarga parchalab tashlashni, ularning xaritasini tuzish zarurligi bo‘yicha alohida ko‘rsatma beradi. Natijada yangi chegaralar sabab mintaqa davlatlari orasida keskinlik paydo bo‘ldi. Bir millat o‘ziniki deb da’vo qiluvchi hudud boshqasiga berildi va shu orqali ular bir-biriga dushman qilib qo‘yildi. Ushbu siyosat o‘z mevasini SSSR tarqalgandan keyin berishni boshladi. Siyosiy chegaralar xalqlar uzoqlashuviga olib keldi.
Chegaralarning tabiiy suv havzalarini e’tiborga olmagan holda bo‘linishi ortidan mustaqillikdan keyingi davrda suv resurslarini boshqarish va taqsimlashda muammolar paydo bo‘ldi. O‘zbek, tojik va qirg‘iz etnik guruhlari yashaydigan hududlarning ataylab boshqa bir davlat hududiga qo‘shib yuborilishi sun’iy konfliktlarga sabab bo‘ldi va asrlar davomida aka-uka bo‘lib yashagan xalqlari o‘rtasida kelishmochiliklarni keltirib chiqardi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, SSSR davrida Lenin qarashlari mutlaqlashtirilib, uning faoliyati va shaxsiy hayoti ilohiylashtirildi. Uning fikrlariga salgina shubha bilan qaraganlar yo‘q qilindi. Biroq Rossiyadan xorijga chiqib ketgan ziyolilarning ko‘pchiligi o‘sha paytdayoq uning “kommunizm qurish” rejasi xomxayol ekanini aytishgan. XX asrning 80 yillari oxiri – 90 yillari boshiga kelib Sharqiy Yevropada sotsializmning tanazzulga uchrashi va SSSRning parchalanishi oqibatida Lenin nazariyasi asossiz ekani uzil-kesil isbotlandi. Mustaqillikdan keyin, sobiq sovet mamlakatlarida uning nomi berilgan ko‘chalar va xiyobonlar qayta nomlandi, haykallari esa olib tashlandi. Lenin shaxsiga sig‘inish tugatildi.