Qo‘shma Shtatlar va Chexiya dezinformatsiyaga, shu jumladan Rossiya tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytiradi. Tegishli memorandum 30 may, payshanba kuni Pragada AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va uning chexiyalik hamkasbi Yan Lipavskiy tomonidan imzolandi.
Ushbu qaror munosabati bilan Lipavskiy yaqinda Chexiya milliy sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan rossiyaparast tashviqot internet-platformasi Voice of Europe fosh etilganini esladi. Blinkenning qayd etishicha, Chexiya bilan imzolangan memorandum dezinformatsiyaga qarshi samarali kurash olib boradi. «Bu bizning dushmanlarimiz demokratiyamizga sepayotgan zahardir», dedi u.
«Kremldan kelayotgan tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish»
Yan Lipavskiy, shuningdek, Kreml butun dunyoda demokratiyani nishonga olayotgani, kiberurush, tashviqot va ta’sir operatsiyalariga o‘tayotganini ta’kidladi. Bu tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish kerak, dedi Chexiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari. Yevropa Ittifoqi allaqachon Voice of Europe’ga qarshi sanksiyalarga qo‘shilgan.
Entoni Blinken NATO tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etish uchun 31 maygacha Pragada qoladi. Amerika davlat kotibining ta’kidlashicha, Chexiya NATOga qo‘shilganidan 20 yil o‘tib, ittifoqqa muhim hissa qo‘shib, uni «hayot va mazmun» bilan to‘ldirmoqda.