NATO rahbari AQShning Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berganini olqishladi

Jahon 14:04 / 31.05.2024 5815

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg AQShning Rossiyadagi nishonlarga qarshi Amerika qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish haqidagi qarorini olqishladi. «Ukraina o‘zini himoya qilish huquqiga ega va bu Rossiya hududidagi qonuniy harbiy nishonlarga hujum qilish huquqini ham o‘z ichiga oladi», dedi u 31 may, juma kuni Pragada NATO tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi chog‘ida

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, bu, ayniqsa, Rossiya yangi front ochib, Xarkiv viloyatiga shimoldan hujum qilayotgani bilan bog‘liq. «Albatta, Ukraina zarba berib, o‘zini himoya qila olishi kerak», - deydi u. 

Shu bilan birga, NATO bosh kotibi bu qarordan kelib chiqib, keskinlashuv xavfini ko‘rmayapti. «Rossiyaning o‘zi boshqa davlatga hujum qilib, vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda», — dedi Stoltenberg va bu Xarkiv viloyatiga hujumlarga taalluqli ekanini qo‘shimcha qildi. U Germaniya va boshqa davlatlarni Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga o‘zi yetkazib bergan qurollar bilan zarba yo‘llashga ruxsat berishga chaqirdi. 

Oq uy Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berdi 

Bir kun oldin Amerikaning Politico nashri va CNN telekanali AQSh prezidenti ma’muriyati Jo Baydenning ko‘rsatmalariga amal qilib, Ukrainaga Rossiya Federatsiyasi hududida Amerika qurollaridan foydalangan holda zarbalar yo‘llashga norasmiy tarzda ruxsat bergani, ammo bu faqat rus qo‘shinlari tomonidan hujumga uchragan Xarkivni himoya etish uchun qilinishini kerakligi to‘g‘risida xabar berdi. 

Politico suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Bayden yaqinda o‘z jamoasiga Ukrainaning Amerika qurollaridan foydalanishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishni va Ukraina Qurolli kuchlariga «Ukrainaga zarba bergan yoki zarba berishga tayyorlanayotgan Rossiya qo‘shinlariga javoban hujum qilishiga ruxsat berishni buyurgan. Shu bilan birga, nashr manbasi ta’kidlaganidek, Ukraina Rossiya Federatsiyasidagi fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilish uchun Amerika qurollaridan foydalana olmaydi yoki Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba bera olmaydi. 

Avvalroq Yyens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi mamlakatlarini Rossiya hududiga hujumlar uchun Ukrainaga yetkazib beriladigan qurollardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga bir necha bor chaqirgan edi. Uni Chexiya va Finlandiya qo‘llab-quvvatladi, Germaniya bu g‘oyaga qarshi chiqdi. 

Ko‘proq yangiliklar: