Ukraina Chexiyaning yangi tashabbusi doirasida o‘ziga yetkazib berilgan artilleriya snaryadlaridan cheklovlarsiz, jumladan, Rossiyadagi harbiy nishonlarga qarshi foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda 30 may, payshanba kuni Pragada bo‘lib o‘tgan NATO tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi chog‘ida Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy aytib o‘tdi. «Chexiyada Ukraina o‘z davlatchiligini yo‘q qilishga urinayotgan tajovuzkordan, jumladan, Rossiya hududida amalga oshirishga majbur bo‘layotgan hujumlar bilan o‘zini himoya qilishiga aloqador muammo yo‘q», - deya Lipavskiy so‘zlaridan iqtibos keltiradi dpa agentligi. Chexiya vaziri ta’kidlashicha, Kiyevga o‘q-dorilar yetkazib berishning asosiy qismi uning mamlakati orqali o‘tadi.
Praga tashabbusi bilan Kiyevga snaryadlarni yetkazib berish iyunda boshlanadi
Avvalroq Chexiya bosh vaziri Petr Fiala Ukraina yaqin kunlarda Chexiya tashabbusi bilan Kiyevning g‘arbiy ittifoqchilari uchinchi mamlakatlarda sotib olmoqchi bo‘lgan 800 ming o‘q-doridan 155 millimetrlik artilleriya snaryadlari birinchi partiyalarini yetkazib berishga umid qilishi mumkinligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iyun oyining boshiga rejalashtirilgan yetkazib berish hajmi bir necha o‘n minglab o‘q-dorilarni tashkil qiladi. NATO va Yevropa Ittifoqining 15 davlati, jumladan Germaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Chexiya tashabbusi uchun ajratilgan mablag‘ning umumiy miqdori 1,6 milliard yevroni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, Fiala NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning Ukrainaga G‘arb davlatlari tomonidan yetkazib beriladigan qurollardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish haqidagi chaqirig‘ini olqishladi. «Ukraina hujumga uchragan davlat sifatida o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishga haqli», - dedi u.
Kiyevga Rossiyadagi harbiy nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berish haqidagi chaqiriqlar ko‘paymoqda
Stoltenberg 24 may kuni The Economist jurnaliga bergan intervyusida NATO davlatlarini Kiyevga yetkazib berilgan G‘arb qurollari bilan Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga hujum qilishiga ruxsat berishga chaqirdi. Bunga, xususan, to‘g‘ridan to‘g‘ri chegarada janglar olib boriladigan Xarkiv viloyatidagi vaziyat sabab bo‘ldi, dedi bosh kotib.
O‘z navbatida, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 28 may kuni Germaniyaga tashrifi chog‘ida Kiyevga G‘arb davlatlari qurollari yordamida Ukrainaga hujumlar amalga oshirilayotgan Rossiya hududidagi harbiy bazalarni «zararsizlantirish» imkoniyatini berish kerakligini aytdi.
WP: AQSh Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga qarshi zenit-raketa tizimlaridan foydalanishga ruxsat berdi
Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga berilgan havo hujumidan mudofaa tizimlari, jumladan Patriot zenit-raketa komplekslaridan, agar ular Ukrainaga xavf tug‘dirsa, Rossiya hududi ustidagi raketa va qiruvchi samolyotlarni yo‘q qilishda foydalanishga ruxsat berdi, deb yozadi The Washington Post (WP) 29 may kuni AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatidagi manbaga tayanib.
Shu bilan birga, Vashington, nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Kiyevning yadroviy raketa uchirilishidan ogohlantirish tizimi bir qismi bo‘lgan Rossiya radiolokatsion stansiyalariga (radarlariga) qilgan hujumlaridan xavotirda. Gap 23 va 26 may kunlari Krasnodar o‘lkasidagi Armavir va Orenburg viloyatining Orsk shahri yaqinidagi radar stansiyalariga uchuvchisiz uchoqlar hujumi haqida ketmoqda. Bu zarbalar uchun javobgarlik Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») zimmasida, deb yozadi WP.
Oq uy Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya radiolokatsion stansiyalariga hujumlari beqarorlashtiruvchi ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda, chunki bu obektlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etmaydi va ularga hujum «Vashington va Moskva o‘rtasidagi strategik barqarorlikka putur yetkazishi» mumkin.